13:36 / 01.06.2018
3 452

Jasur Hasanov: “Nasaf”dan nima uchun ketganimni vaqti soati kelganda aytaman

Jasur Hasanov: “Nasaf”dan nima uchun ketganimni vaqti soati kelganda aytaman
Bugungi kunda “Nasaf”ning atrofidagi voqealar hech kimni befarq qoldirmayapti. Moliyaviy muammolar jamoani ta’qib etib kelmoqda. Natijada klubni bir qancha o‘yinchilar tark etish arafasida. Birinchilardan bo‘lib esa tajribali yarim himoyachi Jasur Hasanov qarshiliklar safini tark etdi. Albatta, mavsum o‘rtasida uning ketib qolishi kutilmagan holat bo‘ldi. U “Nasaf”da o‘z o‘yinlari bilan ishqibozlarning ishonchini qozonib kelayotgandi. Shu bois Jasurning ketishi jamoa uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Ammo Hasanov klubdan moliyaviy qiyinchiliklar tufayli ketganini aytayotganlar ko‘p. Qolaversa, uni “So‘g‘diyona”ga o‘tishi haqida ham gapirilyapti. Biz esa o‘zi bilan gaplashib, ko‘plab masalalarga oydinlik kiritib olmoqchi edik. Hasanov esa biz bilan suhbatlashishga rozi bo‘ldi.

- Kun tartibidagi asosiy masalalardan biri shuki, sizning kutilmaganda “Nasaf”ni tark etganingiz barchani hayron qoldirdi. Dastlab muxlislar uchun ushbu masalaga oydinlik kiritib o‘tsangiz.

- Muxlislarni to‘g‘ri tushunaman va ularni hurmat qilaman. Shundoq ham ushbu masala bo‘yicha sizlarga intervyu berish niyatim bor edi. Rostdan mening “Nasaf”dan ketishim kutilmagan holat bo‘ldi. Menimcha, bunday bo‘lishini hech kim o‘ylamagandi. Ayni paytda ko‘pchilikning og‘zida “Nasaf”da pul yo‘q, maoshlar vaqtida berilmayapti, legionerlar klubdan ketarkan, degan gaplar yuribdi. Lekin mening ketishimga bularning mutlaqo ta’siri yo‘q. Oylik maosh yoki mukofot pullarini bermayotgani hech qanday sabab emas. U yerdan ketganimning sababi umuman boshqa. Agar shu suhbatim chiqsa, kerakli odam buni o‘qib o‘zi uchun kerakli xulosalarni chiqarib oladi degan umiddaman. Mening muxlislarga hech qanday e’tirozim yo‘q. Aksincha, qo‘llab-quvvatlashgani uchun ulardan minnatdorman. Shu bois ishqibozlardan mingdan-ming roziman. Men doim muxlislar bilan birgaman.

- Agar “Nasaf”dan ketganingizning sababi boshqa bo‘lsa, buni hozircha oshkor qilish niyatingiz yo‘qmi?

- Aniq sababini ayta olmayman, buni o‘zim bilaman. Ammo buni baribir aytishga majburman. Faqat vaqti soati kelganda aytaman. Hozir esa podadan oldin chang chiqarmoqchi emasman.

- “Nasaf” klubidagi voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Natijalar salbiy ko‘rinish olyapti, siz ketdingiz va yana boshqa futbolchilarning ham jamoani tark etishi borasida aytilmoqda. Moliyaviy muammolar esa tobora avj olmoqda. Siz ham sobiq klubingizning taqdiriga befarq emasmisiz? Umuman, voqealar rivojini kuzatib boryapsizmi?

