O‘zbek futboli misoli to‘lib-toshib oqayotgan daryo kabidir. Bu oqimning kuch-qudrati adolatli va fusunkor futbol tarafdori bo‘lmish muxlislar, ularning ochiq-oshkora munosabatlari bilan belgilanadi.
Oqimning istagi barchaga ayon - u daryo to‘lqinlari kabi stadionlarni to‘ldirishni, halol futboldan zavqlanib, maydon qirg‘oqlariga toshishni istaydi. Ammo ne ajabki, istaklari ro‘yobga chiqmayapti, mutasaddilar oqim munosabati bilan hisoblashib o‘tirishmayapti.
Ya’ni ular o‘z bilganlaricha yo‘l tutib, oqimga qarshi borishmoqda, to‘g‘rirog‘i, qarshi suzishmoqda. Mayli, suzaverishsin-chi, qayergacha borishadi, qancha vaqt oqimga qarshi quloch otishadi? Bir kun, baribir, adolat qaror topadi, futbolimizda shaffof hayot boshlanadi, shaxsiy yoki guruh manfaatlarini ko‘zlovchi «o‘yin»lar tugaydi.
Kuchli oqim hamma illatlar, illat egalarini qirg‘oqqa uloqtiradi...
Ha, bir kun shunday bo‘lishi muqarrar. Bu kunlar uncha uzoq ham emas. Umumdavlat miqyosidagi yuqori lavozim egalarining korrupsiyaga aloqador ekanliklari fosh etilayotgan bir payt futbolimiz tabiatiga singib ketgan tanish-bilishchilik, shaxsiy manfaatni ustun qo‘yish, muxlislar xohish-irodasini nazar-pisand qilmaslik kabi illatlar ham bir chetga supurib tashlanadi.
Qanchalar himoyalanmasin, tirishmasin, futbolimizdagi korrupsion tizim ham uzoq yashamaydi, yasholmaydi. Pulning kuchi, mansabning qudrati hozircha oqimning shiddati va bosimini yengib, undan ustun kelgancha o‘ziga ishongan holda mag‘rur-mag‘rur boqmoqda. Hattoki, «Oqizasan-a, oqizasan! Puldan, mansabdan ham ustunmisan? Bekorlarning beshtasini aytibsan!» - deya oqimning ustidan baralla kulmoqda. Oqimga shunisi alam qilyapti, oqim shunisiga chidamayapti.
Ha, surbetlik tantanasiga qarshi amalda biror chora topolmaslik yoki allaqanday o‘y-xayollar iskanjasida chora izlashdan o‘zini tiyish oqimning ulkan og‘rig‘idir. Bir murabbiyning «Terimiz eshaknikidan ham qalin! Gap-so‘zlar bizga ta’sir o‘tkazolmaydi. Qolaversa, bolta tushguncha, to‘nka dam oladi!» - qabilida andishasizlarcha aytilgan mulohazalari oqimning fig‘onidir! Ana, Quvondiq Ro‘ziyev va Ikrom Aliboyev katta futbolga ne-ne mashaqqatlar bilan kirib kelishganini jamoatchilik bildi. Bilmaydiganimiz qancha?
Gazetamizning sadoqatli muxlisi! Futbolimiz jonkuyari G‘ulomjon Hamidovning bir necha yil avval iztirob bilan aytgan, lekin «Domla oshirib yuboryapti!» - deya biz tomonimizdan e’tiborsiz qoldirilgan so‘zlari endi yodimizga tushib, barchamizni bezovta qilmoqda. Aslida ROZKda bo‘lajak futbolchilarga saboq bergan, biroq adolatsizliklarga qarshi chiqavergani uchun bir amallab kollejdan chetlatilgan G‘ulomjon aka qabul jarayonidagi korrupsiya haqida, ko‘chada qolgan va izsiz ketgan iste’dodlar taqdiri xususida so‘zlayversa, ochig‘i, odamning esi og‘ib qoladi. «Nahotki?» - deysiz ishonib-ishonmay. Afsuski, faktlar o‘jar bo‘ladi. Quvondiqqa rahmat! U muammolarning qalin pardasini salgina ko‘tardi, xolos. Tushungan odamga shuning o‘zi yetarli. Qani endi boshqa futbolchilar ham u kabi samimiy va oshkora so‘zlay olishsa...
To‘g‘ri, Ro‘zimboy Ahmedov ham bir qadar haqiqatning yuziga tik qaradi. Faqat u bu jarayonda muloqot madaniyati me’yorlarini buzdi va shu bois chekinishga majbur bo‘ldi. Futbolimizdagi muammolardan ajablanib, ularni tap tortmay aytgan Andrey Kanchelskisni ham ko‘p ko‘rdik. Nima deb o‘ylaysiz, «Navbahor»ning duranglardan boshi chiqmay qolishiga faqat murabbiy aybdormi? Balki bu holatga uning o‘zi emas, aksincha, futbolimizning «past-baland»larini bilmasligi yoki bilsa ham nafratga loyiq bunday ishlarni qabul qilolmagani asosiy sababdir. Nazarimizda, u hakam yoki bir futbolchi ham o‘yin natijasiga ta’sir qilishi mumkinligini yurtimizga kelib bildi.
Yoki sezdi. Keyin ularga qarshi kurashishga kuchi yetmasligini, ko‘zni shamg‘alat qiluvchi harakatlarni isbotlashga ojizligini angladi. Ajoyib hakamlar, mahoratli murabbiylar, iste’dodli futbolchilar vaqti kelganda «past-baland»lar bilan hisoblashishlari uni lol qoldirgan bo‘lsa, ajabmas. Inkor etmaymiz, Kanchelskis «Navbahor»dagi natijalar sabab vazifasidan bo‘shatildi. Futbolimizda esa natijalar har doim ham sof raqobat evaziga qo‘lga kiritilmasligi ko‘pchilikka ma’lum.
Shu ma’noda rossiyalik mutaxassis jamoa sifatida «Navbahor»ni, chempionat ko‘rinishida Superligani tushunmay ketdi. U futbolimizdagi mavjud voqelikni bor bo‘yicha tasavvur qilib, tushunganida, ehtimol, aqlidan ayrilardi. Eh, bechora sobiq «qizil iblis»! Ketishingda bir hikmat bor - buni biz bilmaymiz.
Samvel Babayanning aylanib kelib, «Lokomotiv» bosh murabbiyi lavozimiga o‘tirganiga kelsak, bu balki yaxshilikkadir... Ehtimol, hali «intriga»ni qaytargani uchun «Loko» rahbariyatiga rahmat aytarmiz... Har holda, zo‘r «duel»lar yuzaga kelmoqda: Arveladze - Babayan, Abramov - Babayan, Qosimov - Babayan... Tan olaylik, endi «Loko» o‘yinlariga qiziqish ancha ortadi. Muxlislar undan natija kutishadi, balki ayrimlar yutqazishini kutishar... Babayanning o‘zi nimanidir isbotlashga harakat qiladi, albatta. Demak, kuzatamiz, kutamiz.
Muhtaram muxlis! Jamoasining safardagi ilk yutug‘idan so‘ng Mirjalol Qosimov lafz haqida so‘zladi. Lafzi bo‘lsa, murabbiy ham, hakam yoki futbolchi ham oqimga qarshi suzishga intilmaydi. Lafz bo‘lmasa, barchasi bekor. Har qancha urinmang, lafzsiz odam so‘zidan qaytaveradi.
Kezi kelganda, poytaxt stadionlariga muxlislarni ommaviy tarzda borishlari kuzatilmayotgani, aniqrog‘i, bu borada ijobiy o‘zgarish sezilmayotgani yana qaysar va injiq, ammo adolatli oqimni eslatadi. Bu oqimga qarshi suzish oxir-oqibat poytaxt futbolidagi maromni izdan chiqaradi. Bu qanday oqim va u nimadan to‘lg‘anmoqda, arazlamoqda?
Javob Sizlardan, janob mutasaddilar!
Manba: www.interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi