13:18 / 08.09.2017
3 828

Jahon chempionatiga chiqish uchun nima qilish kerak?

Jahon chempionatiga chiqish uchun nima qilish kerak?
Jahon chempionatiga chiqish uchun nima qilish kerak? Uch kun oldin bu savolga «Janubiy Koreyada darvozasiga birgina gol urilsa kifoya» deb javob berilgan bo‘lardi. Endi esa, javob yanada murakkab – milliy chempionatni yaxshilash, kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish, bolalar futbolini rivojlantirish, federatsiyaning har bir xodimini ishdan bo‘shatish va hokazo va hokazo... Nahotki futbolimizda so‘z birikmasiga aylanib ketgan bu og‘ir vazifalarning salmog‘i birgina gol bilan teng bo‘lsa? Nahotki birgina gol urishimiz uchun shuncha ishni amalga oshirishga majbur bulsak?

Umumiy javoblar, katta muammolarni ko‘tarish go‘yoki vaziyatga chuqur baho berilayotgandek tasavvurni paydo qilsa-da, aslida tahlil qilishga halaqit qiladi. Aybdorlarni terma jamoaning, federatsiyaning va hatto futbol sohasining tashqarisidan qidirishga majbur qiladi, bu ahvolimizda bundan ortig‘iga ham loyiq emasdik, deb fikr yuritishga undaydi.

Albatta, javoblarning barchasi to‘g‘ri, har bir muammo, har bir noto‘g‘ri qaror yakuniy natijaga o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Lekin bu muammolar haqida faqat Janubiy Koreya bilan o‘yinining ertasiga emas, har doim, hatto Janubiy Koreyani yirik hisobda yutayotgan paytimizda ham gapiraverish kerak. Muammo bormi, yakuniy natijadan qat’i nazar, uni yechishga harakat qilish, u haqida gapirish lozim bo‘lib qoladi. Terma jamoa muvaffaqiyatsizlikka uchraganda esa, aynan terma jamoa, uning rahbarlari va murabbiylari, futbolchilari munozaralar markazida bo‘lishi shart.

Qiziq-da, ayb Babayanda emas, boshqa murabbiy bo‘lganidayam, bunday sharoitlarda yaxshiroq natija qila olmasdi, deydiganlar chiqadi, boshqa murabbiylar davridayam chiqqan – qanday qilib, terma jamoaga tarkibni tanlagan, taktikani ishlab chiqqan, tayyorgarlik rejasini tuzgan va o‘yinga futbolchilarni boshlab tushgan shaxsda ayb bo‘lmasligi kerak?

O‘z navbatida, barcha muvaffaqiyatsizliklarni bir shaxsga bog‘lab qo‘yish ham xato, bu holatda bosh murabbiyni iste’foga chiqarish orqali, go‘yoki barcha masalani yechgandek ko‘rinamiz va 4 yildan keyin yana ayni nuqtaga qaytib kelishimiz turgan gap.

Samvel Babayanning iste’fosi muammoning yechimi emas, undan keyin amalga oshiriladigan bir necha harakatlar zanjirining debochasi bo‘lishi kerakki, aynan shu masaladagi fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman. Ya’ni, mavzuga, maqola avvalida berilgan savolga javob izlab ko‘ramiz.

1. Futbolchilarimizning bugungi ahvolini terma jamoa rakursidan o‘rganish
Mutaxassislardan iborat ilmiy guruh tuziladi va terma jamoamizga nomzodlarning umumiy holati chuqur tahlil qilinadi. Qaysi futbolchilar keyingi sikllarda bizga yordam bera olmaydi, qaysi futbolchilar ularning o‘rnini bosishi mumkin? Ularning o‘yin uslubi qanaqa? Umuman millatimizning, futbolchilarimizning salohiyati, jismoniy ko‘rsatkichlari, o‘ziga xosliklari qanday o‘yinga mosroq keladi? Oldingi o‘yinlarda qaysi chiziqlar bizga ko‘proq pand berdi va qaysi nuqtalarga urg‘u berishimiz kerak? Yoshlar va o‘smirlarning umumiy ahvoli qay darajada? Hali e’tiborimizdan chetda bo‘lgan legionerlardan tortib, oliy ligadagi har bir potensial nomzod, kerak bo‘lsa, yuzlab futbolchilar ustida tahliliy hisobotlar tayyorlanishi kerak bo‘ladi. Yakunda, terma jamoamiz qanday futbol o‘ynashi kerak, futbolchilarimizdan qanday foydalansak, maqsadga muvofiq bo‘ladi, kabi savollarga javob izlanadi.

