22:40 / 08.09.2017
3 921

O‘FF prezidentligi saylovi: u qanday o‘tadi va kimlar ovoz berishga haqli?

O‘FF prezidentligi saylovi: u qanday o‘tadi va kimlar ovoz berishga haqli?
Avvalroq xabar berganimizdek, joriy yilning 12 sentyabr kuni O‘zbekiston Futbol Federatsiyasida tashkilot nizomiga muvofiq hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkaziladi.

Konferensiya doirasida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi.

Bundan tashqari, shu kuni O‘FFning yangi rahbariyat tarkibi, yangi tuzilmani tasdiqlash kabi masalalar ham ko‘rib chiqiladi.

Endilikda O‘FF prezidenti saylovi qanday o‘tishi haqida batafsil ma’lumot berib o‘tamiz.

Nomzodlar
Sananing rasman e’lon qilinishi — nomzodlarning ilgari surish uchun muhim jihat hisoblanadi. O‘FF nizomida (27.2-modda) shunday deyilgan.

“...Ijroqo‘m navbatdagi konferensiya qachon va qayerda bo‘lishini belgilaydi. O‘FF a’zolari konferensiyaga 6 hafta qolguniga qadar yozma ravishda bundan xabardor etilishi lozim.”

27.3-moddada shunday yozilgan: “Rasmiy xabarnoma konferensiyaga 2 oy qolguniga qadar taqdim etilishi lozim. Rasmiy xabarnomaga kun tartibi, Prezidentning qilingan ishlar hisoboti, moliyaviy hisobot, auditorlik hisobot va qolgan kerakli hujjatlar biriktirilgan bo‘lishi lozim”.

O‘FF a’zolari kerakli hujjatlarni olishganmi yoki yo‘qmi — bundan bexabarmiz. Biroq ular barchasini vaqtida olishganini va konferensiya sanasining kech e’lon qilinishi O‘FF rasmiy sayti tufayli sodir bo‘lganini taxmin qilamiz.

Xullas, O‘FF a’zolari konferensiya o‘tishiga 2 oy qolganida kun tartibini olishdi, O‘FF Prezidenti saylovidagi savollarni ko‘rishdi.

Keyin nima bo‘ladi?

Keyin O‘FF nizomining 39.3-moddasi ishga tushadi.

“O‘FF Prezidenti bo‘lish uchun faqat O‘FF a’zolari o‘z nomzodlarini qo‘ya olishadi. O‘FF a’zolari o‘z nomzodini yozma ravishda Bosh kotibiyatga konferensiya boshlanishiga 4 hafta qolguniga qadar yuborishlari lozim.”

Konferensiya boshlanishiga 4 hafta qolgan vaqt bu — 15 avgust. Ya’ni bir hafta oldin nomzodlarni qabul qilish to‘xtatilgan. Ammo hech kim nomzodlar haqida hech nima bilmaydi...

Bu ikkita narsani anglatishi mumkin — yo nomzodlar yo‘q, yo nomzodlar o‘zlarini “panada” tutishni istashmoqda.

Ammo shu yerda O‘FF nizomining 39.4-moddasiga qaraymiz: “Bosh kotib Konferensiya boshlanishiga kamida ikki hafta qolguniga qadar nomzodlarni yozma ravishda O‘FF a’zolariga yuborishi lozim”.

Ya’ni 29 avgust kuni O‘FF bosh kotibi O‘FF Prezidenti bo‘lish uchun nomzodlar ro‘yxatini yuborishi lozim. O‘FF bu nomlarni qachon ommaga e’lon qilishi kerakligi nizomda qayd etilmagan.

Saylovchilar

O‘FF Prezidentini — O‘FF Konferensiyasi saylaydi. Shu bois faqat konferensiya delegatlari — saylash huquqiga egalar.

O‘FF nizomining 22.1-moddasida shunday yozilgan: “Konferensiya 80 nafar delegatdan iborat. Barcha delegatlar bilan tanishing:

a) har bir viloyat federatsiyasidan — 2 nafardan delegat;

b) Professional futbol ligasidan — 1 nafar delegat;

v) har bir klubdan — 1 nafardan delegat;

g) Ayollar futbol Assotsiatsiyasidan — 1 nafar delegat;

d) futzal Assotsiatsiyasidan — 1 nafar delegat;

ye) Ayollar futbol Assotsiatsiyasi, ayollar futzali va plyaj futbolidan — 1 nafar delegat;

j) O‘zbekiston faxriylar kengashi — 1 nafar delegat;

z) Terma jamoalar markazidan — 1 nafar delegat;

i) Respublika murabbiylar va hakamlar tayyorlash maktabidan — 1 nafar delegat;

k) Respublika oliy sport ustalari maktabidan — 1 nafar delegat;

l) Futbol klublari qoshidagi bolalar-o‘smirlar maktabidan — 1 nafardan delegat;

m) Futbol muxlislar klubidan — 1 nafar delegat;

n) futbolchilardan — 1 nafar delegat;

o) hakamlardan — 1 nafar delegat;

p) murabbiylardan — 1 nafar delegat;

r) O‘FF a’zosi bo‘lgan qolgan tashkilotlardan — 1 nafar delegat”

Bu ro‘yxat bo‘yicha bir nechta savol bor. Masalan, Ayollar futbol Assotsiatsiyasi va Ayollar futbol Assotsiatsiyasi, ayollar futzali va plyaj futboli o‘rtasida qanday farq bor?

Futbolchilar, hakamlar va murabbiylar o‘z delegatlarini qanday tanlashadi?

O‘FF nizomi 22.2-moddasida shunday yozilgan: “Har bir delegat O‘FF a’zolari bilan affilir bo‘lishi lozim, u O‘FF a’zolarining tegishli organi tomonidan saylangan yoki tanlangan bo‘lishi kerak. Delegatlar shaxslarini tasdiqlovchi xujjatga ega bo‘lishlari zarur”.

Aytgancha, delegatlarning umumiy soni 80 emas, 75 nafar chiqmoqda. Hatto “Nasaf–2” jamoasini alohida klub deb olsak, delegatlar soni 76 nafar bo‘ladi.

Saylov jarayoni

O‘FF Prezidenti saylovining birinchi turida g‘olib bo‘lish uchun delegatlarning 3 dan 2 qismi ovozini olishi kerak. Ya’ni 80 tadan 54 ta. Ikkinchi yoki undan keyingi turlardagi g‘alaba uchun ovoz beruvchilarning yarmidan ko‘pi, ya’ni 41 ta ovoz olsa yetarli bo‘ladi.

O‘FF Matbuot xizmati ayni paytda O‘FF Ustavi asosida o‘tkaziladigan Hisobot-saylov konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi.

Hozirda O‘FF Prezidentligiga nomzod bo‘lgan shaxslar haqida axborot tayyorlanib, FIFA hamda OFK tashkilotlariga yuboriladi. Shundan so‘ng, O‘FF Prezidentligiga nomzodlar nomi ommaga rasman e’lon qilinadi.

Shuningdek, saylov tadbirida OFK va FIFA tashkilotlaridan vakillar ham ishtirok etadi.

Manba: qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘FF prezidentligi saylovi: u qanday o‘tadi va kimlar ovoz berishga haqli?