23:40 / 26.10.2018
2 324

Total kamomad yoxud Yevropa futbol bozorini qaysi klublar “portlatmoqda”?

Total kamomad yoxud Yevropa futbol bozorini qaysi klublar “portlatmoqda”?
Hisob-kitoblarga koʻra, “koʻhna qitʼa”ning eng serxarajat klublari roʻyxatini “Manchester Siti” boshqarib turibdi. Umuman, eng kuchli ligalarda ishtirok etuvchi jamoalar qanday pul topyaptiyu, ularni nimalarga sarflayapti?

Bu savolning ikkinchi boʻgʻini ortiqcha. Axir klublar byudjetining katta qismi xaridlar va maosh toʻlovlariga ketishi hammaga ayon.

Sportni oʻrganish xalqaro markazining futbol laboratoriyasi (CIES Football Observatory) 2010-2018 yillar oraligʻidagi transferlar masalasida tadqiqot olib borib, bir qator eʼtiborli faktlarga duch keldi.

Tahlilda klublarning rasmiy hisobotlari va media maʼlumotlariga asos sifatida qaralgan. Xullas, Yevropaning kuchli 5ta chempionati (Angliya, Ispaniya, Germaniya, Italiya va Fransiya) elit divizionlari klublari tomonidan oxirgi 9 yilda amalga oshirilgan barcha transferlar hisobga olingan.

Alohida aytish joiz, transfer summalaridan tashqari, qoʻshimcha toʻlovlar (bonuslar) va ijara kelishuvlari uchun sarflangan mablagʻ ham nazardan chetda qolgan emas.

YILDAN YILGA...

2018 yili Yevropaning yetakchi chempionatlari klublari transferlar uchun jami 5,82 milliard yevro sarflashdi. Bunda qish va yoz bozoridagi xaridlar qoʻshib hisoblangan. Ushbu summa 2017 yilgi koʻrsatkichga nisbatan 2,4 foiz kamdir. Chunonchi avvalgi yili futbolchilar xaridiga yoʻnaltirilgan mablagʻ 5,96 milliard yevroni tashkil etgandi.

Lekin 2016 yilgi xarajat miqdori bilan solishtirsak, bu safargisi sezilarli darajada koʻp. Oʻshanda transferlarning jami summasi 4,23 milliard yevroga yetgandi. Demak, oʻsha koʻrsatkichga nisbatan olsak, xarajat naq 37,6 foiz oshdi.

LIGALAR ULUSHI

Tushunarliki, Yevropa futbol bozoridagi asosiy xaridor - bu APL. Diqqat qiling, 2010-2018 yillar oraligʻida Yevropaning 5ta yetakchi birinchiligi chekiga tushgan jami xarajatning 37,4 foizi Angliya elit divizioni ishtirokchilari hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Umuman, APL klublari 2010 yildan buyon qolgan 4ta liga vakillariga nisbatan ancha koʻp sarfladi:

“A” seriyasi jamoalariga nisbatan 1,6 baravar koʻp

La-liga jamoalariga nisbatan 2,1 baravar koʻp

Bundesliga jamoalariga nisbatan 2,8 baravar koʻp

Liga 1 jamoalariga nisbatan 3,1 baravar koʻp.

XARAJAT EVOLYUTSIYASI

2018 yili 2ta chempionat xarajatlari oshdi: APL (+2,1 foiz) va La-liga (+80,4 foiz). Ispaniya jamoalaridagi katta oʻsish televizion huquqlar sotuvi yaxshi yoʻlga qoʻyilgani bilan bogʻliq. Har holda, Ispaniya Primerosi oʻyinlari endilikda butun dunyoda koʻrsatilmoqda va translyatsiyalar ortidan yaxshigina pul “oqib” kelmoqda.

Qolaversa, mahalliy jamoalarning xalqaro arenadagi yutuqlari taʼsiri ham bor, albatta. Bilasiz, oʻtgan mavsum CHLda “Real” (ketma-ket 3-marta) va YELda “Atletiko” gʻalaba qozondi.

