
Xabaringiz bor, kecha Superligada 8-tur o‘yinlari ortda qoldi. Unda kutilmagan natijalar bilan birga e’tiborni tortadigan holatlar ham kuzatildi. Bular haqida "Sport" telekanali sharhlovchisi Xayrulla Hamidov ijtimoiy tarmoqdagi o‘zining sahifasida "8-turdan keyingi xulosalarim" deya nomlangan maqolasini e’lon qildi.
Superligamizning navbatdagi tur o‘yinlari ham yomon o‘tmadi. Har holda, yettita o‘yinning ichida kutilmagani bor, kambeki bor, shiddatlisi bor va... kutilganlarini ham ko‘rdik. Reyting tabiiyki muhimlik darajasi bilan tuzilgan.
JANUBNING UYG‘ONIShI
SURXON – BUXORO – 1:0
Ko‘pchilik shu natijani kutgan bo‘lsa-da, aslida termizlik futbolchilarning oxirgi natijalaridan kelib chiqsak, bu g‘alabaning vazni o‘ta og‘ir. Jamoa 7 apreldan buyon o‘z muxlislariga uch ochkolik natija taqdim etmay kelayotganini eslatish bilan kifoyalanmiz. O‘sha Jizzaxdagi fantastik o‘yin tasodif bo‘lgan-ov, degan fikr uyg‘onishi boshlangandiki, “Buxoro” mag‘lub etildi.
Superligamizning kayfiyati baribir zo‘r – birgina g‘alabadan so‘ng “Surxon” uchinchi o‘rinda borayotgan “Bunyodkor”dan bor yo‘g‘i bir ochko kam jamg‘argan holda, oltinchi o‘rinda bormoqda. Janubliklar mamlakatimiz chempioni bilan bo‘ladigan o‘yindan oldin “Qizilqum” bilan mehmonda, “Qo‘qon” bilan uyda o‘ynaydi, ochkolar g‘aznasini to‘ldirib qo‘yishga yaxshi imkoniyatlar...
“Buxoro”ning bugungi o‘yiniga, ochig‘i, nima deyishni bilmayapmiz. To‘plar nisbati degan tushunchani olib tashlasak, ayni damda Ashurmatov shogirdlari oxirgi o‘rinda borishmoqda, keyingi hafta balki "Dinamo" bilan vaziyatni o‘nglab olar, a, nima deysiz?!
KUTILGAN HODISA
SO‘G‘DIYoNA – ANDIJON – 2:1
Mazkur o‘yindagi natijani shaxsan men kutgan edim. Ulug‘bek Baqoyev klubga kelgach, jizzaxliklar ruhan o‘zgarishdi va o‘zlariga bo‘lgan ishochni tiklab olishdi. Baqoyev juda muhim pallada keldi o‘zi: Ilk o‘yini “Metallurg” bilan va yutsa bo‘ladigan klub. Buyog‘iga muxlislar “Paxtakor” va “Navbahor”dan uchralgan mag‘lubiyatlarni to‘g‘ri tushunib turishlari ham mumkin edi.
Ammo klubning “Andijon” bilan bo‘ladigan o‘yinda ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q edi. Shunday bo‘lib chiqdi ham, endi Baqoyev shogirdlari iyunning oxirida “Loko” bilan bo‘ladigan uchrashuvga qadar o‘zi bilan teng klublar bilan bahs olib boradi va tabiiyki, muxlislar bu o‘yinlardan ko‘p-ko‘p ochkolar kutishmoqda: Olmaliqqa mehmon bo‘ladi, “Buxoro”ni qabul qiladi, Navoiyga boradi, qo‘qonliklarni kutib oladi. Necha ochkoga umid qilsa bo‘ladi, hurmatli jizzaxliklar?!
“Andijon”ning keyingi raqiblariga bir qarang-da endi: “Paxtakor”ni kutib olish va “Navbahor” stadionida “qaynash”... Sabr tilaymiz!
QARShIGA YaXShIGINA QARShILIK
NASAF – QIZILQUM – 1:1
Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari uch ochko egasi bo‘lishadi deb o‘ylagandim. Biroq, notekis o‘yin ko‘rsatayotgan navoiylik futbolchilar “Nasaf”ga yetarli qarshilik ko‘rsatishdi, qoyil. Natijada – ikki jamoaga ham ma’qul kelmaydigan durang! Ikkisi ham turnir jadvalida u qadar yuqorilay olishmadi, ammo tushib ham ketishmadi, shukr qilishsin.
Keyingi turda qarshilik yigitlarni Qo‘qon safari kutib turibdi, so‘ng “Lokomotiv” bilan uydagi bahs. “Qizilqum”da esa, taqvim endi osonlashadi: “Surxon”ni qabul qiladi, Samarqandga boradi, “So‘g‘diyona”ni kutib oladi va keyingina “Paxtakor” bilan o‘ynaydi. Navoiyliklarga ham o‘sha savol: Aktamov shogirdlaridan kamida necha ochko kutyapsizlar?!
TAQVIMNING FARQI YO‘Q JAMOA
BUNYoDKOR – QO‘QON 1912 – 2:1
Ha, “Bunyodkor” yigitlari (bolalari) kayfiyati shunday. Akademiyadan chiqqan iqtidorlarning navbatdagi qurboni – “Qo‘qon 1912” jamoasi bo‘ldi. Vodiyliklar “Bunyodkor” bilan tengma teng o‘ynashdi va shuning o‘ziyoq ularga yaxshi natija...
“Qaldirg‘ochlar” ikki penaltidan kiritilgan gol evaziga yengishdi-ku, dersiz, ha, ko‘p fint ishlatadigan, ko‘p hujum qiladigan va ko‘proq raqib jarima maydonchasi ichida o‘ynaydigan jamoalar odatda boshqalarga qaraganda ko‘proq penalti ishlashadi-da. Majbur bo‘lib yiqitishadi. “Bunyodkor”ni to‘xtatib qolish shunday xun hisobiga amalga oshmoqda.
Abramov shogirdlaridan borib, keyingi turda kim bilan o‘ynaysizlar, deb so‘ralsa, bilishmasa ham kerak. Haqiqatan ham, ularga nima qizig‘i bor?! Ularni qabul qiladigan temiryo‘lchilar bilan bekobodliklar o‘ylashsin ko‘proq – bu bolalarni qo‘pollik ishlatmasdan boshqacharoq yo‘l bilan qanday to‘xtatib qolishni. Ishoning, shu o‘yin bilan keyingi ikki turdan so‘ng ham Abramov jamoasi uchinchi o‘rindagi joyini hech kimga bo‘shatmagan holda kulib tursa, men ajablanmayman.
Darvoqe, 11-turda rohatlanarkanmiz: “Bunyodkor” “Nasaf” bilan to‘qnash keladi. O‘h, ikki ajoyib uslubga ega yosh yigitlar o‘rtasidagi bahs mavsumning eng ajoyib o‘yiniga aylanib ketsa kerak. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar