«Lokomotiv»da endi yangi davr boshlandi. Samvel Babayan bosh murabbiylik postini egallaganidan keyin jamoa hayotida ham o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy. Mavsum boshida «Lokomotiv»ga qo‘shilgan Jamshid Iskanderov ham aynan Samvel Babayan bilan birgalikda «Paxtakor»da faoliyat olib borgandi. Babayanning «Lokomotiv»dagi debyut o‘yinida esa Iskanderov gol urib, uning ilk g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Bir so‘z bilan aytganda, iqtidorli futbolchining «Lokomotiv»dagi salohiyatiga yuqori baho berilmoqda.
- Birinchi davra ham tugadi. «Lokomotiv» esa mavsumning birinchi yarmini 2-o‘rinda yakunladi. Dastlabki davra haqida nimalarni ayta olasiz?
- Birinchi navbatda biz Osiyo Chempionlar ligasida yaxshi natija ko‘rsata olmaganimizni aytishim joiz. Asosiy vazifamiz guruhdan chiqish edi. Afsuski, buni uddalay olmadik. Oqibatda bu holat jamoamizdagi barcha yigitlarga ta’sir ko‘rsatdi. Superligada esa bir qator uchrashuvlarda qimmatli ochkolarni yo‘qotdik. O‘z maydonimizda «Qo‘qon-1912»ni yuta turib, yakunda durang o‘ynab qo‘ydik. «Bunyodkor» bilan bahsda ham omadimiz chopmadi. «Metallurg»ga qarshi bellashuvda ham yaxshi o‘ynagan bo‘lsak-da, durang o‘ynadik…
- Buning ustiga Samarqanddagi mag‘lubiyat…
- Ha, «Dinamo»ga mag‘lub bo‘lganimiz ham juda alamli bo‘ldi. 1-o‘rindagi «Paxtakor» bilan o‘rtamizdagi farq 8 ochkoni tashkil qilyapti. Qiyin bo‘lib qoldi.
- Ko‘pchilik «Lokomotiv»ning Osiyo Chempionlar ligasida guruhdan chiqishini kutgandi. Guruhdagi raqiblar va o‘yinlarni solishtirganda «Loko»ning ulardan kuchsiz joyi yo‘q edi. Bu borada nima degan bo‘lardingiz?
- Ko‘pchilik «Lokomotiv»ning guruhini kuchsiz deb o‘ylashdi. Lekin men bu gapga qo‘shilmayman. Chunki u yerdagi har bir jamoa kuchli edi. Bizda tarkibda yangi futbolchilar bor edi, balki shuning evazigami, har holda yaxshi o‘yinlarimizni ko‘rsata olmadik. Shuning uchun guruhdan chiqa olmadik.
- Balki murabbiy jamoani yetarli darajada tayyorlay olmagandir yoki sizlarni ruhlantira olmagandir…
- Murabbiyni yomonlay olmayman. Andrey Fyodorov ham yaxshi mutaxassis. Maydonda biz futbolchilar o‘ynaymiz. Nima bo‘lganda ham bu butun jamoaning mag‘lubiyati. Bunday paytda bitta odamni aybdor qilib ko‘rsata olmayman.
- Boya aytganingizdek, rostdan ham «Paxtakor» «Lokomotiv»dan 8 ochkoga ilgarilab ketdi. Oqibatda aksariyat muxlis va mutaxassislar chempionlik uchun kurashdagi asosiy tashabbusni «Paxtakor»ga berishyapti. Lekin shuni unutmaslik kerakki, «Lokomotiv» hali ham O‘zbekistonning amaldagi chempioni hisoblanadi. To‘g‘ri, oldinda ikkinchi davra bor. Biroq vaziyatga real qarasak, «Paxtakor» «uloq»ni ilib ketdimi?
- Yo‘q, bu gapingizga qo‘shilmayman. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, kimdir «Paxtakor» chempion bo‘ladi deb o‘ylashi mumkin. Lekin oldimizda yana ikkinchi davra turibdi. Biz yanada kuchli o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz. Har bir o‘yin biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Qolgani Xudodan. Lekin yana qaytaraman, hamma narsa bo‘lishi mumkin. Shu bois «Paxtakor»ni chempionlik bilan tabriklashga shoshilmang.
- «Lokomotiv»ga Samvel Babayan bosh murabbiy etib tayinlangach, bu bilan klubga yangi qon quyildi desak ham bo‘ladi. Qolaversa, siz u bilan «Paxtakor»da birga ishlagansiz va Babayanning qanday murabbiyligini boshqalarga qaraganda yaxshiroq bilasiz. Ayting-chi, Babayan «Lokomotiv»ni qanchalik o‘zgartira oladi?
- Istalgan murabbiy yangi jamoaga keladigan bo‘lsa, baribir o‘sha yerda qandaydir o‘zgarishlar bo‘ladi. Masalan, har xil taktikalar, futbolchilarni ruhlantirish uchun kerakli so‘zlarni topa oladigan va yana boshqa jihatlari bilan o‘zgartirishlar kirityapti. Bunga yana vaqt kerak. O‘ylaymanki, Samvel Babayan yaxshi murabbiy. U o‘zi istayotgan narsalarni futbolchilarga tushuntirib, yetkaza oladi.
- Demak, Babayan kelgach, o‘zgarishlar sezilyapti-a?
- Har bitta bolaning o‘yin uslubiga qarab u kerakli so‘zlarni gapiradi va ko‘rsatmalarni bera oladi.
- Buning ustiga siz uchun u bilan ishlash ham osonroq…
- Albatta, Babayanni yaxshi bilaman. Bu men uchun yaxshi. Menga ishonch bildirsa, o‘sha ishonchini oqlash uchun harakat qilaman. Samvel Babayan bilan birga ishlaganman va boshqalar, ular birga ishlashgan deb gapirishlari mumkin. Men yana o‘zimni ko‘rsatishim uchun ikki-uch barobar ko‘proq ishga yondashishim kerak. Turli gap-so‘zlar bo‘lmasligi uchun ham o‘z o‘yinim bilan isbotlashim kerak.
- «Paxtakor»da Jamshid Iskanderov sifatida katta futbolga kirib kelishingizda uning hissasi katta bo‘lgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, yana u bilan yo‘llaringiz kesishdi. Balki bu birlashuv oldingi Iskanderovni yanada kashf qilib berishi mumkinmi? Nima deb o‘ylaymiz?
- Ha, aytgan gaplaringizga qo‘shilaman. Siz haqsiz. Men ham shunday bo‘ladi deb ishonaman. Chunki murabbiy meni biladi va mendan qanday foydalanishni ham biladi. Men ham milliy terma jamoada o‘ynab, O‘zbekiston bayrog‘ini yuqorilarga ko‘targim keladi.
Shuhratbek Jo‘rayev
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi