20:20 / 29.08.2018
4 355

“Liverpul” Salohni nima uchun politsiyaga topshirdi?

“Liverpul” Salohni nima uchun politsiyaga topshirdi?
Moskvaning “Lokomotiv” klubi yangi hujumchisi Fyodor Smolov yaqindagina Krasnodar markazida yoʻl harakati hodisasini sodir etib, bahosi 9 million rublga teng BMW M5 First Edition avtomobilini pachoqlagandi.

Xayriyatki, futbolchining oʻziga shikast yetmadi, atrofda turgan kishilarga ham. Smolov oʻsha payt “Krasnodar” futbolchisi edi va bu klub koʻngilsizlikka aytarli munosabat bildirmadi. Xususan, jamoa murabbiyi Oleg Fomenko oddiy izoh berish bilan cheklandi:

«Hech qanday chora koʻrmaymiz, Fyodorga nisbatan sanksiya qoʻllanilmaydi. Agarda ushbu voqea sababchisining familiyasi boshqa boʻlganida, bunga hech kim eʼtibor qaratmasdi.

Qisqasi, Smolov mashhurligi uchun ham, koʻpchilik “avariya” haqida gapirmoqda. Vaholanki, har kim shunday holatga tushishi mumkin».

Yakunda sud Smolovning haydovchilik guvohnomasidan bir yil muddatga mahrum qildi. Fyodor oʻz aybini tan oldi va endi yetkazilgan zararni qoplashi kerak.

Toʻgʻri, hujumchi sud majlisida bevosita qatnashgani yoʻq, bu vaqtda Moskvada “Lokomotiv” ixtiyorida edi. Qisqasi, hammasi sud qarori bilan yakunlandi. Angliyada-chi?

Ha, yaqinda Ang­liyada ham shunga oʻxshash holat yuzaga keldi. Shunchaki, oʻxshash holat... Aniqrogʻi, APLning oʻtgan mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi, ha, yana chempionatning eng yaxshi futbolchisi Muhammad Saloh avtomobil boshqaruvida qoʻl telefonidan foydalandi. Bu rasmiy jihatdan taqiqlangan, albatta.

Reallikda esa, koʻpchilik avto boshqarish payti telefon orqali bemalol gaplashaveradi. Lekin mashhur futbolchilar yoki millionerlar shunday qilishsa, darhol muhokama markaziga tushishadi. Deylik, Saloh tufayli birov shikastlanmagan, hech qanday falokat yuz bermagan - hammasi tinch.

Shunday ekan, “Liverpul” misrlik yetakchisini bu xatti-harakati uchun oddiygina ogohlantirib qoʻysa ham boʻlardi. Lekin klub boshqacha yoʻl tutishni lozim topdi - Mersisayd politsiyasiga rasman murojaat qildi.

Aniqroq aytsak, Liverpul jamoasi vakillari tegishli mahkamaga Salohning boshqaruv payti smartfondan foydalanganini tasdiqlovchi videodalolat yuborishdi. Bunisiga nima deysiz?

Qiziq, “Liverpul” nega shunday yoʻl tutdi? Tushunarliki, klub eng yaxshi futbolchisini talab darajasida qadrlaydi. “Qizillar” muxlislari ham Salohni juda yaxshi koʻrishadi va har qanday vaziyatda uni qoʻllab-quvvatlashadi. Mohiyat shuki, inglizlar futbolchining oʻzi bilan kengashib, bu holatda politsiyaga dalolat yuborishni eng toʻgʻri yoʻl sifatida tanlashgan.

Aytishlaricha, Salohning “mazkur jinoyati”ni “Liverpul”ga befarq qaraydigan fanatlardan biri suratga olgan. Toʻgʻrirogʻi, dast­xatlar kolleksioneri va futbolchilar imzosi tushirilgan atributlarni toʻplab, ularni sotish bilan shugʻullanadigan kishi.

Xullas, u “Vest Xem”ga qarshi kechgan oʻyindan soʻng Saloh mashinasini toʻxtatishga uringan, albatta, navbatdagi savdo buyumini qoʻlga kiritish uchun. Biroq misrlik futbolchi toʻxtash taqiqlangan yoʻlda ekanligi uchun muxlisga eʼtibor qaratmagan, natijada, tarvuzi qoʻltigʻidan tushgan oʻsha fanat “Tvitter”da antitashviqot ishlarini boshlab yubordi: “Saloh endi muxlislarni tan olmayapti, u yulduz boʻlib qoldi...”.

Oddiy aytganda, Mo Saloh chindan ham, avtomobil boshqaruvida telefon orqali gaplashgani va hozirgi zamonda har qanday videoyozuv darhol keng jamoatchilik hukmiga havola etilishini hisobga olgan “Liverpul” “gʻanimlar”ni ortda qoldirishni xohladi.

Har holda, yetakchi futbolchini katta mojaro domiga tashlashdan koʻra, uni politsiyaga “topshirish”, vaziyatni tushuntirish va maʼlum miqdorda jarima toʻlash bilan qutulish yaxshi.

Umuman, futbol olamida har bir klub har kuni ham oʻz super­yulduzini politsiyaga “sotavermaydi”. “Liverpul” shunday qildi va mohiyatan qaraganda, bu juda toʻgʻri yoʻl. Tabiiyki, Salohga jiddiy jazo yoki chora xavf solayotgani yoʻq, aksincha, shu voqeaning ham uning imiji obroʻsiga ijobiy taʼsiri bor.
A.Isroilxonov tayyorladi


Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Liverpul” Salohni nima uchun politsiyaga topshirdi?