16:02 / 04.09.2017
3 205

O‘yinga bir kun qolganda... Oddiy muxlisning katta hayajoni

O‘yinga bir kun qolganda... Oddiy muxlisning katta hayajoni
To‘g‘risini aytsam, shu kunlarda futbol fanati bo‘lganimdan va termamizning ashaddiy muxlisi ekanligimdan faqat zarar bo‘layotganini tushinib yetdim.

Avvallari futbolga qiziqmaydigan erkaklarga ichimda "sen ham erkakmiding" deb ketaverardim. Bugun ularga havas qilyapman...

Chunki ularga maza - yurti jamoasi mundialdan qolib ketsayam suv to‘pig‘iga chiqmaydi. Hayoti davom etaveradi. Biz esa, men esa qiynalaman, azob chekaman ...

Bugun tunda yaxshi uxlay olmadim. Odatda uyquni topib olish uchun bitta "valeryanka" kor qilardim. Kecha uniyam kuchi yetmadi. Yo‘q, men "asabim joyida emas yoki nimadandir ranjidim", demayapman. Yaratganga shukrki, hammasi joyida.

Meni ertangi o‘yin "yutib" yuboryapti. U hali boshlangini yo‘q, ammo men avvallari his qilmagan hayajonni sezyapman. Chiqa olmasak nima bo‘ladi? Bu savolga javob berishni tasavvur qila olmayapman. Hozircha unga javob yo‘q.

Esimda, dastlabki termamizga bo‘lgan mehr-muhabbat menda 1994 yilgi Xirosima maydonlarida paydo bo‘lgandi. O‘shanda O‘zbekiston Milliy universitetining "Mexanika va matematika" fakultetiga qarashli yotoqxonada bir guruh talabalar bilan o‘yinlarni ko‘rardik. Futboldagi g‘alabalar bir-birini umuman tanimaydigan yigitlarni birlashtirgandi. O‘zbekiston bayrog‘iga bo‘lgan munosabat ham haqiqiy ma’noda shakllangandi.

Mana, oradan 23 yil o‘tdiki, unaqa g‘alabalarga erisha olmadik. Xitoyga qarshi o‘yin oldidan negadir men Chin yurtini yengishimizga juda ishongandim. Qolaversa, o‘sha g‘alaba 5 sentyabr kuni ham davom etishiga amin bo‘lgandim. Ammo, Uxandangi mag‘lubiyat boshga urilgan gurzidek bo‘ldi. Agar Janubiy Koreyaga qarshi yana shu narsa bo‘lsa, bilmadim uni qanday ko‘tarish mumkin.

Ha, men "baribir chiqa olmaymiz", "bu o‘yin bilan O‘zbekistonga nima bor JChda?", "hali beri O‘zbekiston mundialga bormaydi" va hokazo shu yo‘nalishdagi gaplarni aytadigan ishqibozlarga havas qilyapman. Menga ham o‘rgating!

Men ishonyapman JChga borishimizga! Ha, sodda bo‘lmay men o‘lay, negadir ishonyapman, garchi termamiz o‘yinida hech vaqo yo‘q bo‘lsayam.

Men bu so‘zlarni oddiy muxlis sifati yozyapman, jurnalist sifati emas. Men ham JChga chiqqanimizni bilib, quvonchdan ko‘z yosh qilishni istayman. Ishoning, bu so‘zlar yurakdan chiqib kelyapti. Bir kungina "pafos" iboralarni ishlataylik. Keyin mayli, realist bo‘laveramiz.

Men Yaratgandan bir narsani so‘rab qolardim: ertangi o‘yinda menga ham boshqalardek bee’tiborlikni ber. Ertangi o‘yinni his-hayajon bilan kuzatib bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda futbolchilarimizga murojaat qilib ketmoqchiman.

Hurmatli futbolchilar!

Bugun oldingizda hayotingizdagi eng muhim o‘yin turibdi. Ruhiy holatingizni yaxshilab olib, bir martagina maksimal tarzda o‘ynab bering. Biz sizga kafolat beramiz: bunaqa o‘yinga boshqa duch kelmaysiz. Hatto, JChga chiqqan taqdirda ham hech kim sizdan g‘alaba so‘ramaydi.

Ammo, bugun biz sizdan g‘alaba so‘raymiz.

Maydonda sherigingiz uchun ham boringizni bering. Xato qilishdan qo‘rqmang. Zarbam qiyshiq chiqsa so‘kishadi, deb hijolat bo‘lmang. Bir paytlar do‘stlaringiz bilan o‘ynagan futbolda birma-bir aldab ketgan onlarni eslang. 35-40 metrlardan kuchli zarba yo‘llab, bir oshnangizni darvozasini ishg‘ol qilib qo‘yganingizni yodga oling. 4-5 kishi orasidan ochilayotgan sherigingizga zargarona uzatmalaringizni eslang. Axir shunday qilgansizku, qachonlardir...

Qo‘lingizdan keladi. Ertaga bir kunga g‘ururlarni unuting. Xalqingizdan duo oling, lan’at emas. Agar jipslashsangiz natija bo‘ladi.

Boshqa sizlarga gapimiz yo‘q.

Endi faqat kutish qoldi buyog‘iga ...
A.Akbarov

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘yinga bir kun qolganda... Oddiy muxlisning katta hayajoni