09:56 / 15.05.2018
2 651

Shohjahon Ergashev: "Bugungi kundagi eng asosiy maqsadim jahon chempionligi kamarini qo‘lga kiritishdir"

Шоҳжаҳон Эргашев: "Бугунги кундаги энг асосий мақсадим жаҳон чемпионлиги камарини қўлга киритишдир"
WBA International kamari sohibi Shohjahon Ergashev Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurib, Umid Ahmadjonov qabulida bo‘ldi.

Uchrashuv davomida Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari bokschi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyorligi, undan faqat va faqat g‘alabalar kutib qolishi haqida aytib o‘tgani haqida ham ma’lum qilgandik.

Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati fursatdan foydalanib Shohjahon Ergashev bilan intervyu tashkil qildi. E’tiboringizga ushbu eksklyuziv intervyuni taqdim etamiz.

WBA International kamari uchun jang haqida

WBA International kamarini qo‘lga kiritish oson bo‘lgani yo‘q. Bu safargi hislar umuman boshqacha bo‘ldi. Chunki, vatanga kamar bilan qaytish odamga boshqacha bir his-tuyg‘u bag‘ishlaydi. Bundan juda xursandman. Meni qo‘llab-quvvatlab turgan insonlarga rahmat aytaman. Nasib qilsa, bundan ham yirikroq g‘alabalarni qo‘lga kiritaman.

Navbatdagi rejalar

Kelajakda reytingda birinchi o‘rinni egallab turgan bokschiga qarshi jang qilaman va uni mag‘lub etmoqchiman. So‘nggi jangimning ertasigayoq yana mashg‘ulotlarni boshlab yubordim. Chunki, hali o‘ylagan maqsadimga yetganim yo‘q. Keyingi jangimga O‘zbekistonda jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapman. Yaqinlarim meni qo‘llab-quvvatlab turishibdi. Bu orqali men yanada kuchli bo‘laman. Ishonamanki, barchasi yaxshi bo‘ladi.

Keyingi jang

Promouter, menejerlarim bilan birgalikda navbatdagi jangimni avgust oyi boshiga rejalashtiryapmiz. Bu chempionlik jangi bo‘lishi ham mumkin. Avgust oyi boshida, so‘ngra yil oxirida ringga chiqmoqchiman. Hozirgi rejalarim shulardan iborat.

MOQ rahbari bilan uchrashuv haqida

To‘g‘risi bunday uchrashuv bo‘lishini umuman kutmagandim. Chunki, men Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etmaganman. O‘zbekiston terma jamoasi safida kam musobaqalarda qatnashganman. Yurtimizda sportga bo‘lgan e’tibor, qolaversa Umid Ahmadjonovning so‘zlaridan yanada ruxlandim. Bu sportchi uchun yaxshigina dalda bo‘ladi. Umid Mahammadjonovich men uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar. Tezroq chempion bo‘lishim lozim. Bu esda qolarli uchrashuv bo‘ldi.

Osiyo va Olimpiya o‘yinlari

Musobaqalarda ishtirok etishim mumkin. Men Olimpiya, Osiyo o‘yinlarida, jahon chempionatlarida ishtirok etib, yurtimiz bayrog‘ini yuqorilarga ko‘tarishni bir umr orzu qilganman. Balki, ushbu orzuimga bir kun kelib yetisharman. Menga imkon berishlarini istardim. Hali o‘zimning to‘liq imkoniyatlarimni ko‘rsata olganimcha yo‘q. Bir kun kelib albatta vatanimizga oltin kamarni olib kelaman.

O‘zbek sportidagi islohotlar haqida

O‘zbekistonda sport yaxshigina o‘sdi. Ayniqsa, yakkakurash bahslarida rivojlandik. Milliy olimpiya qo‘mitasi ham sport rivoji yo‘lida keng ko‘lamda ishlar olib bormoqda. O‘zbek yoshlari bunday imkoniyatdan foydalanishlari lozim. Bunday sharoitlar hamma joyda ham bo‘lavermaydi. Ba’zi mamlakatlarda hattoki Olimpiada chempionlariga ham e’tibor bu darajada emas. Sportga e’tibor juda yuqori. Buning uchun yurtboshimizga, sport sohasidagi mutasaddilarga kattadan-katta rahmat aytaman.

O‘zbekistonda jang qilishi mumkin

Albatta, o‘z janglarimdan birini O‘zbekistonda o‘tkazishni istayman. Vatandoshlarim ko‘z o‘ngida jang qilib, ularning qo‘llab-quvvatlashi ostida ringga chiqishimni xohlayman. Buning uchun imkoniyat bor. Bugungi kundagi eng asosiy maqsadim jahon chempionligi kamarini qo‘lga kiritishdir. Bu yo‘lda kerak bo‘lsa uyqudan voz kechib, tinimsiz mashg‘ulot o‘tkazyapman. Nasib qilsa, jahon chempionligi kamari meniki bo‘ladi.

Manba: www.olympic.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shohjahon Ergashev: "Bugungi kundagi eng asosiy maqsadim jahon chempionligi kamarini qo‘lga kiritishdir"