- O‘zinglar ham bilasizlar, yilning boshida bir qator o‘yinchilarimiz “Paxtakor”ga ketishdi. Lekin o‘sha ketgan futbolchilar bilan “Nasaf” kuchsizlanib qolgani yo‘q. Ulardan keyin yosh o‘yinchilarga yanada ko‘proq imkoniyat berila boshlandi. Osiyo Chempionlar ligasida ham ko‘rgan bo‘lsangiz, bir qator iqtidorli yoshlar maydonga tushirildi. To‘g‘ri, biz guruhdan chiqa olmadik. Ammo shunga qaramay, bu musobaqada munosib ishtirok eta oldik deb o‘ylayman. “Nasaf”ga o‘tgan yili kelganimda ham aytgandim va hozir ham aytishim mumkinki, u yerda jamoa emas, butun bir oila mujassam bo‘lgan. Buni aytishdan sira uyalmayman. Maydonda bo‘ladimi yoki maydondan tashqaridami, har doim hammamiz bir oila bo‘lib yurardik. Klubdagi yosh o‘yinchilar bilan ham yaxshi chiqishaman. Haligacha o‘sha yosh futbolchilar va muxlislar menga qo‘ng‘iroq qilib, jamoadagi o‘rningiz bilinyapti deb aytishyapti. Lekin “Nasaf”dan ketishni o‘zim xohladim. Rahbariyatning oldiga kirib meni qo‘yib yuboringlar, boshqa ortiq o‘ynash niyatim yo‘qligini aytdim. Ammo klubdan hech kim menga sen ketaver, endi bizga kerak emassan, deb aytgani yo‘q. O‘rtamizda urush yoki janjal bo‘lgani yo‘q. Shunchaki, ularga hammasini to‘g‘ri tushuntirdim. Bunday qarorga kelganimga klubning yangi rahbari Sergey Petrovich Kucherenko ham hayron qoldi va bu qarorimni kutmagandi.

- Sizning bu qaroringizga bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyevning munosabati qanday bo‘ldi?

- Aytyapman-ku, mening ketishimni hech kim kutmagandi. “Nasaf”dagi oxirgi o‘yinim “Paxtakor”ga qarshi bo‘lgandi. Shundan keyin qarshiliklar “Neftchi” va “Buxoro” bilan o‘ynashdi, ammo men o‘yinda ishtirok etmadim. Chunki “Paxtakor” bilan o‘tkazilgan uchrashuvda oyog‘imda biroz jarohat paydo bo‘lgandi. Shu bois o‘zim yakka tartibda shug‘ullanib, tiklanishga harakat qildim. Oxiri rahbariyatning oldiga kirib kelajagim borasida gaplashib olishga majbur bo‘ldim. Men u yerdan ketganim uchun hech kimdan xafa emasman. Avvalambor Qashqadaryo muxlislaridan juda xursandman. Bunday ishqibozlarni topish qiyin. Bu kabi ashaddiy va jonkuyar muxlislar vodiyda va Qarshida bor. Ayni paytda klubdan 90 foizga ketdim. Ammo meni ishqibozlar to‘g‘ri tushunishadi degan umiddaman. Yana bir bor qaytaraman: “Nasaf”da pul berilmayotgani yoki moliyaviy muammolar tufayli ketmadim. U yerdan umuman boshqa sabab tufayli ketdim.

- “Nasaf”dagi faoliyatingiz qanday taassurot qoldirdi?

- O‘tgan yili borgan bo‘lsam, ko‘pchilik menga ikkinchi yoshligingni ko‘ryapmiz deb aytishdi. Lekin bu shunchaki gap xolos. Agarda futbolchi qanday yoshda bo‘lishidan qat’iy nazar ishlashdan, mehnat qilishdan va o‘z ustida harakat qilishdan to‘xtamasa ikkinchi va hattoki uchinchi yoshligini ham ko‘rsata olishi mumkin. Menga “Nasaf”dan taklif tushganida u yerga sira ikkilanmasdan borganman. Chunki bu qanday jamoa ekanligini bilardim. “Nasaf”ga borgan birinchi kunimdanoq juda tez kirishib ketganman. U yerdagi futbolchilarni o‘z ukalarimdek ko‘raman. Shu bois moslashishim oson bo‘lgan. Buni ko‘rib hamma hayron qolgandi. Bir yil davomida ushbu klubda o‘ynadim va bundan nolimayman. “Nasaf” juda yaxshi jamoa. Bundan keyin ham ularga omad tilab qolaman.

