14:56 / 29.05.2018
3 447

Superliganing “Superoqsoqollari”!

Superliganing “Superoqsoqollari”!
Bugungi Superliga imkon qadar o‘z nomiga mos ravishda bo‘lishi uchun islohotlar va yangilanishlarning natijasi o‘laroq chempionatdagi shiddat va murosasizlik oldingi yillarga nisbatan ko‘paydi, desak yanglishmaymiz. Buning uchun esa klublar safida to‘p surayotgan futbolchilar ham shunga monand yanada yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishga harakat qilayotganligi ham bor gap. Zero, buni Superliga bellashuvlari davomida ko‘rib turibmiz. Muhimi, O‘zbekiston chempionatida tezkor o‘yinlar ham ortib bormoqda. Agar ishtirokchi jamoalardagi futbolchilarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, borgan sari yosh iqtidorli o‘yinchilarning ham ko‘payib borayotganiga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Lekin shu bilan birga bugungi kunda Superligamizda “oqsoqol”ga aylangan o‘yinchilar ham yo‘q. Xo‘sh, ular hozirgi paytdagi Superligaga qanchalik mos tushishyapti? Uning darajasi bilan tenglasha olishyaptimi? Pro-ligada 42 yoshli Akmal Xolmatov hali ham futbol o‘ynayotgani e’tiborga molik. Biz esa ushbu masala yuzasidan Superligadagi «oqsoqollar» haqida fikr yuritishga qaror qildik.

Anvar Berdiyev - 40 yosh
Klubi: “Neftchi”
Tug‘ilgan yili: 11.05.1978


11 may kuni 40 yoshini qarshi olgan Anvar Berdiyev hali ham futbolchi! Oxirgi yillarni “Andijon” safida quyi ligada o‘tkazgan hujumchining ushbu yilning boshida yangilangan Superligada paydo bo‘lishi qaysidir ma’noda ajablanarli bo‘lgandi. O‘zi uchun qadrdon klubga aylanib qolgan “Neftchi”ga qaytishi bugungi kunda hozirda qanchalik foyda beryapti? Barchaga ma’lumki, farg‘onaliklar chempionatda yaqqol autsayder hisoblanishadi. Shunday ekan, jamoadagi futbolchilar ham shunga yarasha o‘yin namoyish etishyapti. Voqeaga real ko‘z bilan qaraydigan bo‘lsak, ushbu futbolchining faqat nomi qolgani ko‘rinib turibdi. Albatta, u yaxshi inson, yumshoq xarakterga ega. Qolaversa, o‘z vaqtida O‘zbekistonning kuchli hujumchilaridan biri ham bo‘lgan. Lekin vaq oliy hakam deganlaridek, bugungi Anvar Berdiyevga kuch yetmayapti. E’tibor qaratgan bo‘lsangiz, “Neftchi” o‘zi shundoq ham kuchsiz o‘yin ko‘rsatmoqda. Ammo shunda ham 40 yoshli o‘yinchi asosan zaxirada o‘tiribdi. To‘g‘ri, u bu yerga yordam berish maqsadida kelgandi. Qolaversa, faoliyatini “Neftchi”da yakunlash uchun ham shu yerga qaytgan bo‘lsa ajab emas. Lekin chempionatdagi shiddatni ko‘rib turibsiz. Shunday ekan, Anvar Berdiyev ham o‘z o‘rinini o‘sib kelayotgan yoshlarga bo‘shatib bersa bo‘laveradi. Balki yozgi tanaffus vaqtida Berdiyev yana bir bor faoliyatini yakunlash haqida o‘ylab ko‘rar.

Anvar G‘ofurov - 36 yosh
Klubi: “Bunyodkor”
Tug‘ilgan yili: 14.05.1982


Superligada Berdiyevdan keyingi yoshi katta o‘yinchilar orasida ikkinchi o‘rinda turuvchi futbolchi – bu Anvar G‘ofurov. Yaqinda 36 yoshni qarshilagan himoyachi ayni paytda ikkinchi yoshligini o‘tkazmoqda. Boisi u “Bunyodkor” safida doimiy ravishda asosiy tarkibda o‘ynab kelayotganini alohida e’tirof etish joiz. Juda tartibli va madaniyatli futbolchi sifatida o‘zidan yaxshi taassurot qoldirib kelayotgan G‘ofurov murabbiylarning ishonchini hali hamon oqlab kelayotgani tahsinga sazovordir. O‘tgan yili sobiq “Obod” klubida faoliyatini davom ettirgan paytida uning joriy mavsumda “Bunyodkor” bilan yana chempionlik uchun kurash olib borishini ko‘pchilik o‘ylamagandi. Ammo “qaldirg‘ochlar” ustozi Mirjalol Qosimov Anvarning imkoniyatlarini yaxshi bilgan holda uning “Bunyodkor”ga foydasi tegishiga ishondi va amalda ham shunday bo‘lyapti.

- Men hali faoliyatimni yakunlash haqida o‘ylayotganim yo‘q, deydi – Anvar G‘ofurov. – “Bunyodkor”da murabbiylar menga to‘liq ishonch bildirib, qo‘llab-quvvatlashyapti. Bu esa menga qo‘shimcha kuch bag‘ishlayapti. Jismoniy tayyorgarligim joyida va bemalol futbol o‘ynashga kuchim yetyapti. Shuning uchun yoshlar bilan bemalol raqobatlashyapman. Muhimi, o‘zimni juda yaxshi his qilyapman va jamoamga foydam tegayotganidan xursandman.

Kamoliddin Tojiyev - 35 yosh
Klubi: “Paxtakor”
Tug‘ilgan yili: 05.03.1983


Berdiyev va G‘ofurov singari ushbu o‘yinchi ham may oyida tavallud topgan. Yaqinda 35 yoshga to‘lgan Kamoliddin Tojiyev hozircha “Paxtakor”ning zaxirasini to‘ldirish uchun kerak bo‘layotgandek. Chunki klubdagi kuchli raqobat tufayli ushbu himoyachi hozircha Shota Arveladzening boshlang‘ich tarkibidan joy ololmayapti. Balki Tojiyev klubda raqobatni ushlab turish uchun kerak bo‘lyaptimikin, degan xayolga ham boryapmiz. Ammo bosh murabbiy bir necha bor ushbu futbolchi haqida iliq fikrlarni bildirib, istalgan paytda jamoaga yordam bera olishi haqida aytgandi. Lekin zaxiraga “mixlanib” qolayotgani Kamoliddinga yoqmayotgani turgan gap.

Nosir Otaqo‘ziyev - 34 yosh
Klubi: “Qo‘qon-1912”
Tug‘ilgan yili: 30.01.1984


“Qo‘qon-1912”ning faxriysiga aylangan hujumchi hali hamon yetakchi bo‘lib kelmoqda. Qolaversa, u jamoasining sardori ham hisoblanadi. Bosh murabbiy No‘’mon Hasanov Otaqo‘ziyevni ba’zida asosiy tarkibda, yana ba’zida zaxiradan maydonga tushiradi. Muhimi, u o‘yinda bo‘lgan paytida jamoasining hujumini faollashtirib turishda o‘zi ham faol ishtirok etmoqda. Shu bilan birga u gol urishni ham unutib qo‘yayotgani yo‘q.

Nemanya Yovanovich - 34 yosh
Klubi: “Qizilqum”
Tug‘ilgan yili: 03.03.1984


Chempionatimizdagi legionerlar orasida “keksa” o‘yinchi hisoblangan serbiyalik ushbu o‘yinchi faoliyatida ikkinchi bor “Qizilqum” sharafini himoya qilib kelmoqda. Uning ustunligi asosan ikkinchi qavatda ko‘zga tashlanadi. Shu bois Yovanovich jamoasining asosiy hujumchisi sanaladi. 34 yoshda ekanligi esa hozircha uning o‘yin saviyasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmayotgandek. Ammo vaqt o‘tib borgani sari Nemanyaga ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. Ayniqsa, jismoniy tomondan toliqish ushbu o‘yinchida sezilib qolyapti.

Zohid Abdullayev - 34 yosh
Klubi: “Metallurg”
Tug‘ilgan yili: 25.05.1984


Zohid Abdullayev ham bir qarashda keksa o‘yinchilar qatoriga qo‘shilib qoldi. Faoliyatining katta qismini “Metallurg” jamoasi uchun o‘tkazib kelayotgan hujumchi Xikmat Hoshimovdan keyin bekobodliklarning sardoriga aylandi. Ochig‘ini aytganda, Abdullayev o‘z klubining yetakchilaridan biri va uning maydonda borligi “Metallurg”ga ancha foyda berayotganini bir qator uchrashuvlarda ko‘rdik.

- “Metallurg” klubida o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Rahbarlar, murabbiylar, futbolchilar va muxlislar menga ishonishadi. Shuning uchun zimmamdagi mas’uliyatli vazifani bajarishga har bir o‘yinda qo‘limdan kelganicha harakat qilyapman. Jismoniy tomondan ham kuchim yetarli darajada va jamoam uchun yordam berishga hamisha tayyorman. Qolaversa, jamoadoshlarimning ham yordamimni his qilish yoqimli. Biz bir oilamiz, - deya fikr bildirdi, Abdullayev.

Erkin Boydullayev - 34 yosh
Klubi: “Qizilqum”
Tug‘ilgan yili: 04.10.1984


“Qizilqum” sardori va yetakchisi! Erkin Boydullayevni “Qizilqum”ning “yuragi” deyish mumkin. “Nasaf”dagi bir necha yillik faoliyatidan keyin Navoiy jamoasida o‘ynab kelayotgan tayanch yarim himoyachisi hozircha yoshi o‘tib borayotganini o‘ylamayapti. O‘zining aytishicha, hozircha jismoniy tomondan toliqishni u qadar sezayotgani yo‘q. Boydullayev professional futbolchi sifatida qanday rejim ostida ishlashni yaxshi biladi.

Artur Gevorkyan - 34 yosh
Klubi: “Qizilqum”
Tug‘ilgan yili: 22.11.1984


“Qirol Artur” nomi bilan tanilgan Gevorkyanning “Qizilqum”dagi faoliyatini o‘rtacha baholash mumkin. “Nasaf”dagi yorqin o‘yinlaridan keyin navoiyliklar jamoasida hozircha oldingi Arturni ko‘rayotganimiz yo‘q. Balki unga yoshi o‘tib borayotgani qaysidir ma’noda ta’sir ko‘rsatayotgandir. Odatda bunday jarayonda har kimda turlicha bo‘ladi. Masalan, yuqorida ta’kidlaganimizdek, Anvar G‘ofurov 36 yoshida ham binoyidek o‘ynayapti. Gevorkyan esa 34 yoshida oldingi o‘yinlarini yo‘qotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Lekin jamoa bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov klubning faxriylari – Yovanovich va Boydullayev singari Gevorkyanga ham ishonch bildirishini bir necha bor aytgandi.
Shuhratbek Jo‘rayev.

Manba: sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superliganing “Superoqsoqollari”!