09:45 / 05.12.2018
4 094

Diqqat, kasting: Top-hujumchi kerak!

Diqqat, kasting: Top-hujumchi kerak!
Kimgadir gapim yoqmasa, uzr so‘rayman, lekin hozirgi kunda milliy jamoamizdagi vaziyat shunga olib kelmoqda. Darhaqiqat, bugun bizga Maksim Shatskix, Aleksandr Geynrix kabi forvardlar yetishmayapti. Bu esa futbolimiz rivojiga to‘sqinliq qilmoqda, chunki natija yaxshilanmayapti. O‘z-o‘zidan mavjud holat FIFA reytingidagi o‘rnimizning pasayishiga olib kelmoqda. Mundial chiptasini taqdim etadigan saralashlardagi asosiy raqiblarimiz esa bizni mag‘lubiyatga uchratishda davom etishmoqda.

Terma jamomizning salbiy natijalarini faqat hujumchilar tanqisligi bilan izohlash adolatdan emas, aslida. Lekin tarkibda Odil Ahmedov, Vitaliy Denisov kabi tajribali futbolchilar bor paytda saviyali forvard yetishmasa, bu achinarli holat. Termamiz oxirgi marta rasmiy o‘yinda jiddiyroq raqibi ustidan ishonchli g‘alabaga erishganini eslay olasizmi? Mening yodimda, roppa-rosa uch yil avval Toshkentda Shimoliy Koreya terma jamoasini 3:1 hisobida yenggandik. O‘shandan beri milliy jamoamiz hattoki, o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham raqiblari darvozasini nari borsa, 2 marta ishg‘ol etyapti, xolos. Hatto oddiyroq termalarni ham bazo‘r yutyapmiz. Bizga shunday holat yarashadimi? Albatta, yo‘q!

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yaxshi niyatlar bilan jamoamizga Ektor Kuperni olib keldi. Har holda, tajribasi bor, qolaversa, xorijlik ekanligi hisobga olindi. Lekin u ham termamizda mahoratli hujumchilarni topa olmadi shekilli, osongina himoyaviy taktika qo‘llashini ma’lum qildi. So‘nggi yig‘inlar davomida o‘tkazilgan uchrashuvlar fikrimizga yaqqol dalil bo‘la oladi. Nahotki, oldingi chiziq vakillari talabga javob berishmayapti?! Yoki o‘zbek futbolida hujumchilar yetishtirishga bo‘lgan e’tibor shu qadar pasayganmi?

Ikki-uch yil oldin Geynrix termamizga qaytarilganida, ko‘pchilikning bu boradagi fikri salbiy ko‘rinish olgandi. «Yoshi o‘tib qolgan, tezligi pasaygan» qabilidagi fikrlar yangragandi. Ammo o‘shanda uning foydasi tekkanini bugun hech kim inkor etolmaydi. Mana, hozir Sasha ham milliy jamoa bilan xayrlashib, termamiz o‘yinlarini oddiy tomoshabin sifatida kuzatmoqda. Endi mana shunday «qariyalar»ning xizmatiga ehtiyoj tug‘ilmoqda.

Bu yerda Geynrixni maqtash niyatim yo‘q, hamma gap u kabi hujumchilar tanqisligida. To‘g‘ri, ayni damda faqatgina Marat Bikmayev yaxshi o‘ynayapti, lekin uning bir o‘zi oldingi chiziqda yakkalanib, juda ko‘p vaziyatlarda murakkabliklarga duch kelyapti. Boz ustiga, hozir yoshi 32da va yana ikki yilcha o‘ynab berishi mumkin. Igor Sergeyev so‘nggi yillarda ancha o‘yinini yo‘qotib qo‘ydi. Temurxo‘ja Abduxoliqovga avvalgi bosh murabbiylar yetarlicha e’tibor berishmadi. Natijada u milliy jamoada o‘ziga poydevor yarata olmadi. Ya’ni, termada qanday o‘ynash kerakligini to‘la anglab yetolmadi.

2011 yili Meksika maydonlarida qahramonlik ko‘rsatganlarni-ku aytmasak ham bo‘laveradi. Ular xuddi chaqmoq singari bir nur berishdi-yu so‘ngra yo‘q bo‘lib qolishdi. To‘g‘ri, yosh, iqtidorli futbolchilarimiz yo‘q emas, bundaylar bisyor. Misol uchun, Osiyo chempionlari Zabihillo O‘rinboyev yoki Bobur Abduxoliqovni ushbu ro‘yxatga kiritish mumkin. Demak, Kuper amaki shu hujumchilarning termada yaxshiroq o‘ynashi haqida ko‘proq qayg‘ursa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Krishtianu Ronalduning muvaffaqiyatga erishish sirlaridan biri nimada, bilasizmi? U 25 yoshigacha jamoaviy mashg‘ulotdan so‘ng yana o‘zi shaxsiy murabbiy yollab, ikki soat qo‘shimcha mashqlar bajarardi. Tasanno, Krishtianu! Bizning futbolchilarimizga shu jihat ham yetishmayapti, nazarimizda. Ular o‘z ustilarida ko‘proq ishlashsa, bundan faqat o‘zlariga foyda bo‘lardi.

Albatta, tez orada ushbu muammolar hal etiladi, degan umiddamiz. Chunki Osiyo kubogi-2019 boshlanishiga ham tobora oz fursat qolyapti. Biz esa asosiy jamoamizdan ijobiy natijalar kutib qolamiz!
Ahror VALIYeV

Manba: interfutbol.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diqqat, kasting: Top-hujumchi kerak!