- Bungacha Navoiyning “Qizilqum” klubida to‘p surgandingiz. Sizning “Nasaf”dagi va “Qizilqum”dagi o‘yinlaringizni tahlil qildik va Qarshida o‘z o‘yiningizni ko‘rsata olganingizni aytishimiz mumkin. Buning sababi nimada? Muhitni almashtirganingizmi yoki murabbiy bilan bog‘liqmi?

- “Qizilqum” ham yaxshi jamoa, ularni yomon deb ayta olmayman. “Nasaf”ga o‘tganimdan keyin Ro‘ziqul Berdiyev o‘z yordamchilari bilan mening o‘yinimni yaxshilash uchun mashg‘ulotlarda alohida individual tarzda ishlashdi. Oldingi sport formamga qaytarish uchun doim menga mashg‘ulotlardan keyin qo‘shimcha yuklamalarni berishardi. Bu gapim bilan “Qizilqum”ni yomon jamoa demoqchi emasman. Shunchaki, hamma joyni o‘z o‘yin uslubi bor. Shuning uchun “Qizilqum”niki boshqacha, “Nasaf”niki boshqacha.

- Ayniqsa, jismoniy tomondan sizda sira charchoq alomatlarini ko‘rmadik. Bunday energiyani hammada ham uchratmaymiz...

- Hammasi insonning o‘ziga bog‘liq. Kimdadir xohish kuchli bo‘ladi, kimdadir kamroq. “Nasaf”ning ko‘plab yoshlariga ham shu gaplarni aytyapman. Men shu paytgacha charchamay o‘ynab kelyapman.

- Bundan chiqdi, hozirgi shijoatingizdan kelib chiqib aytsak, faoliyatingiz yakunlanib borayotganini o‘ylamayotgan bo‘lsangiz kerak-?

- Kuchim boricha o‘ynayman. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.

- Yana bir asosiy masala shundaki, sizni yozda “So‘g‘diyona”ga o‘tishingiz haqida ham ko‘p gapirishyapti. Vaziyatga oydinlik kirita olasizmi?

- O‘zim ham kuni kecha Jasur Hasanov “Nasaf”dan ketib “So‘g‘diyona”ga qo‘shildi, degan xabarni o‘qidim. Sizga to‘g‘risini aytsam, menga birgina “So‘g‘diyona” emas, 5-6 ta klub qiziqish bildiryapti. Lekin hali hech kimga aniq javob berganim yo‘q. Chunki variantlarim ko‘p. Qolaversa, Superligamizda biroz ta’til bo‘ladi. Shu payt davomida hammasini o‘ylab chiqib, keyin bir qarorga kelaman. To‘g‘ri, Jizzax jamoasi bilan og‘zaki gaplashdim. Lekin o‘rtamizda biror nimani hal qiladigan gap bo‘lgani yo‘q. So‘zda boshqa, amalda boshqa bo‘lishi mumkin. Ayni paytda hech kimga palonchi klubga o‘taman deb ayta olmayman. Menimcha, tez orada hal bo‘lib qoladi.



- Darvoqe, “Nasaf”ni qanday shartlar asosida tark etdingiz? Ya’ni, boshqa jamoaga o‘tsangiz, bundan “Nasaf” moddiy tomondan manfaat ko‘radimi? Yoki erkin agent asosida ketdingizmi?


- Hozir shu masalada bosh qotirilyapti. Klub bilan o‘zaro kelishgan holda hujjatlarimni olaman.



- Buni bejizga so‘ramadim. Chunki “Nasaf” hozirgi qiyin sharoitda o‘z o‘yinchilarini sotish orqali moliyaviy ahvolini biroz bo‘lsa-da, yaxshilab olish ilinjida bo‘lyapti. Shuning uchun siz bilan ham shunday holat ro‘y berarmikin, degan ma’noda aytdim.


- Klub rahbariyati bilan har kuni mana shu masala bo‘yicha aloqadaman. Men o‘zboshimchalik bilan ketish niyatim yo‘q. U yerdan faqat kelishilgan holda ketaman.

