22:38 / 04.04.2018
3 937

O‘zbek futbolida tarixiy voqea. Superliga titul homiyga ega bo‘ldi

O‘zbek futbolida tarixiy voqea. Superliga titul homiyga ega bo‘ldi
Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti, O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bugun jahonga mashhur “Pepsi” kompaniyasi vakillarini qabul qildi. Ushbu kompaniya o‘zbek sporti, xususan mamlakat futbolida yuz berayotgan islohotlarni yuqori baholab, O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasiga yangi tashkil etilgan Superligaga homiylik qilish taklifi bilan chiqdi.

O‘z navbatida Professional futbol ligasi kompaniya vakillariga Superliganing 4-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” – “Buxoro” uchrashuvida o‘z imkoniyatlarini namoyish etib berdi. Mamlakatimizning eng ko‘rkam arenasida “Pepsi” reklamasi uchun yaratilgan sharoitlardan kompaniya rahbarlari benihoya mamnun bo‘lishdi va Superligaga titul homiy bo‘lish istagini bildirishdi. Shu maqsadda “Pepsi” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbarlari bugun Milliy olimpiya qo‘mitasida Umid Ahmadjonov bilan uchrashishdi.

“O‘zbek futbolida so‘nggi paytlarda yuz berayotgan islohotlar e’tiborimizni tortdi. Tan olish kerak O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi Superligaga asos solgach, sezilarli ravishda muxlislarni stadionlarga qaytara oldi. So‘nggi yillarda muxlislar tashrifi bo‘yicha poytaxt stadionlari eng past ko‘rsatkichni qayd etardi. Bu yilgi mavsumdan e’tiboran hammasi tubdan o‘zgardi. Ortda qolgan to‘rtta tur yakunlariga ko‘ra eng ko‘p muxlis “Bunyodkor” stadioniga tashrif buyurgani so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Hammasi bo‘lib esa to‘rtta tur uchrashuvlarini deyarli 300 000 ishqiboz bevosita stadionlardan kuzatdi.

“Pepsi” kompaniyasi reklama industriyasida aynan sportning futbol turiga katta e’tibor qaratadi. Kompaniyamiz shuningdek, jahoning eng nufuzli sport musobaqalaridan biri – futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasining ham rasmiy homiysi hisoblanadi. Biz o‘zbek futbolida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, islohotlarda bevosita ishtirok etishni, shu orqali o‘zbek sporti taraqqiyoti va rivojlanishiga hissa qo‘shishni istaymiz. Qolaversa O‘zbekiston Superligasi kompaniyamizni yanada mashhurroq qilish, mahsulotlarimizni reklama qilish uchun katta bozordir. Biz bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarmasligimiz kerak,” – dedi “Pepsi” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Shuhrat Ergashev.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Professional futbol ligasi bunga qadar bir qator nufuzli firma va kompaniyalar bilan Superligaga homiylik qilish maslasida muzokaralar olib bordi. Ular orasidan aynan “Pepsi” kompaniyasining taklifi ma’qul keldi.

“Avvalo biz tomondan olib borilayotgan islohotlarga berilgan yuqori baho va e’tirof uchun minnatdorchilik izhor etaman. O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi boshqaruvida yeng shimarib ishga kirishganimizda o‘z oldimizga birinchi galdagi vazifa sifatida muxlislarni stadionga qaytarish masalasini qo‘ygandik. Ozmi ko‘pmi bu rejalar amalga oshayotganidan hursandman. Ammo bu bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz. Futbolni xalqimiz juda sevadi. Biz muxlislar uchun stadionlarda kerakli barcha sharoitlarni yaratish, eng avvalo toza, halol va tomoshabop futbol namoyish etish yo‘lida hali ko‘p ishlashimiz kerak. Ishonchim komilki, biz buning uddasidan chiqamiz,” – dedi Umid Ahmadjonov.

“O‘z navbatida futboldan tashqari boshqa sport turlari – jumladan dzyudo, sport kurashlari, og‘ir atletika, boks, taekvondo va boshqa turlar bo‘yicha ham hamkorlikni davom ettirishimiz mumkin. Asosiy maqsad ushbu shartnoma orqasidan mo‘maygina daromad olish emas, balki mamlakatimizda sport taraqqiyoti va Olimpiya harakatini yangi bosqichga olib chiqish. Sportda marketing sohasini yanada rivojlantirishdan iboratdir,” – deya so‘zini davom etttirdi MOQ Prezidenti.

Uchrashuv yakunida “Pepsi” kompaniyasi va O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi o‘rtasida shartnoma imzolandi. Demak, o‘zbek futboli tarixida birinchi marta O‘zbekiston Superligasi o‘zining titul homiysiga ega bo‘ldi. Bitim hozircha yil yakuniga qadar imzolandi. Kelasi mavsumda hamkorlik doirasini yanada kengaytirish, musobaqalar sonini oshirish, bolalar va mahalla futboliga ham kirib borish masalasida kelishib olindi. Shak shubhasiz, bugungi tarixiy voqea, o‘zbek sporti, xususan futboli taraqqiyoti yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘lib qoladi.

Manba: www.olympic.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek futbolida tarixiy voqea. Superliga titul homiyga ega bo‘ldi