2. Terma jamoamiz uchun yangi murabbiy prototipini aniqlash
Har xil murabbiylar bo‘ladi. Ba’zi murabbiylar yoshlar bilan yaxshi ishlaydi, kim uchundir tayyor shakllangan futbolchilar qulayroq. Kimdir alohida o‘yinlarga yaxshi tayyorlay oladi – ko‘proq terma jamoalar bilan yaxshi ishlaydi. Boshqasi uchun jamoaviy munosabatlar muhim – klublarda muvaffaqiyat qozonadi.

Bir murabbiy o‘rniga boshqasini tayinlash hech qachon shunchaki sodir bo‘lmasligi kerak. Bizning bugungi holatimizga aynan qanday tipdagi murabbiy kerakligini aniqlab olishimiz lozim. Avlodlar almashinuvi arafasida turibmizmi yoki mavjud futbolchilar bilan yangi vazifalarni uddalash mumkinmi, bu haqida aniq qarorga kelgandan keyin, albatta, o‘sha vazifalarga mos murabbiy qidirib topish lozim bo‘ladi. Tayyor yulduzlar bilan ishlashda o‘zini ko‘rsatgan murabbiyni chaqirib, unga yoshlarga e’tibor berishni tavsiya qilsak – uning ishiga aralashgan bo‘lib qolamiz. Aksincha, avvaldan holatimizga mos keladigan nomzodlar ichidan murabbiy qidirish yaxshiroq.

O‘yin uslubi ham muhim. Klublarda yangi kelgan murabbiy o‘z uslubi bilan kelishi va shu yo‘nalishda kerakli transferlarni amalga oshirish mumkin. Ammo terma jamoada, ayniqsa, yuqori saviyadagi futbolchilar barmoq bilan sanarli bo‘lgan mamlakatlarda buning iloji yo‘q. Bosh murabbiy doim ham o‘z uslubiga mos bo‘lgan saviyali futbolchilarni topa olmasligi mumkin. Buning ustiga, jismoniy, tezkor va uzun paslar bilan jamoasi o‘yinini quradigan murabbiyga – shu talablarga javob beradigan ijrochilar kerak. Qaysidir murabbiy esa, texnikasi yuqori va to‘pni nazorat qilishga usta bo‘lgan futbolchilarga ehtiyoj sezadi.

Bir millatning jismoniy ko‘rsatkichlari va milliy chempionatdagi jamoalar ko‘rsatadigan o‘yin baribir, bir-biriga yaqin bo‘ladi. Shu tomondan, bizning futbolimizga mos uslubda muvaffaqiyat qozonishi mumkin bo‘lgan murabbiylar izlanishi foydaliroq bo‘lardi. Xuddi bo‘ydor va baquvvat Avstraliya, tezkor va abjir Janubiy Koreya kabi jamoalar mutlaqo farqli uslubdagi murabbiy prototipiga ehtiyoj sezganidek.

3. Tayyorgarlik uchun sharoit yaratish
Bu boradagi ishlarni ham yuqoriroq bosqichga ko‘tarish shart. Terma jamoa yig‘inlarini tashkil qilish, bosh murabbiyni qo‘llab-quvvatlash borasida ancha no‘noq harakat qilamiz. Shuncha yillik tariximizda hali biror marta G‘arbiy Yevropa yoki Lotin Amerikasi vakillari bilan o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushmaganimizning o‘zi ko‘p narsani ko‘rsatib turibdi.

Bekor qilinadigan uchrashuvlar, muhim sinovlar oldidan umuman vazifaga mos kelmaydigan raqiblar, yopiq o‘yinlar – bularning barchasi hali ham terma jamoamiz uchun tayyorgarlikni tashkillashtirish borasidagi no‘noqliklarimizni ko‘rsatadi.

