17:31 / 26.08.2017
6 635

Asr jangi: Meyvezer va Makgregorning vazn o‘lchash marosimi o‘tkazildi

Asr jangi: Meyvezer va Makgregorning vazn o‘lchash marosimi o‘tkazildi
Avval xabar berganimizdek, ertaga, 27 avgust kuni AQShning Nevada shtati Las-Vegas shahrida bokschi Floyd Meyvezer hamda aralash qoidali janglar ustasi Konor Makgregor o‘rtasida jang o‘tkaziladi.

An’anaga ko‘ra, jangdan bir kun avval ishtirokchilarni tarozidan o‘tkazish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bir necha daqiqa avval yakunlangan ushbu marosimda Konor Makgregor raqibidan og‘irroq ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Irlandiyalik aralash qoidali janglar ustasi Konor Makgregor 69,4 kg, uning amerikalik raqibi Meyvezer esa 67,8 kg vaznda ekanligi ma’lum qilindi.

Meyvezer jangdagi ishtiroki uchun gonorar sifatida 100 million dollarga ega bo‘ladi. Makgregor esa 30 million dollar gonorarni qo‘lga kiritadi. Har ikki sportchi ham jang natijasidan qat’iy nazar kafolatlangan to‘lov mablag‘ini olishadi.

Bundan tashqari, sportchilar chiptalar hamda pullik translyatsiya namoyishlaridan ham foiz hisobida qo‘shimcha daromad olishi rejalashtirilgan.

Asr jangi deb atalgan mazkur sport musobaqasining tashkilotchilari 630 million dollardan ortiq daromad ishlab olishlari taxmin qilinmoqda.

Bu esa boks tarixidagi rekord natija hisoblanadi. Ma’lumot uchun, shu kunga qadar eng ko‘p daromad olgan jang Meyvezer–Pakyao “to‘qnashuvi” bo‘lgandi. 2015 yilda o‘tkazilgan ushbu shou maqomidagi sport bellashuvi tashkilotchilarga 500 million dollar daromad keltirgandi.

Qayd etish kerak, kutilayotgan jang boks qoidalari asosida o‘tkaziladi va 12 raund davom etadi. Vazn toifasi — 69,85 kg.

Jang Las-Vegasdagi “T-Mobile Arena” binosida ertaga, 27 avgust kuni (Toshkent vaqti bilan tongda) bo‘lib o‘tadi. To‘qnashuvni “Showtime” telekanali namoyish etishni rejalashtirgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Asr jangi: Meyvezer va Makgregorning vazn o‘lchash marosimi o‘tkazildi