3 222
«Paxtakor»ning kuchayishi Milliy terma va Oliy liga uchun qay darajada ta’sir o‘tkazadi?
Bu yilgi Ramazon hayiti «Paxtakor»ga rosa yarashdi. Jamoa sarmoya bobida qaddini tikladi. Yo‘q, bunday deyish oz. «Sherlar» Bobur Shodiev prezidentligi davrida gigantlik sari qadam tashlash uchun chog‘lanishmoqda.
Ikki mavsum avval «Lokomotiv»da to‘p surishni orzu qilgan futbolchilar endi «Paxtakor»ga ko‘z tikishsa, ajabmas. Klubning yangi rahbariyati olib borayotgan ishlar oliy liga havosini birdan o‘zgartirib yubordi. Islohotlar samarasi o‘laroq, futbolchilar oldiga qo‘yiladigan talablar ham keskin kuchayadi, albatta.
Nainki «Paxtakor», balki boshqa klublar tarkibida to‘p suruvchi, o‘z ustilarida ishlash va mahoratlari o‘sishini istovchi barcha futbolchilarning ham bu kabi o‘zgarishlardan quvonishlariga ishonchimiz komil. Xususan, izlanuvchan futbolchilar kelgusi mavsum «Paxtakor» tarkibidan joy olish uchun ikkinchi davrada nimalarga qodir ekanliklarini isbotlashga zo‘r berishlari tayin.
Yangilanishlar shu zayl davom etsa, mahorati tobora sayqallanib borayotgan Sherzod Karimov yana katta sahnaga qaytadi, ya’ni milliy jamoamiz asosiy tarkib futbolchilariga jiddiy raqobat tug‘diradi. Vaziyat shunday tus oladiki, bosh jamoamiz tarkibi tabiiy tarzda yangilanadi. Hammasiga avgust oyida guvoh bo‘lamiz, nasib etsa...
Oliy liganing avgust oyidagi uchrashuvlarida sachrab turgan iste’dod va mahorat uchqunlari alangalanadi, futbolchilar o‘rtasida asosiy tarkibdan joy olish va o‘z kuchini namoyish etish uchun chinakam raqobat boshlanadi. Chunki «Paxtakor» mutasaddilari ayrim futbolchilarning maydonga tushishlari uchungina, shunchaki, sarmoya sarflamasalar kerak. Endi avvalgi davrlar ortda qoldi va buyog‘iga klub shonu-shavkati uchun jonbozlik ko‘rsatadigan, bu yo‘lda o‘zini ayamay mehnat qiladigan futbolchilar peshonasi yarqiraydi. Ana, aslida gol urishni biladigan Igor Sergeev ham sergak tortdi, uyg‘ondi. U ko‘zlarini ochib, xuddi uyqudan uyg‘ongandek atrofga qarasa, klub hayoti o‘zgarib ketibdi. Albatta, Igor ham issiq o‘rnini sovutgisi kelmaydi. Sal avvalroq o‘z maydonida «ajdarlar»ga yirik hisobda yutqazishdan uyalmagan jamoa qanday sababga ko‘ra, shu raqibni engdi? Bu - talab va mukofot pulining kuchi!
E’tirof etish kerakki, sarmoyaning sehrli ta’siri futbolchilarni ruhlantirdi, ularning panada yotgan imkonlarini harakatga soldi. Vatanparvarlik o‘z yo‘liga, futbolchilarning haqiqiy kuchi raqobat va shu jarayon muhiti uchun sarflanadigan sarmoyada yaqqol ko‘zga tashlanadi. Sarmoya halol raqobatda g‘alaba qozongan va muxlislarni shodlantirgan futbolchilarniki bo‘lishi kerak. Xayriyatki, «Paxtakor» mutasaddilari eng zarur pallada shunday raqobat muhitiga zamin hozirlashdi. Bularning barchasi oxir-oqibat, bosh jamoamiz foydasiga ishlaydi.
Balki O‘FF ham «Paxtakor» mutasaddilaridan o‘rnak olar va 31 avgust arafasida yutuq uchun milliy jamoamiz futbolchilariga munosib miqdorda mukofot puli e’lon qilar... Balki Samvel Babayan shu mukofotga ehtiyoj sezadigan va g‘alaba uchun kurashishga qodir futbolchilarga imkon berar... Harqalay, oqilona yo‘l izlab topilsa, yomon bo‘lmasdi. Bu - futbolchilardagi vatanparvarlik tuyg‘usini inkor etmaydigan jarayon. Hayot haqiqati tan olinsa va shunga muvofiq, amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilsa, futbolchilarimizning bo‘lajak 2ta muhim uchrashuvda g‘alaba qozonishlari foizi ancha ortadi. «Paxtakor»dagi tub burilish - fikrimiz isboti. Boshqacha aytganda, klub mutasaddilari Ramazon hayiti arafasida futbolimizdagi bo‘lajak bayramlarga poydevor qo‘yishdi. O‘ylaymizki, bu tagzamin vaqt o‘tgani sayin mustahkamlanib boraveradi.
Deylik, mavjud me’yorlarni birdan buzib yuborgan «Bunyodkor»ning achchiq tajribasi hamon muxlislar yodida. Yangi sarmoya ilinjida endigina shakllangan tarkibni tarqatib yuborgan «Lokomotiv» mutasaddilariga tegishli futbol siyosati ham muxlislar qalbini o‘rtadi. Ular «Bunyodkor» va «Lokomotiv» Osiyoning eng kuchli jamoalari qatoriga kirishidan umidvor edilar. Afsuski, yuksak umid va ishonch oqlanmadi. Boshqacha ifoda etsak, poydevori mo‘rt futbol devori kuchli bosimga bardosh berolmadi. Hozirdan sezilib turibdiki, «Paxtakor» mutasaddilari uzoq kelajakka qaratilgan yo‘lni tanlashdi. Ularning xatti-harakatlarida evrofutbol me’yorlari nafasi ufurmoqda. Qarang, Shota Arveladze boshqaradigan murabbiylar shtabida Germaniya, Fransiya, Gollandiya, Belgiya kabi futbol maktablari havosi uyg‘unlashdi.
Agar murabbiylar shtabiga yaxlit tirik organizm sifatida qarasak, bosh murabbiy shu birlikning yuragidir. Organizmning mukammal faoliyati uchun boshqa a’zolar yurakka munosib bo‘lishi kerak. Shu ma’noda aytsak, Shota Arveladze munosib yordamchilarni yagona g‘oya ostida birlashtirdi, nazarimizda. Samvel Babayan muvaffaqiyatsizliklarining bir jihati esa uning yordamchi tanlash tamoyillariga borib taqaladi. Ochiq tan olaylik, uning assistentlari saviya bobida milliy terma darajasiga tortmaydilar. O‘z kelajagini o‘ylagan bosh murabbiy esa xuddi Shota Arveladze kabi yo‘l tutadi. Agar u yordamchilari bilan bamaslahat ish yuritsa, albatta, yuksak natijalarga erishadi. Aks holda, gruzin futboliga xos individuallikka berilish uning yaxshi ishlashiga xalaqit beradi. Umid qilamizki, bunday bo‘lmaydi. Zero, Arveladze shuning uchun ham munosib yordamchilar tanlashga jiddiy e’tibor qaratgan.
Qiziq, terma jamoamizning bo‘lajak uchrashuvlarga tayyorgarlik rejasini tuzishda Samvel Babayanga uning yordamchilari qanday maslahatlar berishdi ekan?! O‘FF nima uchun bu masalaga ahamiyat bermay, hamon tavakkaliga ish tutmoqda? Agar bosh jamoamiz bo‘lajak 2ta o‘yinni ham o‘z foydasiga hal qilsa (yuqorida tilga olingan omillarga ko‘ra, bu yuz berishi kutilayotgan hodisadir), O‘FFning tili uzun bo‘ladi. Bordiyu, mag‘lubiyat qayd etilsa, murabbiylar iste’foga chiqariladi - tamom. Bu - hozirdan barchaga ma’lum sanalgan o‘zini oqlash siyosati. Bunga allaqachon ko‘nikib ulgurganmiz va yana shu hol takrorlansa, nima bo‘ladi? Savoldan ayonki, bugun qutlug‘ kasb bayramlarini nishonlayotgan futbol jurnalistlarini oldinda yangi tahlillar va tesha tegmagan mavzular kutmoqda. Demak, charchashga vaqt yo‘q. Olg‘a, hamkasblar! Bayramingiz muborak!
Muhammad Vali
Manba: www.interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”