Misol uchun, Ispaniya yoki Argentina kabi terma jamoalar bilan o‘ynashga qo‘rqamiz. Ko‘pincha, ushbu jamoalar bilan o‘ynash uchun katta pul kerak bo‘lishini aytadilar. Lekin aslida, translyatsiya huquqlarini sotish, reklama agentliklari bilan hamkorlik qilish, chiptalar orqali o‘sha mablag‘ning katta qismini bemalol chiqarib olish mumkinligi haqida ilgari ham ko‘p yozilgan. Hatto reyting borasida biz qatori bo‘lgan, saviyali sparring raqiblar bilan muzokara o‘tkazishni bilmaymiz.

Terma jamoa muhiti doimo yangi futbolchilarni o‘ziga tortishi, ilk bor bu yerga kirib kelgan yosh nomzod bu bir boshqacha tuyg‘u ekanini his qilishi kerak. Jamoaga bo‘lgan e’tibor, tashkiliy ishlar klublardagidan bir pog‘ona yuqori ekanini, bu yerdagi maqsad rostdan ham eng yuqori – mundialga chiqish, u yerda munosib ishtirok etish ekanini, bu jamoa butun mamlakat imijini tashkil etishini futbolchi his qilishi kerak.

Odil Ahmedov Xitoydagi intervyusida bu holatga juda aniq urg‘u berdi – «bunday munosabat bilan g‘alaba qozonib bo‘lmaydi». Jahon chempionatiga borishni istaydigan har bir futbolchi mana shu maqsad yo‘lidagi uyg‘unlikni jamoa ichida sezishi – terma jamoa massajchisidan tortib, eng katta rahbargacha mana shu maqsad yo‘lida yonayotganini his qilishi shart.

4. Jamoatchilik nazorati
Bu juda muhim va futbolimizda oqsayotgan jihatlardan biridir. Albatta, terma jamoa barchaning ko‘z o‘ngida, muxlis-u jurnalistlardan tortib, hatto shou biznesgacha tez-tez bu mavzuni markazga qo‘yishadi. Ammo terma jamoadagilarning futbol jamoatchilikka bo‘lgan munosabati qoniqarli emas.

Vadim Abramov turli tanqidlar shogirdlariga salbiy ta’sir qilayotganidan noligandi. Mirjalol Qosimov bir necha jurnalistni «kampaniyavozlik»da ayblab, hatto o‘z matbuot kotibini fitnada gumon qilishgacha bordi. Samvel Babayan o‘zicha, ilk kunlaridayoq jurnalistlar bilan uchrashuvlar tashkil qilib, birgalikda ishlash haqida bong urgan bo‘lsa-da, oxiriga kelib Press-klubdan ham, matbuot anjumanidan ham «qochib ketdi».

Ya’ni terma jamoamiz mutasaddilari chetdan bo‘layotgan talablarni qabul qilishga tayyor emas, bu bosimni ko‘tara olishmayapti. Zero, butun dunyodagi har bir davlatda terma jamoa mana shunday to‘g‘ri-noto‘g‘ri, asosli-asossiz tanqidlar ostida ishlaydilar. Shuni tushunish kerakki, agar terma jamoa o‘z o‘yini bilan ijobiy kayfiyat tarqata olsa, har qanday salbiy fikrlarning umri uzun bo‘lmaydi.

«Mijoz hamisha haq» degan ibora bor. Futbol olamida futbolchi maqomidan, ko‘rsatayotgan o‘yinidan, e’tiboridan qat’i nazar, har qanday holatda, jamoatchilik oldida qarzdordek bo‘lishi kerak. Bir futbolchi konsert zaliga kirsa, iste’molchi sifatida qo‘shiqchiga hushtak chalishi mumkin, xuddi o‘sha qo‘shiqchi stadionda ayni ishni qilishga haqqi bor. Ya’ni, qaysi sohaning ichida turishimizga qarab, jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi kerak.

To‘g‘ri, jurnalist yoki muxlis murabbiydan yoki terma jamoa mutasaddilaridan ko‘ra bilimsizroq bo‘lishi, ko‘p narsani tushunmasligi bor gap – ammo, bu ularni savolga javob berish mas’uliyatidan soqit qilmaydi.

