22:54 / 25.07.2018
3 238

Mulohaza. "Nasaf" nega pasayib ketdi?

Мулоҳаза. "Насаф" нега пасайиб кетди?
Qarshining “Nasaf” klubi oxirgi paytlarda qayd etayotgan natijalar ko‘pchilikni o‘ylantirayotgani bor gap.
Bir eslang-a, mavsum boshida bu jamoa ishtirokida chiroyli o‘yinlarni ko‘rgandik. “Nasaf” hatto Osiyo chempionlar ligasida guruhdan chiqish uchun kurash olib borgandi. O‘z maydonida BAAning “Al Vasl” hamda Qatarning “Al Sadd” klubini mag‘lub etgan, shuningdek Eron chempioni “Persepolis” bilan durang o‘ynagan jamoaning hozirgi ahvoliga to‘g‘risi havas qilib bo‘lmaydi. Chunki bugungi kunda “Nasaf” Superligada o‘ziga yarashmagan 7-o‘rinda yuribdi. Savol tug‘iladi: “Nasaf” nega pasayib ketdi? Quyida shu haqda mulohaza yuritamiz.

Asosiy muammo pul

“Nasaf” futbol klubida pul bilan bog‘liq muammolar borligi kecha yo bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Bu gap o‘tgan yilning ikkinchi yarmidan so‘ng avj olgandi. O‘shanda klubda muammolar boshlangani, jamoa pulsizlikdan qiynalayotgani haqidagi gaplar urchigandi. Shunga qaramay, “Nasaf” mavsumni ijobiy yakunlay oldi. Jamoa o‘z tarixida ikkinchi bor chempionatni ikkinchi o‘rinda tugatdi. Yangi mavsumda jamoani 30 yanvar kuni OChL pley-off uchrashuvi kutib turar, chunki “Nasaf”ning O‘zbekiston chempionatining ikkinchi o‘rin sohibi sifatida ushbu musobaqani pley-offdan boshlashi ma’lum edi.

Tabiiyki OChLda munosib ishtirok etish uchun tarkibni shunga yarasha kuchaytirish talab etiladi. Ammo klubda yuzaga kelgan moliyaviy inqiroz sabab Ro‘ziqul Berdiyev jamoani o‘zi xohlagandek kuchaytira olmadi. Shunday bo‘ldiki, murabbiy hatto 30 yanvar kungi o‘yinda U-23 Osiyo chempionatidan endigina qaytib kelgan Aziz G‘aniyev, Bobir Abduxoliqov, Odil Hamrobekov kabi futbolchilarni maydonga tushirishga majbur bo‘ldi. Axir tarkibda o‘yinchilar tanqisligi mavjud edi-da. “Nasaf”ning transferlar oynasida faol bo‘lmagani sababi ham pul bilan bog‘liq. Shu bois birgina Slavko Lukichni hisobga olmaganda, Jahongir Aliyev bilan Sanjar Rashidov majburan taklif etildi. Vaholanki, bu o‘yinchilarning OChLda yordam bera olmasligi kundek ravshan edi.

Ishtiyoqqa boy harakat

Shunga qaramay, “Nasaf” yanvarda o‘tkazilgan OChL pley-off bahsida o‘zini ko‘rsata oldi. Iordaniyaning “Al Faysali” klubi bilan kechgan bellashuvda qarshiliklar 5:1 hisobida zafar quchishdi. Jamoa OChL guruh bosqichiga yo‘l oldi. Quvonarlisi shuki, guruh o‘yinlarida “Nasaf” yo‘qolib qolmadi. Guruhda “Persepolis” va “Al Sadd”dek kuchli raqiblar bo‘lishiga qaramay, “Nasaf” 10 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.

