12:33 / 29.08.2018
4 607

Futbolchilar videosi kimning buyurtmasi edi? Umid Ahmadjonov bunga aniqlik kiritdi

Futbolchilar videosi kimning buyurtmasi edi? Umid Ahmadjonov bunga aniqlik kiritdi
Ijtimoiy tarmoqlarda bosh murabbiy va futbolchilarning Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidentidan uzr soʻragani aks etgan video tarqaldi va foydalanuvchilarning bahs-munozarasiga sabab boʻldi.

“Championat.asia” nashri Umid Ahmadjonovning mazkur video borasidagi fikri bilan qiziqib, u bilan telegram orqali bogʻlandi.

— Xayrli kun, Umid Mahamadjanovich! Jakartada charchash yoʻqmi?
— Salom! Charchashga vaqt yoʻq desa toʻgʻriroq boʻladi (kuladi).

— Futbolchilarga nima boʻldi? Chempion boʻladi, deb kutgandik...
— Biz ham bunga katta umid bogʻlagandik. Oʻyinni koʻrgan boʻlsangiz kerak, nasib qilmadi. Hamma birdek harakat qildi. Endi sportning boshqa turlarida oltin medallar yoʻlida kurash olib boryapmiz.

— Bilishimizcha, futbolchilarning natijasi rahbariyatga yoqmagan ekan...
— Buni kim aytdi? Agar futbolchilar umuman harakat qilmay, raqibni shunchaki oʻtkazib yuborganlarida fikringizga qisman qoʻshilishim mumkin edi. Axir ular maydonda jonlarini berib oʻynashdi. Bizga eng keragi ham aslida shu.


— Bunday deyayotganimning sababi — kecha hamma joyda tarqalib ketgan Ravshan Haydarov hamda futbolchilarning sizga murojaati...
— Toʻgʻrisini aytsam, videoni ertalab sizning saytingizda koʻrdim. Jamoa aʼzolari chin koʻngildan nimadir qilmoqchi boʻlishgan ekan. Ammo bunday narsani hamma joyga tarqatish birinchi xato. Qolaversa, nima boʻlganini hammamiz koʻrdik, demak, jamoaning ortiqcha tushuntirish berishiga hojat yoʻq. Biz ulardan buni talab qilmaymiz.

— Rosti men ham shunga hayron boʻlgandim.
— Bu ishni kim qilganini tagiga yetdik. Yomon niyatda qilmagan, shunchaki, yoshlik qilgan. Magʻlubiyat bizniki, keyingi safar xatolar ustida biz ishlashimiz kerak. Gʻalaba esa muxlislarniki, biz xalqimizni xursand qilish yoʻlida mehnat qilamiz. Sportchilar bilan uchrashganda ham doim shuni taʼkidlayman. Chunki oʻzimga ham Prezidentimiz asosiy maqsadim odamlar koʻzida quvonch va baxt koʻrish, deb aytganlar. Sportchilar shu yoʻlda harakat qilishlari, sport esa sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishi kerak.

— Demak, jamoaga hech qanday eʼtiroz yoʻq?
— Qanday eʼtiroz boʻlishi mumkin?! Bu aslida norasmiy musobaqa. Biz shunchaki futbolchilarni, muxlislarni uygʻotib olish uchun ham har qanday oʻyinda, musobaqada gʻolib boʻlish uchun oʻynayapmiz. Futbolchiga nima farqi bor u qanday oʻyin ekanini, terma nomidan maydonga tushyaptimi, borini berishi shart. Koreyaga qarshi oʻyinda yigitlar buni sidqidildan bajarishdi. Asosiy maqsadimiz esa Tokio-2020 va Qatar-2022. Shuning uchun ham xorijdan mashhur mutaxassislarni taklif qildik.

— Hakamlar haqida nima deya olasiz?
— Hech narsa demayman. Ular oʻyinni yaxshi boshqarib bordi. Biz oʻz xatolarimiz evaziga magʻlub boʻldik. Xato esa hammada ham boʻlib turadi.

Ob-havo, maydon holati haqida-chi?
— Har ikki jamoa bir xil sharoitda toʻp surdi. Toʻgʻri, iqlim ancha murakkab edi biz uchun. Biz tribunada oʻtirib baʼzida nafas olishga qiynaldik. Lekin unutmaylikki, Osiyo oʻyinlariga kelgan hamma sportchi shu iqlim bilan toʻqnashmoqda. Sportning qiziq tarafi ham, murakkabligi ham shunda. Biz bunga doim tayyor turishimiz kerak.

— Javobingiz uchun rahmat! Musobaqa davomida omad yor boʻlsin!
— Sizga ham rahmat. Faqat bitta iltimos, saytga qoʻymoqchi boʻlsangiz oʻzingiz yana bir qararsiz, notoʻgʻri tushunib yurishmasin. Ravshan akaga ham, yigitlarga ham, videochilarga ham oʻzimiz tushuntirib qoʻyamiz. Oʻzi shundoq ham magʻlubiyatni hazm qila olishmayapti, odamlarning gapi ularni bundan battar ezadi. Shuning uchun oʻzim ham qattiq gapirganim yoʻq (ovozli yoʻllanmada kelgani).

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Futbolchilar videosi kimning buyurtmasi edi? Umid Ahmadjonov bunga aniqlik kiritdi