21:08 / 20.11.2018
4 606

Diyor Imomxoʻjayev: “Ishtoni yoʻq” klublar avval ishton sotib oladi va undan keyin qimmatbaho futbolchilarga ogʻiz soladi

Diyor Imomxoʻjayev: “Ishtoni yoʻq” klublar avval ishton sotib oladi va undan keyin qimmatbaho futbolchilarga ogʻiz soladi
Xabaringiz bor bugun Pro-ligada mavsum nihoyasiga yetdi. Superligada ham mavsum oxirlab qolgan. Oʻzbekiston professional futbol ligasi esa kelasi mavsum ushbu musobaqalarda ishtirok etadigan jamoalarni litsenziyalash talablarini yanada keskinlashtirdi.

Bundan avvalroq ishtirokchi klublarni 2019 yilgi mavsum uchun litsenziyalash reglamenti tayyor boʻlgani haqida xabar berilgan edi. PFL bosh direktori maslahatchisi Diyor Imomxoʻjayev ham kelasi mavsum litsenziyalash talablari juda qatʼiy nazorat qilinishi haqida quyidagi fikrlarni bildirib oʻtdi:

2019 yil uchun futbol klublarni litsenziyalash reglamentini yakunladik, u tasdiqdan oʻtdi. Hech narsa osmondan olinmadi, OFK talablariga mos keladigan va shu vaqtgacha klublardan talab qilib kelingan masalalar reglamentdan oʻrin oldi.

Asosiy jihatlari:

- Ligalar soni endi 3 ta boʻladi: Superliga, Pro-liga, 2-liga

- Ligalarda shuncha jamoa oʻynaydi deb hech kim belgilab bermaydi, ishtirokchilar soni litsenziya talabining qanchalik bajarilishidan kelib chiqadi (istisno tariqasida aytish kerakki, Superligada klublar soni 12 tadan oshmaydi, 10 ta qolishi ham mumkin).

- Superliga va Pro-liga talablari deyarli bir xil boʻladi (kimga toʻgʻri kelmasa, 2-liga bor).

- Stadioni talab darajasida boʻlmagan klublar chempionatda ishtirok etmaydi (ishni hozirdan boshlagan klublargagina imkon beriladi. Ayni vaqtda “Nasaf” stadioni maysasi ijodkorlari PFL bilan hamkorlikda ish olib boryapti).

- Superliga va Pro-liga klublarida akademiya boʻlishi shart (qoʻrqib ketganlar uchun OʻFAning taklifi bor).

- Klublar futbolchilar bilan shartnomani PFL taqdim etgan namunaviy shartnomadan kelib chiqib tuzadi (futbolchilar, murabbiylar va klublar manfaatlari birdek himoya qilinadi, kontrakt muqaddasdir).

- Superliga klublari ayollar va futzal jamoalariga ega boʻlishda davom etadi (hatto Pro-liga ham).

- Alohida futzal, ayollar yoki U18 jamoalari PFL turnirlarda ishtirok etishi mumkin boʻladi (litsenziyalash talablariga javob bersa).

- 1 va 2 yillik shartnomalar uchun koʻtarma pullari berilmaydi (koʻtarma pullari soliqlar masalasida klublarga yengillik boʻlishi uchun oyliklarga qoʻshib beriladi, ammo hali hech qanday karomat koʻrsatmagan futbolchi birdaniga hamma pulni olmaydi, u shunchaki shartnomaga imzo chekkani uchun oʻzining birinchi maoshini birdaniga qoʻlga kiritishi mumkin).

Hozircha xayolga kelmagan masalalarni birin-ketin aytib boraveraman. PFL uchun asosiy jihat klublar hisob raqamiga pul tushishi boʻladi (boqimandalikdan bosqichma-bosqich qutilish kerak). Shuningdek, ishtoni yoʻq klublar avval ishton sotib oladi va undan keyin qimmatbaho futbolchilarga ogʻiz soladi. Oldin maydon maysasini yaxshilaydi, stadionini toʻgʻrilaydi, akademiyasiga qaraydi, baza qiladi va undan keyin sovrinli oʻrinlar uchun kurashadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diyor Imomxoʻjayev: “Ishtoni yoʻq” klublar avval ishton sotib oladi va undan keyin qimmatbaho futbolchilarga ogʻiz soladi