Bu tomonlama “Nasaf” “Lokomotiv”ga nisbatan yaxshi ishtirok etdi deya olamiz. Chunki “Lokomotiv” O‘zbekistonning amaldagi chempioni hamda tarkibida ajoyib futbolchilari bo‘la turib, OChL guruh o‘yinlarida atigi 7 ochko to‘pladi. Qolaversa, “Loko”ning guruhdagi raqiblari “Persepolis” va “Al Sadd” singari dahshatli emasdi. To‘g‘ri, “Al Duhayl” bor edi, biroq Eronning “Zob Ahan” klubi bilan bemalol o‘ynasa bo‘lardi. Mayli, bu endi boshqa mavzu. “Nasaf” garchi guruhdan chiqa olmagan bo‘lsa-da, o‘z muxlislari uchun ajoyib onlarni taqdim etib berdi. Har uchala uy uchrashuvida stadion to‘ldi, o‘ziyam haqiqiy futbol havosi bo‘lgandi. Ayniqsa “Al Sadd”ning tashrifi qarshilik muxlislar uchun bayram shukuhini tuhfa etgandi.

“Nasaf”ning tarkibi u qadar kuchli emasdi, shunga qaramay aynan ishtiyoqqa boy o‘yini tufayli 10 ochko to‘plashga erishdi. Jamoa o‘z maydonida “Al Vasl” bilan “Al Sadd”ni, safarda yana “Al Vasl”ni mag‘lub etgan bo‘lsa, “Persepolis” bilan durang o‘ynadi. Faqat muxlislar ta’bini xira qilgan jihat jamoaning Tehronda 0:3 hamda Dohada 0:4 hisobida yutqazib qo‘ygani bo‘ldi. Ammo bemalol ayta olamizki, “Nasaf” OChL guruh o‘yinlarida o‘z muxlislarini xursand qila oldi.

Superligadagi ishtirok

Bu orada Superliga bahslariga start berildi va “Nasaf” mavsumni ijobiy boshladi. Shunday bo‘ldiki, “Nasaf” ketma-ket sakkizta o‘yinda mag‘lub bo‘lmadi. Jamoa uch marta g‘alabaga erishgan bo‘lsa (“Buxoro”, “Qizilqum”, “Lokomotiv” ustidan), besh bor durang (“Neftchi”, “Metallurg”, “Navbahor”, “Qo‘qon-1912” va AGMK bilan) o‘ynadi. To‘g‘ri, boshida duranglar ko‘p bo‘ldi, lekin buni ko‘pchilik jamoa ikkita frontda kurashgani bilan izohladi. Axir taqvim zich tuzilgandi, “Nasaf” OChL safar o‘yinidan qaytishi bilanoq ichki chempionatda maydonga tushishiga to‘g‘ri kelardi.

Bundan tashqari, deyarli barcha o‘yinlarda bir xil tarkib o‘ynayverganidan futbolchilarda charchoq alomatlari kuzatila boshlandi. Zaxira torligidan Berdiyev deyarli o‘zgarishlarsiz bir xil tarkibni maydonga tushirishga majbur bo‘ldi. Mavsum uzoq, faqat bitta tarkib bilan hamma o‘yinlarni yutishning imkoni yo‘q. Bu narsa tezda o‘z so‘zini aytib, “Nasaf” Superligadagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Yana kimdan deng? Superliga autsayderi “So‘g‘diyona”dan. Buning ustiga o‘z maydonida! Ehtimol, “Nasaf” safarda yutqazib qo‘yishi mumkindir, ammo Qarshida mag‘lub bo‘lishini tasavvur qilish nihoyatda qiyin.

Qiziq, o‘z maydonida “Al Sadd”ni mag‘lub etgan klub qanday qilib “So‘g‘diyona”ga yutqazib qo‘yishi mumkin? Shundan so‘ng “Nasaf” Superliganing birinchi davrasini ketma-ket uchta mag‘lubiyat bilan yakunladi. Jamoa “So‘g‘diyona”dan keyin safarda “Bunyodkor” va o‘z maydonida “Paxtakor”ga ham imkoniyatni boy berdi. Bu orada ikkinchi davra boshlanib, jamoalar yana kurashga kirishib ketishdi. “Nasaf” hartugul ikkinchi davrani g‘alaba bilan boshladi. Jamoa o‘z maydonida “Neftchi”ni 2:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa-da, juda zerikarli futbol ko‘rsatdi.

