
OCHLning 1-turi doirasidagi “Lokomotiv” - “Al Vahda” uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida maydon egalari ustozi Andrey Fyodorov va himoyachi Islom Toʻxtaxoʻjayev qatnashishdi.
“Bu OCHLdagi ilk oʻyin. Raqib oddiy jamoa emas. Koʻpchilik bu klubni yutish oson deb oʻylaydi. Toʻgʻri oʻtan mavsum ”Al Vahda“ni ikki marta yirik hisobda magʻlub etganmiz. Ammo oʻtgan mavsumdagiga qaraganda jamoa anchagina oʻzgargan. Shunday ekan oʻyin qiziq boʻladi. Biz bu oʻyinga qattiq tayyorgarlik koʻrdik va yaxshi futbol namoyish etib, ijobiy natija qoʻlga kiritishga harakat qilamiz”, - deydi Andrey Fyodorov.
“Ertaga OCHLni chiroyli oʻyin bilan boshlashga harakat qilamiz. Oʻtgan mavsum tarixda qoldi. 2018 yil bu jamoa ustidan qozonilgan gʻalabalarda omad biz tomonda boʻlgandi. Qanday tayyorgarlik koʻrganimizni ertangi bahs koʻrsatadi. Maydonga gʻalaba uchun tushamiz”, - deydi Islom Toʻxtaxoʻjayev.
- Bu mavsumda “Lokomotiv” oldiga OCHLda qanday vazifa qoʻyilgan? Siz bosh murabbiy sifatida birinchi marta OCHLda ishlaysiz.
Andrey Fyodorov: - Toʻgʻri biroz hayajon bor, bu musobaqa startidan oldingi hayajon. Biroq “Lokomotiv”ning vazifalari hech qachon oʻzgarmagan. Birinchi vazifa ertangi bahsda gʻalaba qozonish. Start yaxshi chiqsa bu ajoyib boʻladi. Agar aniq maqsad haqida gapirsak “Lokomotiv” doim oʻz oldiga yuqori maqsadlarni qoʻyadi. Buni yashirish kerak emas.
- Ertangi muhim oʻyindan oldin Superkubok bahsi oʻtkazilgani foyda boʻldimi?
Islom Toʻxtaxoʻjayev: - Albatta oʻrtoqlik va rasmiy oʻyinlarning katta farqi bor. Superkubokdagi oʻyin bizga foyda boʻldi. Ertangi bahsdan oldin chempionatda 2-3 ta oʻyin boʻlganida undan ham yaxshi boʻlardi.
- Yoʻqotishlar yoʻqmi?
Andrey Fyodorov: - Yoʻq. Ertaga barcha futbolchilar maydonga tushishga tayyor. Barcha sogʻlom.
- Jamoa oʻzagi oʻzgardi. Yangi futbolchilar kelib qoʻshildi. Jamoada ichki muhit qanday? Oʻyin jihatidan yangi oʻyinchilar bilan til topishib ketdinglarmi?
Islom Toʻxtaxoʻjayev: - Jamoaning ichki muhiti juda yaxshi. Yangilar asta-sekinlik bilan jamoaga koʻnikib bormoqda. Oʻtgan yilgi tarkibdan koʻpchilik ketdi. Oldingi tarkib bilan 3-4 yil birga oʻynagandik. Ammo yangi kelganlarning koʻpchiligi bilan terma jamoada oʻynaganmiz.
- Bizningcha “Lokomotiv” bu yil legionerlarni yaxshi tanladi. Sababi ular Oʻzbekistonda oʻynagan va sinovdan oʻtgan.
Andrey Fyodorov: - Faqat legionerlar emas, mahalliy oʻyinchilar jamoani kuchaytirishdi. Ular oʻz mahoratini koʻrsata olishgani uchun jamoaga taklif etildi. Yangi oʻyinchilarni futbolchilar sonini koʻpaytirish uchun olmadik.
- Oʻzbek klublari Osiyo chempionlar ligasida ancha yillar oldin yarim finalga chiqqan. Bu allaqachon tarixga aylanib boʻldi. Oʻsha bosqichga chiqish uchun oʻzbek futolchilari, klublariga nima yetishmyapti?
Islom Toʻxtaxoʻjayev: - Xudo xohlasa, bu yil mana shu tarixni yangilash nasib qilsin. Osiyoda legionerlar koʻp narsani hal qiladi. Bizda 20-30 millionlik legionerlar yoʻq. Osiyolik futbolchilarning saviyasi deyarli teng, faqat legioner tufayli gʻalaba qozonadi. Biz jamoaviy oʻyin namoyish etib tarixni yangilashga harakat qilamiz. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar