Robert Levandovskiy Saudiya Arabistonidan kelgan 200 million yevrolik taklifni rad etdi

Taniqli hujumchi Robert Levandovskiy oʻz faoliyati davomida Saudiya Arabistonidan kelgan fantastik moliyaviy taklifni rad etib, Barselona safida qolishni afzal koʻrgani maʼlum boʻldi. Bu haqda futbolchining agenti Pini Zaxavi taʼkidlab oʻtdi. SportoweFakty nashriga bergan intervyusida Zaxavi polshalik tajribali hujumchiga Yaqin Sharq klubidan yiliga 100 million yevro maosh beriladigan ikki yillik shartnoma taklif etilganini ochib berdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Goal.com xabar berishicha, Levandovskiy mazkur ulkan boylikdan voz kechib, oxir-oqibat AQShning Chikago Fayer klubiga oʻtishni tanlagan. Biroq Kataloniya klubidagi oxirgi yillarida futbolchi planetaning eng koʻp maosh oluvchi sportchilaridan biriga aylanishi mumkin boʻlgan imkoniyatni shunchaki chetga surib yuborgan. Agenti uning nima sababdan bu taklifni rad etganini oddiygina qilib tushuntirdi: futbolchi aynan Barselona safida toʻp surishni xohlagandi.
Saudiya Arabistoni nima uchun eʼtiborni tortgandi?
Qizigʻi shundaki, agentning eʼtirof etishicha, agar Robert Barselona klubini tark etishga majbur boʻlganida, Saudiya Arabistoni uning uchun ustuvor yoʻnalish boʻlishi mumkin edi. Buning asosiy sababi logistika va qulayliklar bilan bogʻliq boʻlgan. Riyadh va Varshava oʻrtasidagi kichik vaqt farqi hamda Qoʻshma Shtatlarga nisbatan Polshaga yaqinroq masofada joylashgani hujumchini jalb qilgan.Shunga qaramay, hujumchi mavsum oʻrtasida oʻz jamoasini tashlab ketish niyatida emas edi. Pini Zaxavi esa oʻsha paytda futbolchini ogohlantirib, yozgi mavsumga kelib bu taklif oʻz kuchini yoʻqotishi mumkinligini aytgan. Saudiya klublarining xarajat qilish siyosati oʻzgarib borayotgani hamda bozordagi vaziyat murakkablashgani bois agent oʻz mijoziga vaziyatni ochiq-oydin tushuntirgan edi.
Klubdagi oʻyin amaliyoti va yakuniy qaror
Futbolchining jamoada qolish istagiga qaramroq, Barselona rahbariyati va murabbiylar shtabi unga asosiy tarkibda doimiy oʻyin amaliyotini kafolatlay olmadi. Zaxavining soʻzlariga koʻra, klub prezidenti Joan Laporta Robertning jamoada qolishini xohlagan, biroq u murabbiylarning ishiga aralashmaydi.Xansi Flik va sport direktori Deku jamoaning asosiy tarkibini belgilashda ustuvorlikka ega boʻlib, polshalik hujumchiga talab qilgan daqiqalarini vaʼda qila olishmagan. Puldan koʻra doimiy ravishda maydonda boʻlish va jamoaning asosiy figurasiga aylanish muhimroq boʻlgan Robert Levandovskiy va uning vakillari shu sababdan yakunda boshqa variantlarni koʻrib chiqishni boshlashgan.






























Izohlar 0
…