SЕRXARAJAT KLUBLAR RЕYTINGI

Eng serxarajat klublar reytingini “Manchester Siti” boshqarib turibdi. “Shaharliklar” 2010-2018 yillar oraligʻida yangi futbolchilar xaridiga jami 1,47 milliard yevro sarflashdi. APLning yana bir vakili - “Chelsi”da umumiy xarajat miqdori birozgina kamroq - 1,31 milliard yevro. Tahlil uchun olingan davrda transferlarga 1,25 milliard yevro ajratgan “Barselona” esa 3-oʻrinda.

JORIY YIL MANZARASI

Faqat 2018 yilgi xarajatlarni hisobga olsak, “Barselona” 1-oʻrinni egalladi. Kataloniyaliklar transferlar bozorida jami 321 million yevro sarflashdi. Joriy yil “Liverpul” rahbariyati ham xaridlarga binoyidek pul ajratdi - 298 million yevro. “Hotamtoy” klublar reytingining 3-qatoridan 257 million yevroga teng xarajat bilan “Yuventus” bormoqda.

2018 yili eng koʻp sarflagan 20ta klub roʻyxatiga Fransiya va Germaniyadan atigi 1tadan vakil (tegishlicha “Monako” va “Borussiya” D.) kirganini alohida taʼkidlash oʻrinli. Qolgan 18ta jamoa Angliya, Ispaniya va Italiyaniki. Bu yetakchi ligalardagi moliyaviy holat turlicha ekanligidan dalolat. Deylik, eng serxarajat 20ta jamoadan 10tasi APL vakilidir.

SЕRDAROMAD KLUBLAR RЕYTINGI

Yetakchi chempionatlar klublari nafaqat asosiy xaridor, balki bozorga mahoratli futbolchilar yetkazib berishda ham ilgʻordir. Raqamlarda aytsak, 2010-2018 yillar oraligʻida sotuv hajmining 66,6 foizi aynan 5ta liga ishtirokchilari hissasiga toʻgʻri keldi. 2018 yili esa bu koʻrsatkich 69,9 foizga yetdi.

Eng serdaromad klublar reytingini “Monako” boshqarib turibdi. Monegaskliklar oxirgi 9 yilda futbolchilarni sotish orqali deyarli 1 milliard yevro topishdi. Bu roʻyxatda 5ta yetakchi liga vakillari orasiga Portugaliyaning 2ta jamoasi - “Benfika” va “Portu”ning suqilib kirgani diqqatga sazovor.

TOTAL KAMOMAD

Agar klublarning transferlar balansiga qarasak, Yevropaning kuchli chempionatlari klublarida total kamomad borligini koʻramiz. Eʼtibor bering, 2010-2018 yillar davomida jami kamomad miqdori 7,29 milliard yevroni tashkil qildi. Bunday ayanchli manzarining bosh sababchisi - Angliya Premyer-ligasi.

Har holda, kamomadning naq 78,3 foizi aynan inglizlar zimmasida. “PSJ” garchi oxirgi 9 yil ichida katta-katta xarajatlarga qoʻl urgan boʻlsada (klubning jami kamomadi - 874 million yevro), Fransiya elit ligasi ijobiy balansga ega: +199 million yevro. Umuman, Liga 1 bu borada kuchli chempionatlar orasida yagonadir.

Alohida klublarda transferlar balansi qanday? Ijobiy farqqa ega jamoalar reytingi yuqorisi tabiiyki, “Monako”ga tegishli. Oxirgi 9 yilda jamoaning xarajat va daromadi oʻrtasidagi balans +289 million yevroni tashkil etdi.

Faqat 2018 yilgi koʻrsatkich esa +66 million yevroga teng. Umuman, bu boradagi reytingning yuqori 10taligida Fransiya chempionatidan naq 5ta klub bor. Qolgan 5ta jamoa “A” seriyasi (3ta) va La-liga (2ta) vakilidir. Qisqasi, APL klublariga bu roʻyxatda joy yoʻq.

GRANDLAR YUQORIDA

Salbiy balansga ega jamoalar reytingini esa “Manchester Siti” boshqarib bormoqda: -1,03 milliard yevro. 2-oʻrindagi “PSJ”da kamomad miqdori 874 millionni tashkil qilmoqda. “MYU” ham bu masalada aslo maqtanolmaydi: -772 million yevro. 10ta eng salbiy balans sohibiga qarasak, APLdan 5ta vakil bor.
A.AHMЕDOV tayyorladi

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Total kamomad yoxud Yevropa futbol bozorini qaysi klublar “portlatmoqda”?