20:38 / 23.12.2017
5 170

Umid Ahmadjonov: Tartib-intizom o‘rnatilmas ekan, natijalar ham salbiylashib boraveradi

Umid Ahmadjonov: Tartib-intizom o‘rnatilmas ekan, natijalar ham salbiylashib boraveradi
Bu chora-tadbirlar Superliga klublarida ishtirok etadigan futbolchilarning jismoniy holatini nazorat qilish, terma jamoalarimiz uchun munosib nomzodlarni yetkazish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Shu kunga qadar O‘FF tomonidan tasdiqlangan reja asosida “Olmaliq”, “Mash’al”, “Navbahor”, “Qo‘qon-1912”, “Sementchi” klublari futbolchilari normativlarni topshirishdi. Normativlar 4ta bosqichdan iborat ekanini avval xabar qilgandik.

1. 30 metrga yugurish

2. Turgan joyidan uzunlikka sakrash

3. 7x50 metrga yugurish

4. “Yo-Yo” test

Xo‘sh, milliy chempionatimizda ishtirok etuvchi klublar futbolchilarining normativlar topshirish bo‘yicha natijalari qanday?

E’tiboringizga raqamlarni keltirib o‘tamiz. 30 metrga yugurish va uzunlikka sakrash bo‘yicha hozircha 5ta klubning hech qaysi futbolchisi belgilangan normativlardan o‘ta olmaganini ta’kidlash zarur.

7x50 metrga yugurish va “Yo-Yo” test bo‘yicha natijalar quyidagicha:


Normativlar topshira olmagan futbolchilarga milliy chempionat boshlangunga qadar muhlat beriladi. Ular klub bosh murabbiyi belgilab bergan dastur orqali o‘z ustilarida ishlashlari kerak.

Superliga boshlanishidan avval klub futbolchilaridan yana bir bor normativlar qabul qilinadi. Sinovlardan o‘ta olmagan futbolchilar chempionatda ishtirok eta olmaydilar.

Klublar futbolchilaridan normativlarni qabul qilayotgan pedagogika fanlari nomzodi, professor Shamil Iseyev bu haqida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:

“Milliy chempionatimiz futbolchilaridan normativlar qabul qilish O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonovning talabi bo‘lib, bunday normativlar endilikda har doim futbolchilardan qabul qilinadi va ularning jismoniy holati nazorat qilib boriladi.

“Bunday normativlar butun dunyoda topshiriladi. Masalan, “Yo yo test” Yevropaning kuchli chempionati futbolchilaridan ham mavsum oldidan olinadi va ularning tezkorligi, chidamliligi sinovdan o‘tkazib turiladi. Terma jamoamizning xalqaro maydonlardagi muvaffaqiyatsiz o‘yinlarining asl sababini ham aynan mana shundan qidirish kerak.

Masalan, Jahon chempionati saralash bahslarida qatnashgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari o‘yinlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, uchrashuv oxirlariga kelib futbolchilarning texnik-taktik harakatlar pasaygani, to‘pni olib qo‘yish, sheriklariga oshirish, uzun paslar berish, havodagi to‘p uchun kurash va hokazolarda braklar ko‘payganini ko‘rish mumkin.

Bizning futbolchilar jismoniy jihatdan kuchli bo‘lmaganliklari tufayli 90 daqiqa davomida faol harakat qila olishmadi. Natijada, JCh yo‘llanmasi qo‘ldan boy berildi. Agar milliy chempionatimizda ishtirok etadigan futbolchilarning jismoniy holati yaxshi bo‘lsa, bu holat terma jamoalarimiz o‘yinlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, - deydi Shamil Iseyev.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov ham normativlar quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:

“Bunday normativlar bundan buyog‘iga doimiy ravishda futbolchilardan olinadi. Futbolchilarning jismoniy holati hamisha nazoratda bo‘ladi. Tartib-intizom hamisha birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak. Qayerdaki, tartib-intizom o‘rnatilmas ekan, o‘sha yerda natijalar ham salbiylashib boraveradi. O‘z ustida ishlamaydigan, tartib-intizomga amal qilmaydigan futbolchi va murabbiylardan natija kutish ham mantiqan noto‘g‘ri. Bir so‘z bilan aytganda, tartib-intizomga rioya qilmaydiganlarga oramizda o‘rin yo‘q”, - deydi Umid Ahmadjonov.


Manba: www.the-uff.com

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov: Tartib-intizom o‘rnatilmas ekan, natijalar ham salbiylashib boraveradi