23:04 / 22.12.2017
4 082

Ravshan Ermatov: Futbolimiz islohotlar yo‘lida

Ravshan Ermatov: Futbolimiz islohotlar yo‘lida
Dunyoning eng yaxshi hakami, FIFA referisi Ravshan Ermatov “Sport” telekanaliga bergan intervyusida O‘zbekistonda hakamlarning saviyasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Bugungi kunda O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan yurtimizda hakamlikni rivojlantirish, hakamlarimiz saviyasini oshirish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yangi mavsum oldidan o‘tgan davr mobaynida hakamlik borasida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tahlil qilinib, endilikda bu xato va kamchiliklarning oldini olish borasida aniq vazifalar belgilandi. Ushbu vazifalarni o‘z vaqtida sifatli tarzda bajarish uchun biz hakamlar mas’uliyatni his qilgan holda, qo‘limizdan kelgan barcha harakatlarni amalga oshiramiz.

Shuningdek O‘zbekiston futbol federatsiya prezidenti Umid Ahmadjonov tomonidan yangi mavsumda barcha hakamlar bir xil forma va ekipirovkada bo‘lishlari, har bir hakamlar brigadasida o‘yin davomida foydalanish uchun aloqa vositasi - “Communication system” bo‘lishi, maydonda jarimalar belgilanganda 9.15 metrni nazorat qilish spreylari va har bir inspektorga noutbuklar xarid qilinib, hakamlik va inspektorlikni jahon standartlari asosida amalga oshirilishi to‘g‘risida ko‘rsatma berildi. Albatta bu chora-tadbirlar ham milliy chempionatimizda hakamlik sifatini oshishiga xizmat qilishi aniq.

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsum o‘yinlarida bahsli holatlar yuzaga kelsa, bosh hakam yordamchisi bilan muhokama o‘tkazishi uchun 4-5 daqiqa vaqt sarflangan. Bu esa o‘yin tempining tushishiga, uning tomoshabopligi yo‘qolishiga olib keladi. Agar kommunikatsiya aloqasi bo‘lsa, bahsli holatlarda hakamlarning muhokamasiga 30-40 soniya yetarli bo‘ladi.

Sprey haqida. Ko‘p hollarda hakam “jonli devor” qayerda turishini belgilab berganidan keyin, “jonli devor”da turgan futbolchilar hakamga bildirmay bir-ikki metrga surilib olishardi. Keyin esa jarimadan yo‘llangan zarbalar “jonli devor”ga tegib qaytgan vaziyatlarni ko‘p ko‘rganmiz. Hakam nazorat spreyiga ega bo‘lsa, bu kabi holatlarning ham oldi olinadi. Jarimalardan kiritiladigan gollar ko‘payadi va bu albatta muxlislarga manzur bo‘ladi.

Shuningdek, hakamlar bir xil ekipirovkaga ega bo‘lishi ham juda chiroyli holat. Ular O‘FFning vakili sifatida uchrashuvlarga tashrif buyurishadi. Bu holat albatta, O‘FF imidjining oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan yana bir muhim yangilikni qayd etib o‘tish zarur. Yangi mavsum oldidan milliy chempionatimizda faoliyat yuritadigan hakamlar xuddi klublar singari xorij yig‘inini o‘tkazishadi. Ular xorijda nazorat uchrashuvlarini boshqarib, mavsum boshlanishidan oldin tajribalarini oshirib olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bunday yig‘inlar hakamlarimiz saviyasi o‘sishiga katta yordam berishi aniq.

Kelasi mavsumdan boshlab formati o‘zgargan Superliga ancha shiddatli kurashlarga boy tarzda o‘tishi kutilmoqda. Shu sababli hakamlarimiz bu o‘yinlarga jismoniy jihatdan tayyor bo‘lishlari kerak. Hakamlarning jismoniy holatini muntazam nazorat qilib borish maqsadida O‘zbekiston futbol federatsiyasi yil mobaynida hakamlarni jismoniy holatini nazorat qilib borishni yo‘lga qo‘ymoqda. Hakamlarning o‘z ustilarida ishlashlari ularda professional xususiyatlar shakllanishiga yordam beradi.

Normativlar bo‘yicha
Futbol muxlislari pulini, vaqtini ajratib, 90 daqiqa tezkor tomoshabop o‘yin ko‘rish uchun stadionga kelishadi. Ba’zi o‘yinlarda ba’zi futbolchilar oxirgi 10-15 daqiqada jismoniy jihatdan toliqib, maydonda piyoda yurib futbol o‘ynashyapti. Tez charchab qolishyapti. Bu holat nafaqat milliy chempionatimiz tomoshabopligini kamaytiradi, balki terma jamoalarimizning xalqaro maydondagi o‘yinlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ana shu maqsadda O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan Superligada ishtirok etuvchi klublar futbolchilaridan normativlar qabul qilish yo‘lga qo‘yildi. Bunday normativlarning joriy qilinishi ba’zi o‘zini ustida ishlashni, o‘zini qiynashni xohlamaydigan futbolchilarga yoqmasligi mumkin. Lekin bu narsa o‘zbek futboli rivoji uchun albatta o‘z samarasini beradi. Terma jamoalarimiz jismoniy jihatdan kuchli bo‘lsa, Osiyo grandlari hisoblangan Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron kabi terma jamoalar bilan tengma-teng kurashib, xalqimizning azaliy orzusi bo‘lgan Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga turtki bo‘ladi”, - deydi Ravshan Ermatov.

Manba: uzreport.news

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Ermatov: Futbolimiz islohotlar yo‘lida