Buyog‘i nima bo‘ladi?

Jamoa shundan so‘ng beshta o‘yinda ishtirok etib, uch marta durang qayd etgan bo‘lsa, ikki bor yutqazib qo‘ydi. Duranglar va mag‘lubiyat sabab “Nasaf” 8-o‘ringa tushib qoldi. Hartugul o‘tgan tur o‘z maydonida "Qo‘qon-1912"ni mag‘lub etib, 7-o‘ringa ko‘tarildi. "Nasaf"ning g‘alaba va mag‘lubiyatlar soni hozircha bir xil - 5tadan. Bunday ko‘rsatkich oxirgi yillarda qayd etilmagandi. “Nasaf”ni hozir ham moliyaviy muammolar qiynayotgani bor gap. Chunki pul yo‘qligidan yetakchi futbolchilar birin-ketin jamoani tark etishdi. Avvaliga Jasur Hasanov AGMK safiga o‘tib ketgan bo‘lsa, keyinroq rossiyalik himoyachi Igor Golban “Navbahor”ga yo‘l oldi. Slavko Lukich uyiga ketib qoldi. Tojikistonlik Jahongir Aliyevni ham ushlab o‘tirishdan foyda yo‘q edi, shu bois unga ham javob berib yuborildi. Sardor Rashidovning ukasi Sanjar esa avvalgi jamoasi “So‘g‘diyona”ga qaytdi.

Ketganlar safi mos ravishda to‘ldirildi deb bo‘lmaydi. “Dinamo”dan Amirjon Safarov qo‘lga kiritildi, AGMKdagi Xurshid Muxtorov ham Qarshiga keldi. Albatta, bu futbolchilar bilan jamoaning yuqori o‘rinlarni ko‘zlay olmasligi tayin. “Nasaf” Superliga jadvalida 1-o‘ringacha ko‘tarila olgandi. Keyinchalik uchta tur 3-o‘rinda yurdi. 7-turdan yana uchta tur 4-o‘ringa “mixlandi”. 9-turdan boshlab esa ketma-ket uchta mag‘lubiyat sabab 8-o‘ringa tushib qoldi. Keyin yana bir pog‘ona ko‘tarildi.

Buyog‘iga to‘rtta o‘yin qoldi. Shundan so‘ng jamoalar oltitadan ikki guruhga bo‘linadi. “Nasaf” navbatdagi turlarni o‘z maydonida AGMK va “Bunyodkor”, safarda esa “So‘g‘diyona” bilan “Paxtakor”ga qarshi o‘tkazadi. Jamoa kuchli oltilikka kira oladimi-yo‘qmi, mana shu o‘yinlar ko‘rsatib beradi. Ungacha esa faqat kuzatamiz. Yana bir gap. “Nasaf”da muammolar avj olib boraverganidan klub strukturasida ham o‘zgarish ro‘y berdi. Bungacha “Nasaf” PFK menejeri bo‘lib ishlagan Shamil Yarulin va sport direktori Vitaliy Ni iste’foga chiqib, ularning o‘rniga boshqa mutaxassislar tayinlandi.

Endilikda Sergey Kucherenko klub menejeri, Nikolay Minchev sport direktori lavozimida ish olib bormoqda. Rahbariyatda yuz bergan o‘zgarish jamoaga qanchalik ta’sir ko‘rsatishini mavsum yakunigacha ko‘rsak ajab emas. Balki yangi rahbariyat izlanishidan so‘ng “Nasaf”ning ishlari o‘nglanib ketar, nima deysiz.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mulohaza. "Nasaf" nega pasayib ketdi?