Bir misol aytay. Yaponiya terma jamoasida iqtidorli futbolchilar ko‘p. Agar faqat Yevropada, kuchli beshlikda to‘p surayotgan yaponlarni yig‘ib chiqilsa ham bemalol bitta terma jamoa bo‘ladi. Ya’ni, aslida bosh murabbiy nomzodlar borasida ortiqcha bosh qotirishga muhtoj emas. Lekin...!

Vohid Halilhojich terma jamoaga bosh murabbiy bo‘lgach, tayyorgarlikning ilk bosqichlari ishonasizmi, yo‘qmi, 700 nafar nomzodni ko‘zdan kechirgan. To‘g‘ri, buning ustida juda katta guruh ish olib borgan, ammo fakt shuki, mana shuncha futbolchi haqidagi to‘liq hisobotlar tayyorlangan va bosh murabbiy ularni ko‘rib chiqqan.

Keyin esa, murabbiy bilan 3 soatga yaqin davom etgan matbuot anjumani tashkil etildi. Buning videosini ko‘rgandim. Halilhojich jurnalistlarning har bir savoliga atroflicha javob beradi, tarkibga jalb qilingan va qilinmagan futbolchilar bo‘yicha, ularning har biriga izoh berib o‘tadi. «Falonchi hali tayyor emas, falonchini qayd etdim, kelajakda falon chiziqda o‘ynataman, falonchi yaxshi, lekin hozirda uning pozitsiyasida falonchi ustunroq, falonchini hozir o‘ynatmoqchi emasman, lekin terma jamoa muhitiga o‘rgansin, deb jalb etdim» – murabbiy har bir futbolchiga erinmasdan shu shaklda to‘xtalib o‘tgandi.

Savol berayotgan jurnalist murabbiydan aqllimi? Murabbiy natijaga javobgar, kimni o‘ynatsa, o‘zi bilmaydimi? Terma jamoa ishiga shu qadar aralashish kerakmi?

Yo‘q, bu yerda jamoatchilik nazoratining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani bilan izohlanadi. Jurnalist xalq nomidan savolni beradi va javob ham xalq uchun beriladi, Nuqta.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, bunday nazoratni o‘rnatish va eng to‘g‘i shaklda ishlashi faqat federatsiya yoki terma jamoa mutasaddilariga bog‘liq emas. Jurnalistlarga ham bog‘liq. Jumladan, xuddi chet eldagi kabi, futbol sohasida ishlagan, o‘z vaqtida futbolchilik qilgan shaxslar bu sohada qanchalik ko‘paysa, qanchalik o‘z fikrlarini bayon qilishsa, nazorat yanada kuchliroq bo‘ladi.

Tasavvur qiling, bir jurnalist Babayandan 14 o‘yindan beri birorta ham gol urmagan hujumchini nega maydonga tushirayotganini so‘raydi. Babayan o‘z holicha, uning foydali bo‘layotganini, pressing qilayotganini, eng yaxshi nomzod ekanini tushuntirmoqchi bo‘ladi. Vaziyatga qaraganimizda, u murabbiy, jamoaning ichida, albatta, jurnalistdan ko‘p narsa bilgandek tasavvur paydo qiladi. Shu o‘rinda, tajribali futbol mutaxassislari, sobiq futbolchilar ham jon kuydirishsa, Sergeyevning qanday o‘ynayotgani, umuman terma jamoa murabbiyi qanday xatolarga yo‘l qo‘ygani haqida turli tahlillar bilan o‘rtoqlashib, o‘z fikrlarini aytishsa, salmog‘i og‘irroq bo‘lardi, menimcha. Andisha qilib yoki o‘sha murabbiy bilan yaqin bo‘lgani uchun haqiqatni yoki o‘z fikrlarini bayon qilishdan qochish – terma jamoa manfaatidan, xalqning talabidan o‘z shaxsiy munosabatlarini ustun qo‘yish demakdir.

Terma jamoani kuchaytirish uchun, mana shu yo‘nalishlarda ish olib borish maqsadga muvofiq deb o‘ylayman. Aks holda, 4 yil o‘tib, bundan 4 yil avvalgi fikrlarni gaplashib o‘tiraveramiz.

Qahramon Aslanov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jahon chempionatiga chiqish uchun nima qilish kerak?