19:42 / 01.01.2018
4 771

Diyor Imomxo‘jayevdan: Qorboboga ochiq xat

Diyor Imomxo‘jayevdan: Qorboboga ochiq xat
Ertaklardagi uch tilakni yaxshi bilasiz. Kimdir oltin baliq ushlab oladi-yu, istalgan 3 ta tilagini aytishi mumkin bo‘ladi. Ba’zida shamchiroqning ichidan chiqqan dev shunday imkon yaratadi.

Doim o‘ylab yurardim, menga ham shunaqasi uchrab qolsa, qaysi 3 ta tilagimni aytsam ekan deb. Biroz kattaroq bo‘lib, oltin baliq yoki devni aldash fikri tug‘ildi. Tushunib yetdimki, birinchi tilagimda 3 ta emas, istaganimcha orzularimni bayon qilishini buyuraman, buyog‘i VIP. Oltin baliq yaxshisi qovurib yeb qo‘ya qolishimni, jin shamchiroqni otib yuborishimni so‘rar balki, to‘g‘rimi? Mayli, hazil o‘z yo‘liga. Bugun fantastik janrining boshqa qahramoni — qorbobodan foydalanmoqchiman. “Erudit Sport”da chiqish qilib, million dollar so‘rasam, qorbobo aniqki, boshqa qiladigan ishing yo‘qmi, deb javob beradi. Hammasi “v temu” bo‘lishi uchun, futbolda bir narsalarni so‘ray qolaman.

Qorbobo, shunday qilgingki, oramizda g‘irrom odamlar kamaysin. Ular o‘g‘lining yoshini kichiklashtirib, jinoyat botqog‘iga botmasin, odamlarni, o‘zini, millionlab futbol muxlislarini aldamasin. Axir shundaylar kasriga futbolimiz bir joyiga kirib ketay dedi. Tushlarida bu qilmishlari uyushgan jinoyatchilik ekani borasida hikoyalar ko‘rishsin. Chunki bu bir necha kishi tomonidan kelishib qilinadigan ish: o‘g‘il, ota, ona, murabbiy, o‘qituvchi va hokazo.

Yana shunday bo‘lsinki, futbol klublari tezroq katta bo‘lsin. O‘zi pul topsin, o‘zi oila tebratish haqida o‘ylasin. Shunday bo‘lmasa, ular oldinga qadam tashlash haqida o‘ylamayapti. Davlatdan tayyor pul kelib tursa, muxlislar bilan ishlash, chiptalar savdosi, homiylar topish masalasida bir siljish bo‘lmayapti. Ko‘ryapmiz-ku, rivojlangan mamlakatlarda klublar davlatdan bir tiyin ham olayotgani yo‘q. Bizning sharoitda esa davlat qorbobolardan ham mehribon. Ular yarim kuch bilan to‘p tepadigan kap-katta odamlarga millionlab sovg‘alar beraveradi.

Qorbobo, chollarga o‘zing insof bergin. Qarigan chog‘larida pullarga, amallarga aralashmay, uylarida fayzligina bo‘lib, farzandlarini, nabiralarini duo qilib o‘tirishsin, u dunyolari haqida qayg‘urishsin. O‘tgan futbolchilarga haykal qo‘yishdan ham muhimroq ishlar borligi haqida unutishmasin. Axir bizdan Pele yoki Maradona chiqqan emas haykal qo‘yadigan. Ular tushunsinlarki, o‘lganlar ustilaridagi zil-zambil toshga emas, duo va xayrga muhtojliklarini. Ko‘ryapmiz-ku, o‘liklarni azoblayotgan mavzular ustida tiriklar qir-pichoq bo‘lib yurishibdi.

Aytaymi yana nima istardim, odamlarga insof berishini. Kimnidir haqorat qilishdan, bir nimada ayblash oldidan aqllarini ozgina ishlatib ko‘rishlarini. Tanqid, erkin fikr, pozitsiya, prinsiplar muhim. Biroq hamma narsada asos, fakt, tahlil bo‘lgani ma’qul. Saytning ortiga bekinib, turli bo‘hton-u, haqoratlardan tiyilmaydigan hezalaksifat odamlar kamaysin. Hamma narsa niyatga bog‘liq deyishadi. Niyatlari ko‘rinmay turib azob berish bo‘lsa, qaytimi o‘zlarida bo‘lsin. O‘zini bosib olgan, o‘tkir fikrlarini haqoratsiz ayta oladigan, mayna bo‘ladigan ishlardan uzoqda turganlar omon bo‘lsin.

Otkad ustiga in qurganlar jilla qursa aybini tushunib yetsin. Futbolchilarni Turkiya yoki Dubayga jo‘natib, u yerdagi mehmonxona-yu maydonlar narxi ustiga narx qo‘yib, o‘z cho‘ntagini xalqning puli bilan qappaytirib yurganlar bo‘lsa, insofga kelsin. Ko‘pniki yomon urishini tushunib yetsin. Chetdan kelganlarni o‘zimizning otellarga joylashtirishda ham dallollik qilib boyib yurganlar, chiptani atay olib-sotarlar qo‘liga berib, muxlislarni qiynab, o‘zi rohatda yurganlar aybini tushunib yetsin.

Iloji bo‘lsa, o‘yinlarni sotib, totalizatordan pul ko‘tarish uchun futbolni, futbol ortidan minglab odamlarni mayna qilib yurganlar ham qandaydir ajoyibot bilan illatidan tiyilsin. Topilgan bu pullari luqma bilan halqumlariga qanday kirayotganini o‘ylab, ko‘ngillari ozib ketsin.

Xayolimga kelgani shular bo‘ldi, qorbobo. Bolalik vaqtimda borligingga zo‘r ishonchim bo‘lgan. Keyin birdan katta bo‘lib qoldim. Men sendan kimnidir jazolashni so‘ramadim, adolat qaror topadigan kunda har kim qilmishiga yarasha jazo olajagini balki sen ham bilarsan.

Ha, tilagim bor. Niyati pok, yaxshi yo‘lni hammasidan afzal biladigan, halol mehnatim bilan barchasiga erishamagan deb o‘ylaydigan barcha-barchaning ishlariga rivoj, oilalariga tinchlik, sog‘liq va qut-baraka tilab qolaman. Eski yildagi ayblarimiz uchun kechiring. Yangi yilingiz bilan!
Diyor IMOMXO‘JAYeV, «Erudit Sport» gazetasi.


Manba: www.erudit-sport.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diyor Imomxo‘jayevdan: Qorboboga ochiq xat