20:20 / 13.01.2019
3 262

Joan Oumari: "O‘zbekiston terma jamoasining hujum chizig‘i umuman "ishlamagandi"

Joan Oumari: "O‘zbekiston terma jamoasining hujum chizig‘i umuman "ishlamagandi"
Kechagi Livan - Saudiya Arabistoni (0:2) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin mikst-zonada livanliklar futbolchisi Joan Oumarining fikrlari bilan qiziqdik.
"Saudiya Arabistoni Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri. Ular bugun juda chiroyli futbol namoyish etishdi. Natijaning o‘ziyoq kim kuchli ekanini aytib turibdi. Biz ham ularga o‘xshab kuchli bo‘lishimiz uchun hali ko‘p ishlashimiz kerak. Ikkita o‘yinda gol ura olmasdan mag‘lubiyatga uchradik. Albatta, bu juda alam qiladi. Endi oxirgi turda KXDRni mag‘lub etishga urinib ko‘ramiz", - deya gap boshladi Livan terma jamoasi futbolchisi Joan Oumari.

- Bu mag‘lubiyat dars bo‘ldi deb hisoblaysizmi?
- Albatta, har bir o‘yin o‘ziga yarasha saboq bo‘ladi. Futbolda ayniqsa mag‘lubiyatlardan yetarlicha xulosa chiqarish lozim. Biz bu yerga tajriba oshirish maqsadida kelganmiz. Chempion bo‘la olmasligimiz kundek ravshan. Bu musobaqada Saudiya Arabistoniga o‘xshash bizdan kuchli jamoalar bor. Biz - Livanmiz, aholimiz ham 3-4 million atrofida.

- Osiyo Kubogida kuchsiz jamoalar ikki toifaga bo‘lingan: kimdir futbol o‘ynashga harakat qilyapti, kimdir faqat himoyada yotishga.
- Bir narsani to‘g‘ri tushuning, bizda Yevropada o‘ynaydigan yaxshi futbolchilar yo‘q. Shu bois himoyada yotishga majburmiz. Aksar o‘yinchilar o‘zimizning chempionatda o‘ynaydi. Legionerlar yo‘q hisobi. Livan chempionati yomonroq demoqchi emasman. Shunchaki bizda yaxshi chempionatda o‘ynaydigan legionerlar yo‘q. Legioner maqomidagi futbolchilarimiz ham o‘sha chempionatlardagi oliy divizionda emas, balki quyi ligalarda o‘ynashadi. Saviya va daraja o‘rtasidagi tafovut baribir o‘z so‘zini aytadi. Shu bois ko‘rsatayotgan uslubimiz ham himoyaviy.

- Guruhda uchinchi o‘rin bilan yo‘llanmaga ega chiqadigan jamoalar ichida bo‘lish imkoniyatlaringizni qanday baholaysiz?
- Bu mag‘lubiyat bilan biz qo‘lni siltamoqchi emasmiz. Keyingi bahsda bor kuchimizni sarflab, o‘sha to‘rtta yo‘llanmadan birini qo‘lga kiritish uchun kurashamiz. Livan mamlakati uchun ham oxirigacha kurashni davom ettiramiz. Kelgusi bellashuv oldidan optimistik ruhdaman. Livan terma jamoasi Osiyo Kubogini tark etdi, deya o‘ylayotganlar fikriga qo‘shilmayman. Bizni hisobdan chiqarishga hali erta.

- Livan terma jamoasida boshqa mamlakatda istiqomat qiladigan futbolchilar ko‘p. Turli xil mamlakatlardan kelib bir bayroq ostida birlashib o‘ynash qanday kechmoqda?
- Qiziqarli va ajoyib bo‘lmoqda. Kim qayerda tug‘ilishidan qat’i nazar baribir yuragimiz Livan tomon urib turadi. Bizda Shvetsiya, AQSh va menga o‘xshab Germaniyada tug‘ilgan futbolchilar ko‘p. Livan barqaror yurt emas, shu boisdan ham Livan termasi yaxshi barqaror jamoa bo‘lishi ma’lum vaqt talab etiladi. O‘ylaymanki, kelajakda Livanda ajoyib terma jamoa shakllanadi.

- Livan terma jamoasida barcha bir xil tilda muloqot qiladimi yoki turli xil?
- Biz ingliz tilida so‘zlashamiz. Masalan men arab tilini mukammal bilmayman. Chunki Germaniyada tug‘ilganman. Lekin shunga qaramasdan arab tilini ham o‘rganishni boshlab yubordim. Sababi, hozirda BAA ligasida "Al Nasr" sharafini himoya qilyapman.

- Sizningcha, Osiyo Kubogini qaysi jamoa yutishi mumkin?
- Bu yerda kuchli jamoalar ko‘p: Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Avstraliya. Lekin bu Osiyo Kubogida istalgan voqea yuz berishi mumkin.

- Yaqinda o‘rtoqlik uchrashuvida raqibingiz bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi haqida fikringiz?
- To‘g‘ri, biz bu jamoa bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgandik. O‘zbekiston - yaxshi jamoa, lekin biz bilan o‘yinda sizlarning hujum chizig‘ingiz umuman "ishlamagandi". Bizni mudofaa chizig‘imiz o‘sha bahsda juda yengil va oson o‘ynagan. Shuni aytishim mumkinki, O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo Kubogida yaxshi tajribaga ega. Men bu jamoaga qit’a chempionatida omad tilayman.

- Livan bosh murabbiyi Miodrag Radulovich haqida nima deya olasiz?
- Radulovich katta tajribaga ega murabbiy. U Livanni Osiyo Kubogi final bosqichiga olib chiqib katta ish qildi.

- Intervyu uchun rahmat.
- Sizlarga ham rahmat. Shu o‘rinda yana bir marotaba O‘zbekiston terma jamoasining keyingi o‘yinlarida omad tilab qolaman. Adashmasam, OChL pley-off bosqichi doirasida guruh yo‘llanmasi uchun "Paxtakor" bilan to‘qnash kelishimiz mumkin. Uchrashguncha...
Shahboz Beg‘amov
Dubay, 12 yanvar

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Joan Oumari: "O‘zbekiston terma jamoasining hujum chizig‘i umuman "ishlamagandi"