2 263
Babayan milliy jamoada ishonchni oqlamagani uchun uzr so‘rab, Lobanov bo‘yicha qaroriga izoh berdi
24 iyun kuni «Lokomotiv»ning yangi bosh murabbiyi Samvel Babayan matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi. Bu haqda Tribuna.uz nashri xabar beradi.
Avvalroq mazkur anjumanning kirish qismida Babayan bildirgan fikrlar keltirib o‘tilgan edi.
– (internet orqali muxlislar yo‘llagan savol) Siz o‘zingizni o‘zbek futboliga foydali inson deb hisoblaysizmi? Agar ha bo‘lsa, futbolimizga qanday foydangiz borligini tushuntirib o‘tsangiz.
– Bu savolni bergan muxlisga javobim shunday: hurmatli muxlis, men o‘z-o‘zimga baho bera olmayman. Mening faoliyatimga tarix baho beradi. Lekin menimcha, hurmatli muxlis, men «Paxtakor»da ishlagan vaqtimda milliy jamoaga 42 futbolchini tarbiyalab berdim. Qo‘l ostimdan chiqqan 200 nafar futbolchi turli yoshdagi terma jamoalarda o‘ynadi, ular orasida jahon chempionatlarida qatnashib, Osiyo chempioni bo‘lganlari ham talaygina.
Qolaversa, o‘zbek futbolining bayroqdori «Paxtakor» men kelganimda yetakchi o‘rinlarda emas edi. O‘sha vaqtda «Neftchi» hammadan oldinda yurardi. «Paxtakor» haqiqatda o‘z an’analarini qaytara oldi.
Oddiy bolakay, katta futbolda o‘ynamay, sportning bu turini chin dildan yaxshi ko‘rib, jamoa administratoridan o‘zbek futbolining bayroqdor klubi bosh murabbiyi bo‘lishi va keyin milliy jamoani boshqarishgacha yetib borishi – mening o‘zbek futboliga qo‘shgan hissam shubhasiz ekanini anglatadi. Bahoni, albatta, tarix beradi.
Mening «Lokomotiv»dagi vazifam faqatgina asosiy jamoaga javob berish emas, balki keyinroq o‘z mevasini beradigan vertikal tizimni yaratishdir. 7 yoshida bu klubga kelgan har bir bola «Lokomotiv» uchun fidoyi bo‘lishi, shu klub falsafasida ulg‘ayib, asosiy jamoada o‘ynashni maqsad qilishi kerak.
– Milliy jamoada ishlagan paytingizdagi xatolaringizni tan olib, muxlislar oldida uzr so‘raysizmi?
– Bu savolni bergan muxlisning xabari bo‘lmasa kerak – men Janubiy Koreya bilan o‘yindan keyin qisqa gapirib, matbuot anjumanini tark etgan bo‘lsam ham, O‘FF matbuot xizmati orqali muxlislardan uzr so‘ragan edim. Ulardagi hissiyotlarga befarq emasdim, o‘zim ham ich-ichimdan jahon chempionatiga chiqishimizga ishongandim.
Bizga bor-yo‘g‘i bittagina gol yetishmadi. Biz hech qachon Jahon chempionatiga chiqishga bu qadar yaqin kelmagan edik. Kim nima deyishidan qat’i nazar, bizga salgina omad yetishmadi.
Tabiiyki, xatolar bo‘lgandi. Futbol o‘yinining o‘zi xatolardan iborat. Shu jumladan biz ham adashamiz. Agar xolis yondashsak, maqsad sari juda kichik masofa qolgandi. Haydarovning zarbasi golga aylanganida yoki 86-daqiqada gol o‘tkazmaganimizda JChga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqqan bo‘lardik.
Nima bo‘lganda ham, men milliy jamoamizga muvaffaqiyat tilayman. Kim murabbiy bo‘lishidan qat’i nazar, biz jahon chempionatiga chiqa olamiz, buning uchun bir narsa kerak – jamoa butun mamlakatga, butun mamlakat bir jamoaga aylanishi zarur. Barchamiz shu milliy jamoa atrofida birlashishimiz kerak.
Milliy jamoa bosh murabbiyi bo‘lganimdan keyin jurnalistlar bilan, murabbiylar bilan, muxlislar bilan uchrashgandik. Ulardan shu jamoa atrofida birlashishni so‘ragandik. Eng boshida shunday bo‘lgandi. O‘zimizga ishonch bilan mag‘lubiyatsiz borayotgandik, to‘rtinchi turdan keyin birinchi o‘rinda edik. Odil Ahmedov Yevropa ligasi o‘yinida jarohat olib, Eron bilan qiyin o‘yinda qatnasha olmagandi. Eronni barcha texnik va taktik ko‘rsatkichlar bo‘yicha mag‘lub etgandik, lekin bitta standart vaziyat sabab yutqazgandik.
Birinchi mag‘lubiyat yigitlarga bosim yukladi. Bu yigitlarni doimo qo‘llab turish kerak. Oxirgi matbuot anjumanimda qachondir bularni gapirib berishimni aytgandim. Birinchi navbatda, menga ishonch bildirgan va o‘zbek futboli uchun ko‘p ishlarni amalga oshirgan Mirabror Usmonovdan minnatdorman. Afsuski, milliy jamoaga sharoit yaratishga mas’ul kishilarning ayrimlari... Bu menga bog‘liq emasdi.
Oxirgi o‘yinimizda bu muhim rol o‘ynagan. Xitoyga borib kelish uchun, Toshkent-Uxan-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha charter reys so‘raganmiz. Agar charter reysda borganimizda maksimum 10-11 soat vaqt ketardi. Lekin mas’ullar charter qilib bera olishmagan. Oqibatda 28-29 soat uchishimizga to‘g‘ri kelgan. Janubiy Koreya termasi esa samolyotga o‘tirib, 6 soatda Toshkentga qo‘ngan.
O‘sha so‘nggi o‘yinning birinchi bo‘limida barcha texnik-taktik ko‘rsatkichlar bo‘yicha raqibdan ustun kelganmiz, lekin ikkinchi bo‘limda shunchaki charchab qolgandik. Samolyot muammosi – bahona emas, real ro‘y bergan holat. Milliy jamoaga sharoit yaratib qo‘yish kerak.
Shuningdek, agar ajratilayotgan mablag‘ miqdori va erishilayotgan samara nisbatini oladigan bo‘lsak, bizning futbol – Osiyoda birinchi o‘rinda. Nega?
Misol uchun, so‘nggi saralash bosqichida Qatar va Xitoy bilan bir guruhda o‘ynagandik. Bugungi kunda Xitoy futbolga har yili 2 mlrd dollar sarflamoqda. Qatar futbolga qancha investitsiya kiritayotganini bilmayman, lekin O‘zbekistondan ancha ko‘proqligiga ishonchim komil. Shunga qaramay, biz eng barqaror jamoamiz. Shartli ravishda Iordaniya yoki Suriya muvaffaqiyatli bo‘lib qolishi mumkin, lekin biz [cheklangan moliyaviy resurslar bilan bo‘lsa-da] barqarorlik bo‘yicha eng ustun jamoamiz. Jahon chempionatiga chiqishga juda-juda yaqin kelyapmiz.
Aytmoqchimanki, agar futbolga kiritilgan pullarning foydalilik koeffitsiyentini hisoblasak, hozir O‘zbekiston – bu ko‘rsatkich bo‘yicha Osiyo chempioni, deb o‘ylayman.
Men o‘sha vaqtda uzr so‘raganman va buni takrorlashim mumkin. Muxlislar umidini oqlay olmaganim uchun ulardan kechirim so‘rayman. Biz shunchalik yaqin keldikki... Biz jahon chempionatida qatnashishimizni, muxlislarimiz xursand bo‘lishini juda ham istagandim. Lekin bunga mening xatolarim ham sabab bo‘ldi. Chunki futbol xatolar ustiga qurilgan. Agar xatolar bo‘lmaganda, u kompyuter o‘yiniga aylanib qolgan bo‘lardi. Futbolchilar ham, murabbiylar ham xato qiladi.
– Terma jamoadan ketganingizdan keyin nega matbuotdan uzoqlashdingiz? Hammaning o‘z haqiqati bor, o‘sha haqiqatlarni aytishga urinmadingiz?
– Birinchidan, vaziyat shunday ediki, hammasi ochiq-oydin ko‘rinib turgandi. Hammasi barbod bo‘lgandi. Bu «proval» edi. Erishishni eng ko‘p xohlagan narsangni qo‘ldan chiqarish edi. Shu holatda bular haqida gapirish oson emasdi. Buni boshidan o‘tkazgan odam biladi.
Ikkinchidan, o‘sha matbuot anjumanida destruktiv kayfiyatdagi qiyofalarga ko‘zim tushgandi. Gap ularning savollarida emas, menda ularga aytadigan gapning o‘zi yo‘q edi. Biroz o‘tib, matbuot xizmati mening muxlislarga qarata aytgan samimiy so‘zlarimni e’lon qildi.
Men hali yutuqqa erishmay turib, intervyu bermaslikni irim qilgandim. Nimanidir gapirishim kerak, deb hisoblamadim. Mening atrofimda, JChga chiqa olmaganimiz mavzusida juda ko‘p narsalar bo‘ldi. Muxlislarga, matbuotga u yoki bu qarorlarim haqida gapirmaganim xatom bo‘lgan edi.
Misol uchun, nega Lobanovni maydonga tushirganman? Shu masalani tushuntirib o‘tib ketmoqchiman. Meni qachon bosh murabbiy etib tayinlashganini eslaylik: ikkinchi saralash bosqichining birinchi o‘yinida Janubiy Koreya bilan o‘ynab, birinchi bo‘limdan keyin 0:4 hisobida yutqazgandik, yakuniy hisob 2:4 bo‘lgandi. Shundan keyin Mirabror Zufarovich meni chaqirib, milliy jamoada ishlashni taklif qildi. Bu – har qanday murabbiy faoliyatining cho‘qqisi, tabiiyki, men ham bunga rozi bo‘ldim.
O‘z-o‘zidan oldingi o‘yinni tahlil qilib chiqdik va bir faktga duch keldik: o‘tkazib yuborilgan 4 ta goldan 3 tasi havodagi to‘p uchun kurashda yutqazganimizdan keyinga to‘g‘ri kelgan. Va bu Nesterovning o‘yinida tendensiyaga aylanib qolgandi. Men uni O‘zbekistoning zamonaviy tarixidagi eng yaxshi darvozabon deb hisoblayman. Lekin afsuski, u shunday xatolarga yo‘l qo‘ygandi. Bu – birinchidan.
Ikkinchidan, Lobanov o‘sha paytda O‘zbekiston chempioni edi, ketma-ket ikkinchi marta mamlakat chempioni bo‘lishga yaqin edi. U mening qo‘l ostimda o‘ynagan va mening talablarimni bilardi.
Mana shu narsalarni xalqqa, jurnalistlarga tushuntirmaganim haqiqatan ham mening xatom bo‘lgandi. Bularni aytmaganim men muxlis va jurnalistlarga ters o‘girilib olganimni anglatmaydi. Men, shunchaki, o‘z ichki tasavvurlarim tufayli gapirishni istamasdim. Men avval qandaydir natijaga erishib qo‘yib, keyin matbuot bilan xotirjam o‘tirib gaplashish kerak, deb hisoblardim. Va bu mening xatom bo‘lib chiqdi, tan olaman. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi