Kylian Mbappe Didye Deshamni tanqid qildi: Fransiya JCh yarim finalida magʻlub boʻldi

Fransiya terma jamoasi sardori Kylian Mbappe Jaxon chempionati yarim finalida Ispaniyadan qabul qilingan magʻlubiyatdan soʻng (0:2) bosh murabbiy Didye Deshamning taktik uslubini ochiqchasiga tanqid qildi. Texasning Arlington shahrida boʻlib oʻtgan bahsda "uch ranglilar" oʻz oʻyinini topa olmadi va ketma-ket uchinchi bor finalga chiqish imkoniyatidan mahrum boʻldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Real Madrid yulduzi oʻyindan soʻng bergan intervyusida jamoaning maydon markazidagi muammolariga alohida toʻxtalib oʻtdi. Mbappening soʻzlariga koʻra, Fransiya terma jamoasining pressing tizimi ish bermagani oqibatida Ispaniya yarim himoyachilari oʻyin tizginini toʻliq oʻz qoʻliga olgan. Bu esa fransuzlarning magʻlubiyatiga asosiy sabablardan biri sifatida koʻrsatildi.
Taktik xatolar va maydon markazidagi boʻshliq
Mbappe oʻyin davomida Fabian Ruiz va Rodri kabi futbolchilarga juda katta erkinlik berib qoʻyilganini taʼkidladi. Goal.com nashri xabariga koʻra, hujumchi jamoaviy aloqa yoʻqligidan shikoyat qilgan. "Biz maydon markazida uchga ikki holatida qolib ketdik, Ispaniyaga qarshi bunday oʻynash juda qiyin. Fabian va Rodrida toʻp bilan ishlash uchun yetarli vaqt boʻldi. Pressingda muloqot yetishmadi", — deydi Kylian Mbappe.Sardorning fikricha, jamoa koʻproq individual pressingga tayanishi va raqibni tinimsiz harakat qilishga majbur etishi lozim edi. Biroq, Desham tanlagan taktika Ispaniyaga oʻz uslubida, yaʼni toʻp nazoratiga asoslangan holda harakat qilish imkonini berdi. Bu esa fransuzlarning qarshi hujumga oʻtishiga yoʻl qoʻymadi.
Texnik xatolar va oʻyin darajasi
Fransiya terma jamoasi oʻyinning dastlabki 80 daqiqasi davomida raqib darvozasiga birorta ham aniq zarba bera olmagani mutaxassislarni hayron qoldirdi. 22-daqiqada Lukas Din Lamine Yamalga nisbatan qoʻpollik ishlatib, penaltiga sababchi boʻldi. Mikel Oyarzabal imkoniyatdan unumli foydalanib hisobni ochgan boʻlsa, ikkinchi boʻlimda Pedro Porro oʻyinga yakuniy nuqtani qoʻydi.Mbappe nafaqat taktik, balki texnik jihatdan ham jamoa oʻz darajasidan past oʻynaganini tan oldi. Uning soʻzlariga koʻra, toʻpni egallab olgan vaziyatlarda ham birinchi teginishlar sifatsiz boʻlgani hujumlarni samarali yakunlashga xalaqit bergan. "Jaxon chempionati yarim finalida bajarishing kerak boʻlgan ishni qilmasang, gʻalaba qozona olmaysan", — deya qoʻshimcha qildi u.
Jamoaning yana bir aʼzosi, Manchester Siti yarim himoyachisi Rayan Cherki ham sardorning fikrlariga qoʻshildi. Cherki Ispaniya terma jamoasining gʻalabaga boʻlgan ishtiyoqi kuchliroq boʻlganini va Fransiya har bir jabhada raqibga imkoniyatni boy berganini taʼkidladi. Uning fikricha, tarkibdagi isteʼdodlarga qaramay, jamoa maydonda oʻzining haqiqiy kuchini koʻrsata olmagan.
Ushbu magʻlubiyatdan soʻng Fransiya terma jamoasida Didye Deshamning kelajagi va jamoaning oʻyin uslubi borasidagi bahslar yana avj olishi kutilmoqda. Ispaniya esa finalga yoʻl olib, oʻzining tarixiy gʻalabalaridan birini nishonlamoqda.






























Izohlar 0
…