
O‘zbekistonda futbol akademiyalari o‘zlari tarbiyalagan futbolchilarni sotish orqali o‘z xarajatlarini qoplashi va daromad olishi lozim, deb hisoblaydi O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov. U bu haqda bugun, 19 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tgan.
«Iqtidorlarni tarbiyalash orqali O‘zbekistonni futbol fabrikasiga aylantirishimiz lozim. Tarbiyalangan futbolchilarni sotish orqali akademiyalar o‘zini qoplashi va daromad ko‘rishi kerak. Ishlab topilgan mablag‘ orqali hududda futbolni yanada rivojlantirish mumkin bo‘ladi. Biz birgalikda ana shu tizimni yaratib olishimiz lozim. Rejalar har bir viloyat uchun alohida ishlab chiqiladi», – degan Ahmadjonovning so‘zlarini keltirmoqda qo‘mita matbuot xizmati.
Yig‘ilishda viloyat futbol federatsiyalari va futbol akademiyalari rahbarlari ishtirok etgan hamda o‘z viloyatlarida futbolni ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berishgan. Shuningdek, majlisda akademiyalar faoliyatini rivojlantirish, murabbiylar malakasini oshirish, muxlislarni stadionga jalb qilish va boshqa masalalar ko‘rib chiqilgan.
«MOQ rahbari futbol akademiyalarini zamonaviy ko‘rinishga keltirish bo‘yicha tegishli loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Unga ko‘ra, yaqin kunlarda akademiyalar infratuzilmasini rivojlantirish, ish tizimini tashkil etish bo‘yicha loyihalar tayyorlanadi», – deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda Superliga uchrashuvlari davomida muxlislarni stadionga jalb qilish, ommaviylikni oshirish masalalari ham keng muhokama qilingan, mutasaddilar bu borada o‘z takliflarini, fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta akademiya bo‘yicha talablarni bajarmagani uchun 7ta klub Superligadan chetlatilishi mumkinligini xabar qilingandi. PFL ma’lumotiga ko‘ra, «2018 yilda natija ketidan quvib, yulduz futbolchilar uchun katta chiqimlar qilgan, ammo o‘z futbol akademiyasini tashkil qilib ulgurmagan» «Lokomotiv», «Paxtakor», OKMK, «Metallurg», «Buxoro» va «Qo‘qon-1912» klublari chempionatga qo‘yilmasligi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar