Qamchi bilan urib davolash haqida eshitganmisiz? Esimda, yoshligimizda oilada kimdir qattiqroq yo‘talib qo‘ysa ham momomiz — “Buni qo‘shni mahalladagi kinnachi opoqiga olib borish kerak, qamchisi bilan urib o‘qib qo‘ysa, gijinglagan toychoqdek chopqillab ketadi”, — derdilar.
To‘g‘ri, tibbiyotning mazkur “zamonaviy” usuliga ishonadiganlar hozir kamdan kam topiladi. Ammo qamchi zarbidan har qanday odamning sergak tortishi bor gap. Bu ham, haligi, kinolarda kimdir hushidan ketayotgan bo‘lsa ikkita tarsaki bilan o‘ziga keltirib qo‘yishadi-ku, shunga o‘xshagan gapda…
Eskichalikni bas qilib, futbolga o‘tsam. Shapaloq yoki qamchi to‘g‘risidagi ishoralarni esa yo‘l-yo‘lakay o‘zingiz tushunib olarsiz. Demak, ketdik…
Umar aka va “Mushtum”
Jurnalistikada fikrni so‘zda emas, balki rang-tasvirda ifodalash ba’zan yaxshiroq samara beradi. Bir paytlar “Mushtum” jurnalida e’lon qilingan bittagina hajviy surat, jiddiy nashrlardagi otning kallasidek keladigan maqolalarga nisbatan oddiy xalq va “yuqoridagilar” e’tiborini ko‘proq tortgan.
Masalan, hozir ham ko‘plab futbolchilar (ayniqsa Balotelli va uning cho‘chqachasi) shuningdek, futbolga yaqin insonlar “Goal.com” saytida faoliyat yuritayotgan iordaniyalik rassom-jurnalist — Omar Momanining “nazariga” tushib qolishdan, “shu bo‘yog‘ing yuzingga chaplangur nima o‘ylab toparkan”, — deb hadiksirab turadi. Umuman, Momanini butun dunyo, jumladan yurtimiz futbol ishqibozlari ham juda yaxshi biladi, karikaturalari katta qiziqish bilan kutib olinadi. Hajvchining futbolni his qilishi, tushunishi, ta’sirli-tanqidiy g‘oyalaridan zavqlanadi.
Keyingi paytlarda o‘zimizda ham karikaturachilar ko‘payib qoldi. Ammo, sezgandirsiz, saviya — er bilan osmoncha. Shundoq rasm daftarga qora qalam bilan bir-narsalar qoralab uzatvorishadi. Zamonaviy kompyuter grafigidan foydalanish, uzviylik, davomiylik, “yalt” etgan g‘oya yo‘q. Agar buni maydalashish deb hisoblasangiz, u holda maqolaning davomi siz uchun emas!
“Tush aslo o‘ng bo‘lmas…”
“Mejdunarodnaya panorama”, “Mir primer ligi”, “90 minut +”, “Posle futbola s Georgim Cherdansevыm”, “Futbolnaya noch”…Bular birgina Rossiyaning «MatchTV» kanallar tarmog‘idagi futbolga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlarning o‘ndan biri. Eng muhimi, ulardagi tahliliy-ilmiy yondashuv. Mabodo Rossiya terma jamoasi yutqazib qo‘ysa bormi, hisob-kitoblarni qalashtirib tashlashadi: Kim qancha kilometr bosib o‘tdi? Murabbiyning taktik sxemasi nimaga ish bermadi? Kim o‘yinning umumiy manzarasini “buzib” qo‘ydi? Qaysi o‘yinchi to‘p bilan necha foiz muomalada bo‘ldi? O‘yindan oldin kimning nima dardi bor edi?…Oldi-qochdi gaplar, umumiy fikrlarni eshitmaysiz ulardan.
Bundan tashqari, haqiqiy futbol shinavandalari darvozaga kiritilgan oddiy golni ham mutaxassis ko‘zi bilan san’at asariga aylantirib beradigan — “Gollaktika”, har bir turdan keyin hakamlarni bitta-bitta “patini yuladigan”, ularning xatti-harakatlarini hali “o‘pkalar sovumay turib” baholab boradigan — “Svistok”…kabi ijodiy topilmalardan ham mazza qilib bahra oladi.
Xo‘sh, bizning g‘aribgina kanalimizda ana shunday ko‘rsatuvlardan nechtasini sanab bera olasiz? Qiyin-a? “FIFA”, “Osiyo futboli”… menimcha, bo‘ldi.
“Ijodiy” topilmalarimiz shulardan iborat. Shunda ham bu chiqishlarda asosan axborot beriladi. Bitta sonida To‘xtabekov boshlovchi, Mustafoyev “mutaxassis” vazifasini bajarsa, keyingi sonda rollar almashadi. Tahlil kam. Bori ham haligi “Olovuddinning sehrli chirog‘i” filmidagi shoh vaziri — “Donolar donosi”ning o‘sha mashhur “purma’no” hikmatini eslatib yuboradi: “Tush aslo o‘ng bo‘lmas, o‘ng aslo tush, agar o‘ng tush bo‘lsa, tush o‘ng bo‘lur…Ey, bari bir go‘r!”
“To‘p darvozaning yuqori o‘rta burchagida”
Elaginning sharhlarini eshitgansiz. Bir maromda — ammo his-hayajon, sportcha intellekt, futbol ruhiyatiga mos nozik so‘z o‘yinlariga to‘la. Axbor aka Imomxo‘jaev uslubini eslatadi uning sharhi. Shuningdek, Aleksandr Shmurnov, Konstantin Genich, Vasiliy Utkin, Georgiy Cherdansev kabi haqiqiy futbol ustalarining sharhlari siz tomosha qilayotgan bahsga yanada joziba ato etadi.
Aslida, bir paytlar bizda ham ushbu sohada o‘ziga xos maktab bor edi. Axbor Imomxo‘jaev nomi bilan bog‘lanadigan ushbu dargohdan marhum — Davlat Turdialiev, Mirzahakim To‘xtamirzaev, Xayrulla Xamidov, Davron Fayziev kabi haqiqatda nodir sharhlovchilar etishib chiqqan…Negadir hozir shu maktab qarovsiz qolib ketgandek. Bugun ekran qarshisidagi muxlislar futbolni “ovozsiz” rejimga o‘tkazib ko‘rishayapti.
“To‘p darvozaning yuqori o‘rta burchagiga borib tushdi”, “Xozir arab futbolchisi o‘zbekistonlik raqibini bir qiyshayish bilan aldab o‘tdi”, “Men yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek”, “Men hozirgina aytib o‘tgandim”, “To‘p yarim havo bo‘ylab uzatildi”…singari siyqa va tuturiqsiz jumlalar ularni shunga majbur qilyapti. Fojia emasmi bu? Nahotki, shunday maktabni “berib” qo‘ygan bo‘lsak!?
Muxlis e’tirozi
Hech e’tibor berganmisiz, O‘zbekiston terma jamoasining mag‘lubiyati bilan tugagan o‘yinlardan keyingi matbuot anjumanlari aksariyat hollarda muxlislar e’tiroziga sabab bo‘ladi? “Kommentlar”da asosan jurnalistlarimizning saviyasi, savol berish salohiyati muhokama qilinadi. Ishonmasangiz, istalgan futbol sayti arxivini titkilab ko‘ring! Mana ulardan biri (O‘zbekiston-Eron bahsidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumaniga “yuzer” reaksiyasi, ma’nosi saqlangan holda kichik tahrir qilingan):
“Tushunmadim, O‘zbekistonda jurnalist zotiga qiron kelganmi!? Matbuot anjumanida berilayotgan savollarga e’tibor qiling: «Suriya Xitoyni mag‘lub etganidan hayron qoldingizmi?», «Maydon markazi sizni tashvishga solmayaptimi?», «Rashidov keyingi bahsda zaxirada qolishi mumkinmi?»…
Menimcha, matbuot anjumaniga kirganlar yo o‘yinni ko‘rmagan yoki Babayan ularning «duxini» olib qo‘ygan! Nahotki, oddiy muxlisining aqli etib turgan narsalarga, «jurnalistlar»ning farosati kaltalik qilyapti?
Nima uchun o‘z maydonida, muxlislar qarshisida o‘ynagan jamoa raqib darvozasiga biror marta aniq zarba yo‘llay olmadi? (Axir, bunaqa noyob hodisa dunyo futbolida, masalan Robinzon Kruzo oroli va Argentina terma jamoalari o‘rtasida o‘yin tashkil etilsa, yana qayta kuzatilishi mumkin);
Nega endi hujumda oxirgi marta qachon gol urganini ham eslolmaydigan «bombardir» halloslab yuribdi?;
Umuman, jamoa aslida qaysi taktikada to‘p surishi kerak edi? Yoki maydonga «besh karra besh — 25» deb tushib ketaverdimi?
Janob, siz futbolchilarni o‘z prinsiplaringiz asosida tanlaysiz. Mabodo, o‘sha prinsiplar nimalardan iborat ekanini aytolmaysizmi? «Paxtakor» va MTJ onangizni mahriga qolganmi?…
Nahotki, shularni so‘raydigan biror mard yo‘q!
Aksincha, xay-xay demasangiz, bular — «Samvel aka do‘ng peshanangiz terlab ketibdi, ho‘llab-ho‘llab artib qo‘yaymi?» deyishdan ham or qilmaydi…”
Mana shunaqa gaplarda-ey! Tan olaylik, O‘zbekistonda futbol jurnalistikasi saviyasi, hozircha maqtagulik emas. Haminqadar. Jahon standartlari talablariga javob berishiga hali ancha qovun pishig‘i bor. To‘g‘ri, internet nashrlari faoliyatida yangilik, zamonaviylik va tahlilga intilish kuchli. Ammo, televidenie, matbuot, radio futbol-jurnalistikasi — yangi-yangi g‘oyalar, qiziqarli loyihalar, tahliliy dasturlar, chinakam ijodiy izlanishlarga muhtoj.
Ishonamanki, kechagina Vityaning o‘zbekistonlik jurnalistlar yuziga tushirgan haqqoniy tarsakisi ularni uyg‘otadi, o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga, izlanishga, saviya-salohiyatini oshirishga undaydi!
Manba: Fayzbog.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar