Ayo Sofiyada Injil o‘qigan rossiyaliklar qo‘lga olindi

Ayo Sofiyada Injil o‘qigan rossiyaliklar qo‘lga olindi

Turkiyaning Istanbul shahridagi mashhur Ayo Sofiya masjidida Injil o‘qigan ikki nafar Rossiya fuqarosi huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olindi. Hozirda ular deportatsiya qilinishi mumkin bo‘lgan xorijliklar saqlanadigan maxsus markazga joylashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, Moskvadan ta’tilga kelgan 35 yoshli Viktoriya va 32 yoshli Igor 14 iyul kuni Ayo Sofiya masjidiga tashrif buyurgan. Shu yerda Igor o‘zi bilan olib kelgan Injil kitobini ochib o‘qiy boshlagan.

Er-xotinning aytishicha, shundan so‘ng atrofdagilar ularni to‘xtatib, masjid hududidan tashqariga olib chiqqan. Keyin esa ular Fotih tumani politsiya bo‘limiga yetkazilgan.

Istanbul politsiyasi ushbu holat yuzasidan er-xotin ushlanganini tasdiqladi. Ularga rasmiy bayonnomada «aholi o‘rtasida adovat yoki dushmanlik qo‘zg‘atish» gumoni bildirilgani qayd etilgan.

Rossiyalik turistlarga mehmonxonaga qaytishga ruxsat berilmagan. Keyinchalik ular Istanbulning Arnavutko‘y tumanida joylashgan, deportatsiya qilinishi kutilayotgan xorijliklar saqlanadigan maxsus markazga yuborilgan.

Igor o‘z bayonotida o‘zi va rafiqasi alohida saqlanayotganini, uzoq vaqtdan beri ovqatlanmaganini hamda o‘zlarini yomon his qilayotganini ma’lum qildi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, mamlakatning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi mazkur vaziyatni nazoratga olgan. Diplomatlar ushlangan fuqarolarning advokati bilan aloqa o‘rnatgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar