21:00 / 23.04.2019
3 758

Madrimov alamli mag‘lubiyatdan keyin havaskor boksdan butunlay ketdi (video)

Madrimov alamli mag‘lubiyatdan keyin havaskor boksdan butunlay ketdi (video)
Professional boks bo‘yicha super o‘rta (-69,85 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan o‘zbekistonlik bokschi Isroil Madrimov havaskor bokschilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng jang referisini tanqid qilgan holda havaskor boksga qaytmasligini e’lon qildi.

«Bu oxirgisi bo‘ldi. Men havaskor boksda boshqa ringga tusha olmayman! O‘tgan safar, so‘nggi jahon chempionatidagi nohaq hakamlikdan keyin ham aytgandim, bundan keyin havaskor boksda ringga chiqmayman deb. Ahvol shu darajaga yetganidan keyin sabrim tugadi. Havaskor boksda shunaqa ishlar ham bo‘lib turadi: men bugungi jangni yutdim, buni hamma biladi, hamma men yutganimni ko‘rdi. Afsuski, bu holat havaskor boksdagi faoliyatimga nuqta qo‘ydi. Bunday ishlarga chiday olmayman. Bu uzil-kesil professional boksga o‘tishimga turtki bo‘ladi.

Shu paytgacha meni qo‘llab-quvvatlab kelayotganlarga chin yurakdan o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Hayot davom etadi, yana oldinga intilishda davom etamiz. Men bundan keyin ham xalqaro maydonlarda O‘zbekiston sharafini himoya qilaman, faqat professional ringda. Alloh professional boksda yutuqlarni qo‘lga kiritishni nasib qilsin», – degan Madrimov Tribuna.uz muxbiriga.

Isroil bugun, 23 aprel kuni Bangkokda o‘tayotgan Osiyo chempionatining chorak final uchrashuvida qozog‘istonlik Tursinbay Qulahmetga qarshi jangda hakamlarning turlicha qarorlari hisobiga mag‘lubiyatga uchradi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo o‘yinlari va Osiyo chempionati g‘olibi Isroil Madrimov 2018 yil noyabr oyida professional boksdagi ilk jangini o‘tkazib, uni nokaut bilan yakunlagan va WBA InterContinental chempionlik kamarini qo‘lga kiritgandi. Kamar himoyasi uchun mart oyida venesuelalik Frenk Roxasga qarshi jang qilgan Isroil raqibini hushidan ketkazgan, Roxasni ringdan zambilda olib chiqishgan edi.

Avvalroq Madrimov kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashib, prof-ringdagi uchinchi jangini meksikalik yengilmas jahon chempioniga qarshi o‘tkazmoqchi ekanini ma’lum qilgandi.

U shuningdek, Kun.uz uchun bergan intervyusida 2020 yilgi Tokio Olimpiadasida O‘zbekiston nomidan ishtirok etish maqsadi haqida aytgandi. Endi u Yaponiyaga bormaydi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Madrimov alamli mag‘lubiyatdan keyin havaskor boksdan butunlay ketdi (video)