Kerrikni “iste’foga boshlagan”lar: «Chelsi»ga qarshi o‘yinda kimlar eng past baho oldi?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- «Manchester Yunayted» jamoasi «Chelsi»ga qarshi o‘yinda 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchrab, qatorasiga uchinchi bor omadsizlikni qayd etdi.
- Maykl Kerrik shogirdlaridan Lisandro Martines va Brunu Fernandesh 2,0 ball, Brayan Mbemo hamda Karlos Baleba esa 3,0 ball bilan eng past baholarni oldi.
- Martines qizil kartochka va penaltiga sababchi bo‘lgan bo‘lsa, Fernandesh 30 marta to‘pni yo‘qotib, penaltini golga aylantira olmadi.
Hozirgi «Manchester Yunayted» tarkibi bilan klubning yaqin kelajagini tasavvur qilish tobora murakkablashib bormoqda. Futbolchilarda maydonda fidoyilik bilan kurashish ishtiyoqi deyarli sezilmayapti, aksariyat yulduzlar o‘z salohiyatidan ancha quyi saviyada harakat qilmoqda. Natijada jamoa qatorasiga uchinchi bor mag‘lubiyatga uchradi — so‘nggi uch uchrashuvdagi to‘plar nisbati esa dahshatli 1:9 ko‘rinishiga yetdi.
«Chelsi»ga qarshi 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng «Yevro-futbol» tahlilchilari Maykl Kerrik jamoasidagi futbolchilarga o‘n ballik tizim asosida baho chiqardi (har bir o‘yinchi bahsni 6 ball bilan boshlagan). Quyida maydonda o‘z soyasiga aylanib, jamoani mag‘lubiyatga sudragan 4 nafar asosiy antiqahramon ko‘rsatkichlari tahlil qilinadi.
1. Lisandro Martines — 2,0 ball (Qizil kartochka va penalti)
Argentinalik markaziy himoyachining bu bahsdagi harakatlariga professional futbolda hech qanday oqlov topib bo‘lmaydi:
Birinchi zarba va asabiylik: Ilk gol o‘tkazib yuborilgan vaziyatda Morgan Rodjersga yeta olmagach, jahl ustida raqibni qo‘pollik bilan yiqitib, sariq kartochka bilan jazolandi;
O‘yin taqdirini hal qilgan chetlatish: Oradan ko‘p o‘tmay, o‘z jarima maydonchasi ichida Fofananing yuziga tirsak bilan ochiqdan-ochiq zarba berdi. Natijada to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka olib maydonni tark etdi va o‘z darvozasi tomon penalti belgilanishiga sababchi bo‘ldi.
2. Brunu Fernandesh — 2,0 ball (30 marta to‘pni yo‘qotish va ko‘kka sovurilgan imkoniyat)
O‘yin oldidan matbuotda jamoani murabbiy Maykl Kerrik uchun oxirigacha kurashishga chorlagan portugaliyalik sardor, amalda murabbiyni iste’fo yoqasiga tashlab qo‘ydi:
Muntazam xatolar: Butun uchrashuv davomida to‘pni jami 30 marta yo‘qotib, xatolar bo‘yicha antirekord o‘rnatdi;
Xavfli zonadagi uzatmalar: Maydon markazida uch marta to‘pni qo‘ldan chiqarib, raqibning xavfli qarshi hujumlariga yo‘l ochdi (bu xatolarning biridan so‘ng Estevao gol urdi, biroq ofsayd Fernandeshni qutqarib qoldi);
Penaltidagi uquvsizlik: 11 metrlik nuqtadan juda qulay imkoniyatga ega bo‘lishiga qaramay, to‘pni darvoza to‘sini ustidan uchirib yubordi.
3. Brayan Mbemo — 3,0 ball (Gol olib kelgan xatolik)
«Manchester Yunayted» dastlabki bo‘limni ishonchli o‘tkazgan bo‘lsa-da, ikkinchi bo‘lim boshida aynan Mbemoning pala-partish harakati jamoaning barcha rejalarini chilparchin qildi:
Raqib goliga olib kelgan xato: Markazda to‘pni haddan tashqari uzoq ushlab turgani sabab Romeo Lavia uni olib qo‘ydi va «Chelsi»ning hisobni ochgan qarshi hujumiga sabab bo‘ldi;
To‘singa tekkan zarba: Keyinchalik juda qulay vaziyatda zarba berib, o‘z xatosini tuzatish imkoniga ega bo‘lgan edi, biroq to‘pni darvoza to‘siniga tegizib, imkoniyatni ko‘kka sovurdi.
4. Karlos Baleba — 3,0 ball (Tayanch zonasidagi to‘liq mag‘lubiyat)
Birinchi golda Mbemo bilan bir qatorda himoyalanishda sustkashlik qilgan Baleba maydon markazini to‘liq topshirib qo‘ydi:
Pressingga bardoshsizlik: Markaziy yarimhimoyada Moyses Kaysedo va Romeo Lavia juftligiga butunlay yutqazdi — 6 marta yakkakurashga kirishib, 5 bor to‘pdan siqib chiqarildi;
Paslardagi past aniqlik: Uzatmalarning har uchinchisi raqibga tegishli bo‘ldi (30 uzatmadan 10 tasida xato qildi) va ikki marta qo‘pol ravishda qoida buzdi.
Maydon markazi va himoya chizig‘idagi bunday tarqoqlik «Manchester Yunayted»ni chuqur inqirozga boshlab keldi. Rahbariyat Kerrikning taqdiri bo‘yicha tez orada yakuniy qarorga kelishi kutilmoqda.































Izohlar 0
…