23:57 / 19.10.2018
2 267

Habib - «Anji», Makgregor - «MYu»...

Habib - «Anji», Makgregor - «MYu»...
Aralash yakkakurash bo‘yicha tarixdagi asosiy janglardan biri - rossiyalik Habib Nurmagomedov va irlandiyalik Konor Makgregor olishuvi keng doirada katta qiziqish uyg‘otdi va bu boradagi bahs-munozaralar hali ham davom etmoqda. «Dog‘iston vakilining g‘alabasi va katta mojaro bilan tugagan jangning futbolga qanday aloqasi bor?» deyishga shoshilmang. Chunonchi, Habib ham, Konor ham millionlar o‘yiniga oshufta. Qolaversa, har ikkisi futbol olamining eng yorqin yulduzi - Krishtianu Ronaldu bilan do‘st... Bombardir.ru sayti ijodkorlari yorqin jang ta’sirida ikkisining futbolga munosabati haqida alohida hikoya qilishdi.

Janjalkash va «Anji» muxlisi

Habib Nurmagomedovning futbol bilan aloqasi xususida uzun ro‘yxat tuzish mumkin.

- Habib va portugaliyalik Krishtianu Ronaldu o‘rtasida qalin do‘stlik rishtalari bor.

- Anchadan buyon Maxachqal’aning «Anji» klubiga muxlislik qiladi.

- Moskvaning «Spartak» jamoasiga ham munosabati yomon emas.

- Rossiya futboli xususidagi umumiy fikrlari salbiy.

- Havaskorkor futbolchilarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi.

- Hattoki, futbol jamoasi sotib olishga yaqin kelgan.

- «Anji» futbolchilari bilan tez-tez uchrashadi, ularga ko‘rsatma shaklida topshiriq berishi ham mumkin.

Umuman, Nurmagomedov Dog‘iston klubining uy uchrashuvlarini o‘tkazib yubormaslikka harakat qiladi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda imkon doirasida jamoa imidjini ko‘tarishga intiladi - jarangdor fikrlar qoldiradi, suratlar joylashtiradi. Qisqasi, «Anji» tashviqoti bilan faol shug‘ullanadi. Krishtianu Ronaldu bilan do‘st tutingani esa, alohida tarix. Habib portugaliyalikka sovg‘a ulashganida, futbolchi ham uni quruq qoldirmagan. Darvoqe, Nurmagomedov yaqinda Black Star artistlarining Dog‘istondagi konsertlari yuzasidan Timati bilan janjallashganida, mojaro «Anji»ga ham ta’sir etgandi.

«MYu»da o‘ynash imkoniyati...

Konor Makgregor vaqtida «MYu» tomonidan nazorat ostiga olingan Irlandiyaning «Luders Seltik» klubi maktabida futbol bilan shug‘ullangan. Irlandiyalik keyinchalik yakkakurash sport turini tanladi va dunyodagi eng kuchli jangchilardan biriga aylandi. Futbol maktabida Konorga tahsil bergan murabbiy Devid Glenn so‘zlariga e’tibor qarating: «U chindan ham, yaxshi o‘ynardi. Agar futbol bobida qobiliyatga ega bo‘lmaganida, maktabimizga olmasdik. «Luders»da kuchli raqobat borligiga qaramay, Konor sinovda o‘zini ko‘rsata olgandi. Chempionat boshlanganida esa, darhol jamoa yetakchilari qatoriga qo‘shildi. Ochig‘i, o‘sha payt hech kim Makgregor kelajakda jahon miqyosidagi jangchi bo‘lishini xayoliga ham keltirmagandi. Chunki uning istiqbolini futbol bilan bog‘laganmiz. Umuman, Konor «Luders»da kamtarligi bilan ham ajralib turgan. Lekin o‘rganishga ishtiyoqi baland edi, mashg‘ulotlarda chin yurakdan ishlardi. Ayniqsa, taktika borasida ko‘p savol berar, mashg‘ulotlar jarayonidan so‘ng ham zarba yo‘llash ustida alohida shug‘ullanardi. To‘g‘ri, Makgregor jismoniy quvvati bilan alohida ko‘zga tashlanmasdi, ammo hayratlanarli texnik salohiyatga ega edi. Yashirmayman, Konorni Aleks Fergyuson qo‘l ostidagi «MYu» uchun tayyorlayotgandim, biroq u ke-yinchalik qafasda mushtlashishni tanladi...».

Konor garchi futboldan yuz o‘girgan bo‘lsada, haligacha o‘ynab turadi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin irlandiyalik jangchini JCh-2018 finaliga taklif qilgan va u bilan birga suratga tushgandi. Aytgancha, Konor shu foto tufayli ko‘p tanqidlarga uchradi. Ya’ni G‘arbda uning Rossiya davlat rahbari bilan yaxshi munosabat o‘rnatganini sira yoqlashmadi. Makgregor shuningdek, Krishtianu Ronaldu bilan do‘stona aloqalarga ega. Uning aynan qaysi klubga muxlislik qilishi esa mavhum masala. Ha, o‘zi ko‘plab intervyularida «MYu»ga befarq qaramasligini tan olgan. Liverpool Echo jurnalisti Oliver Bond esa, Konor «Liverpul» klubiga muhabbat izhor qilgan videoyozuvni oshkor etgandi. Ma’lumki, «MYu»ning chin fanati aslo bunday yo‘l tutmaydi...

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Habib - «Anji», Makgregor - «MYu»...