Bibisora Asaubayeva rapid turnirida g‘olib bo‘ldi

Qozog‘istonlik grossmeyster Bibisora Asaubayeva Fransiyaning Sen-Trope shahrida o‘tkazilayotgan WR Women's Chess Tour 2026 turnirining Yevropa bosqichida rapid yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi. Bu haqda "Tengrisport.kz" xabar berdi.
25 avgust kuni bo‘lib o‘tgan rapid bahslarining finalida Asaubayeva ukrainalik grossmeyster Mariya Muzichukka qarshi dona surib, raqibasini 2:0 hisobida mag‘lub etdi.
Asaubayeva musobaqa davomida chorak finalda germaniyalik Elizabet Petsni, yarim finalda esa gruziyalik Nino Batsiashvilini mag‘lub etgan.
Shu tariqa, 22 yoshli shaxmatchi Yevropa bosqichining rapid bahslarida birinchi o‘rinni egalladi. Biroq musobaqa hali yakunlanmagan. 26 avgust kuni ishtirokchilar blis yo‘nalishida ham kuch sinashadi.
WR Women's Chess Tour 2026 Yevropa bosqichining umumiy sovrin jamg‘armasi 40 ming dollarni tashkil etadi. Har bir yo‘nalish uchun 20 ming dollardan ajratilgan bo‘lib, g‘olib 7 ming dollar mukofot oladi.
WR Women's Chess Tour — 2026 yilda to‘rt qit’ada o‘tkazilayotgan xalqaro ayollar shaxmat turnirlari seriyasi. Har bir bosqichda rapid va blis bahslari K.O. tizimida tashkil etiladi.






























Izohlar 0
…