- Jamoa ichidagi vaziyatdan yaxshi xabardorsiz. Ayting-chi, “Nasaf”ning ahvoli yaxshilanib ketarmikin?

- “Nasaf”dagi vaziyat o‘nglanib ketishiga hamma umid qilyapti. Men ham shuning tarafdoriman. Ayni damda esa “Nasaf”ning bir qator futbolchilariga boshqa klublardan jiddiy qiziqishlar bor. Hammasi takliflarni o‘ylab chiqishyapti, buni yashirishning keragi yo‘q.

- To‘g‘ri, masalan Dragan Cheranning “Paxtakor”ga o‘tishi yoki Aziz G‘aniyevning Ispaniyaga ketishi haqida gapirishyapti...

- Cheran haqida bir nima deya olmayman. Uni “Paxtakor”ga ham, “So‘g‘diyona”ga ham ketadi deb gapirishyapti. U o‘z kelajagini o‘zi hal qiladi. G‘aniyevga kelsak, ha, unga Ispaniya klubi to‘rt yillik shartnoma taklif qilibdi. Hali o‘zi bilan ko‘rishib gaplashganim yo‘q. Qachonki, Aziz bilan ko‘rishsam, shunda oydinlik kiritishim mumkin. G‘aniyevni xorijda to‘p surishini xohlayman. Shu jumladan Odil Hamrobekovni ham legioner sifatida chetda o‘ynashining tarafdoriman.

- Hozirgi yoshingizda sizda ham legioner sifatida to‘p surishga kuchingiz yetadimi?

- Boya aytganimdek, oldimda bir qator takliflar turibdi. Ularni ko‘rib chiqqanimdan keyin bir nima deya olaman.

- Takliflar orasida xorijdan ham bormi?

- Bunisi sir bo‘lib qolsin. Takliflarni faqat o‘zim bilaman. Bu borada meni qiynamanglar, hozir bu kabi savollarga javob bergim kelmayapti. Hammasiga oydinlik kiritilganidan keyin yana xotirjam gaplashaveramiz.

- “Nasaf”da siz uchun yoqimli va yoqimsiz kechgan o‘yinlar bo‘ldimi?

- Har bir jamoa “Nasaf”ga qarshi bor kuchini ko‘rsatib g‘alaba qozongisi keladi. Bir yil davomida zo‘r o‘yinlar bo‘ldi. Lekin qaysidir uchrashuvni og‘ir yoki yengil o‘tdi deb aytmayman. Kimda-kim “Nasaf” bilan o‘ynasa, jiddiy tayyorgarlik ko‘radi. Bu yil yangi reglament tuzildi va bunga ko‘ra hamma jamoa ortda qolmasdan faqat yuqori o‘rinlar uchun kurashyapti. Shu bois ushbu yilda chempionatimiz saviyasi yanada ko‘tarildi deb o‘ylayman. Yildan-yilga chempionatimizdagi raqobat mana shunday tarzda o‘sib boraversa, O‘zbekiston terma jamoasi albatta jahon chempionatiga chiqa oladi. Bu esa avvalambor o‘zimizning chempionatga bog‘liq. Hozirda hech kim mag‘lubiyat yoki durangni o‘ylab maydonga tushmayapti. Hammaning maqsadi bitta: faqat g‘alaba!

- To‘g‘ri, chempionatdagi intriga kuchayib boryapti. “Nasaf” esa hattoki kuchli oltitalikka ham kira olmay qolyapti va hozirda 7-o‘rinda boryapti. Sizninga, bu hol klubning mavqei tushib borayotganidan darak emasmi?

- Yo‘q, “Nasaf”ning mavqei tushib ketmaydi. Oldinda o‘yinlar ko‘p. Jamoa baribir yuqori o‘rinlar uchun kurashaveradi. Hech kim o‘z oshini shunchaki berib qo‘ymaydi. “Nasaf” ham oxirigacha kurashadi.
Shuhratbek JO‘RAYEV suhbatlashdi.

Manba: Sports.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jasur Hasanov: “Nasaf”dan nima uchun ketganimni vaqti soati kelganda aytaman