15:12 / 15.07.2018
2 246

Ronaldu italyan futbolini qayta jonlantira oladimi?

Ronaldu italyan futbolini qayta jonlantira oladimi?
Portugaliyalik super-yulduz yoshiga qaramay super narxga A Seriya vakiliga aylandi. Xo‘sh, 33 yoshli futbolchi Italiya futboliga nima bera oladi? U bir paytlar eng kuchli chempionat hisoblangan A Seriyani jonlantira oladimi? Quyida bunga javob izlab ko‘ramiz.

Ronalduning kelishi barcha narsani o‘zgartirib yubordi. Dunyoning eng nomdor futbolchisi Italiyada ham eng yaxshi sport markasiga aylanishi, shubhasiz. U so‘zsiz A Seriya xudosiga aylanadi. U so‘nggi vaqtlarda Ispaniyada tez-tez rad qilingan hurmat va e’tiborni qayta topishi muqarrar.

Albatta pul ham asosiy faktor, ammo Ronaldu “Yuventus” muxlislarining ko‘nglidan ancha avval joy olgan. Mart oyida Turinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda urgan golidan keyin mezbon jamoa muxlislari Ronalduni o‘rnilaridan turgan holda olqishlagandi. Bu holat sportchini junbushga keltirgan bo‘lsa ajabmas. Buning uchun Ronaldu muxlislardan minnatdor bo‘lganini o‘shandayoq ta’kidlagandi.

“uzoq tarixga ega stadiondan olqish olish bu aqlbovar qilmas tajriba” – degandi Krishtianu “Real” klubi saytiga bergan intervyusida.

“Bolaligimda “Yuventus”ni yoqtirardim va endi ularning muxlislari meni olqishlagani doimo yodimda qoladi.”

U “Sporting”dan “Yuventus”ga o‘tishiga bir bahya qolganini hech unutmaydi. O‘shanda transfer deyarli hal bo‘lgandi. 18 yoshli futbolchi “Yuve”ga o‘tishga rozilik bergandi. Ammo Marselo Salasning rad qilishi tufayli transfer barbod bo‘lgan edi.

Endi, uning orzusi ushaldi. KR7 “Yuventus” a’zosiga aylandi. So‘nggi o‘n yillikda birinchi marta “Oltin to‘p”ning amaldagi sohibi Italiya A Seriyasida to‘p suradi.

Bu esa italyan futboli uchun sezilarli rivojlanish. Bu so‘nggi yillarda pulga muhtojlik sezayotgan A Seriyaga bu muammoni hal qilishiga yordam beradi. Shu yozda “Milan” feyr-pley qoidalarini bajara olmagani uchun Yevropa musobaqalaridan chetlatildi.

“Keksa sinora” esa aksincha Yevropa futbolida “qamchini bosayotgan” klublardan biri. Ular qayta tiklanishga erishdi. 2018-yilda topgan daromadi 33 yoshli futbolchini sotib olishga bemalol yetadi.

“Byankonerilar” futbolka sotuvidan ham ancha daromad qiladigan bo‘ldi. Chempionlar Ligasida to‘rtta o‘rin naq bo‘lgach, “keksa sinora”ning ishtahasi ochilishi aniq. Italyan futboli esa qayta jonlanishi aniq. Ko‘plab muxlislar va mutasaddilarni qaratishni A Seriya so‘nggi marta braziliyalik Ronaldo davrida kuzatgandi.

Butun dunyodagi muxlislar endi Ronalduning yangi klubidagi o‘yinlarini kuzatadi, uchinchi chempionatda ham bosh sovrinlarga ega chiqadimi, “Janob Chempionlar Ligasi” “Yuve”ning Yevropadagi 22 yillik quruq seriyasiga barham beradimi, degan o‘ylar bilan o‘tkazadi.

Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Ronaldu “Yuventus” futbolchilarining maoshidan to‘rt baravar ko‘p ishlab topadi. Bu holat barchaga yoqavermasligi aniq. Hozircha Ronalduning yangi jamoadoshlari klubga dunyoning eng kuchli futbolchisi kelganidan xursand.

Dastlab Blez Matyuidi bu haqida og‘iz ochdi. “Bu klub va “Yuventus” futbolchilari uchun juda ajoyib. Bu A Seriya uchun ham juda ajoyib bo‘ldi.”

Kristian Veridan esa eng ajoyib iqtibos chiqdi. “Italyan futboli lotereya yutib olgandek bo‘ldi” – deydi BeIN Sports ga bergan intervyusida.

Xullas, Ronaldu bilan italyan futboliga bo‘lgan qiziqish qayta uyg‘onishi kafolatlangan.
Erkinjon G‘aybullayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ronaldu italyan futbolini qayta jonlantira oladimi?