22:30 / 14.10.2018
2 635

«Qirollik» jamoli yoxud «Real» yulduzlarini kimlar ilhomlantirishmoqda?

«Qirollik» jamoli yoxud «Real» yulduzlarini kimlar ilhomlantirishmoqda?
ChLning «qirol» ishtirokchisi va chin ma’noda «Qirollik klubi» sanaluvchi «Real» turnirning 2-turida Moskvada SSKA mehmoni bo‘lib, 0:1 hisobida mag‘lubiyatga urchadi. Rossiyalik hamkasblarimiz ana shu uchrashuv arafasida «Madrid» yulduzlarining shaxsiy hayotlariga ham nazar solishdi. Aniqrog‘i, futbolchilarga ilhom bag‘ishlovchi hurliqolar, ya’ni ularning hamxonalarini alohida tanishtirishdi.

Jessika KROOS (Toni Kroosning turmush o‘rtog‘i)

Germaniyalik futbolchi va Jessika o‘rtasidagi munosabatlar ko‘pchilik havasini uyg‘otishi mumkin: sokin, xotirjam, muloyim... Ular 2015 yili turmush qurishgan. Eng qizig‘i, o‘sha vaqt 2 yoshli o‘g‘il farzandni tarbiyalash bilan mashg‘ul bo‘lishgan Kroos va Faber (Jessikaning qizlik familiyasi shunday) pinhoniy tarzda nikohdan o‘tishgan. Umuman, Jessika hozir ham o‘zini «ko‘z-ko‘z» qilmaydi. Misol uchun, u ijtimoiy tarmoqlarga asosan eri va farzandlari fotosuratlarini qo‘yish bilan cheklanadi.

Klarissa ALVES (Marseloning turmush o‘rtog‘i)

Braziliyalik himoyachi jarohat tufayli «Lujniki»dagi o‘yinda ishtirok etmadi. Shunday bo‘lsada, uning oilasi, xususan, umr yo‘ldoshi alohida e’tiborga munosib. Har holda, Klarissa yorqinlik darajasi bo‘yicha eridan aslo qolishmaydi. Muhimi, 19 yoshli paytda tanishishgan Marselo va Alves hamon birgalar va oilalari juda mustahkam. 2 nafar farzandning onasi hisoblangan Klarissa xuddi Marselo kabi quvnoq tabassumi bilan alohida ajralib turadi.

Mariya KORTES (Nachoning turmush o‘rtog‘i)

Ushbu juftlik hayotida may oyi katta o‘rin tutadi. Birinchidan, Mariya va Nacho 2014 yilning aynan 5-oyida nikohni rasmiylashtirishgan. Ikkinchidan, ke-yingi 2 yilning may oyida oila rishtalari mustahkamlandi. Ya’ni avvaliga qizlari, keyin o‘g‘illari tavallud topdi. Eng e’tiborli holat shuki, o‘g‘illari 28 may sanasi - Chempionlar Ligasi final o‘yini o‘tkazilgan kuni tug‘ilgan. Shunday ekan, Nacho o‘sha oqshomni aslo unutmaydi.

Anna-Mariana KAZEMIRO (Kazemironing turmush o‘rtog‘i)

Kazemiro Rossiya stadionlarini yax-shi biladi. Har holda, yaqindagina jahon chempionatida ishtirok etdi. Darvoqe, Anna-Mariana mundial kunlari ham braziliyalik futbolchini yolg‘iz qoldirgani yo‘q. Umuman, telekameralarning ushbu go‘zal xonimni «ko‘rmay» qolishi mumkin emasdi, deylik, «Samara Arena»da. Zero, Anna-Mariana ancha ochiq kiyinish uslubi va jo‘shqin muxlisa ekanligi bilan ko‘zga tashlangandi.

Kora GOTE (Karim Benzemaning turmush o‘rtog‘i)

Fransiyalik futbolchining hayoti turli-tuman shubhali voqealarga boy: voyaga yetmagan qiz bilan munosabat va Matyo Valbuenani qo‘rqitish mojarosi (odob-axloq me’yoriga zid videolavha vositasida)... Shuningdek, Kora Gotening Benzema hayotiga kirib kelgani ham o‘ziga xos shov-shuvlarga asos bergandi. Aytish joiz, Karim va Kora shaxsiy munosabatlarini qattiq sir saqlashadi: hattoki, to‘ylari ham «o‘ta maxfiy» belgisi ostida o‘tgandi. Ko‘rinishidan, sohibjamol erining noxush holatga tushmasligi uchun doimo o‘zini chetga oladi, shekilli.

Makarena RODRIGES (Lukas Vaskesning turmush o‘rtog‘i)

Vaskes Moskva safaridan oldin «Real»ning La-liga doirasidagi o‘yini («Atletiko» bilan)da ikkinchi bo‘lim oxiridagina maydonga tushdi. Balki u Xulen Lopetegi rejalariga uncha mos kelmayotgandir. Demak, Makarena xonim Lukasni yanada yaxshiroq ilhomlantirishi kerak. Chunonchi, futbolchida mahorat yo‘q emas, u xususan, gol urishni ham biladi. Faqat kayfiyati yaxshi bo‘lsa, bas. Bunisi endi birinchi navbatda, oilaviy muhitga bog‘liq...

Kamilla TITGA (Rafael Varanning turmush o‘rtog‘i)

«Qirollik oilasi» tarkibidagi eng namunaviy juftliklardan biri. Ha, Rafael Varan futboldan tashqarida tartibli hayot tarzini birinchi o‘ringa qo‘yadi, Kamilla bu borada u bilan hamnafas. Har holda, ular maktab davrida tanishishgan. Rafaelni Madrid klubiga taklif etishgach, Kamilla ham Ispaniya poytaxtiga yo‘l oldi. U Rafael bilan birga bo‘lish uchun hattoki, yuridik kollejdagi tahsildan ham voz kechdi. Ayni payt juftlik Serxio ismli farzandni tarbiyalamoqda.

Emma RIS-JONS (Garet Beylning turmush o‘rtog‘i)

Garet shaxsiy hayotini shunchalik qattiq yashiradiki, uning turmush o‘rtog‘i suratlarini topish amri-mahol. Emma hattoki, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham ko‘rinish bermaydi. Afsuski, navbatdagi jarohat Beylga yana xalaqit bera boshladi. Muhimi, yonida mehribon ayoli - Emma Ris-Jons bor ekan, u barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tadi. Darvoqe, Garet va Emma bolalik yillaridan buyon tanishlar.

Vanya BOSNICh (Luka Modrichning turmush o‘rtog‘i)

Tabiiyki, futbolchining muvaffaqiyatga erishishi ko‘p narsalar va kishilarga bog‘liq: mashg‘ulotlar, sharoitlar, jamoadagi muhit, murabbiylar, maydondagi sheriklari va albatta, turmush o‘rtog‘i yoki mahbubasiga ham. Modrich misolida ko‘rsak, uning muvaffaqiyatlarida hamxonasining katta rol o‘ynashi shunchaki, fakt. Axir Vanya Bosnich xonim Lukaning shaxsiy agenti hisoblanadi. Futbolchi uzoq yillardan buyon barqaror o‘ynayotgan va Xorvatiya terma jamoasi hamda «Real»da birdek muhim ijrochi bo‘lib kelayotgan ekan, demakki, Vanya o‘z missiyasini yaxshi uddalamoqda.
A. AHMEDOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Qirollik» jamoli yoxud «Real» yulduzlarini kimlar ilhomlantirishmoqda?