23:40 / 23.07.2019
2 506

Rauf Inileyev: O‘zbekiston Saudiya bilan 1-o‘rin uchun kurashadi

Rauf Inileyev: O‘zbekiston Saudiya bilan 1-o‘rin uchun kurashadi
Xabaringiz bor, o‘tgan haftada JCh-2022 saralash bahslarining ikkinchi bosqichiga qur’a tashlandi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa «D» guruhida Saudiya Arabistoni, Falastin, Yaman va Singapur bilan bellashadigan bo‘ldi. Qur’adan oldin esa turli taxminlar ko‘p bildirildi va xavotirli holatlar ham yo‘q emasdi. Ayniqsa, Yaponiya, Eron, Avstraliya kabi grandlar bilan ushbu bosqichda to‘qnash kelib qolmaslikni istayotganlar ko‘p edi. Qur’a esa biz uchun chindan ham yaxshi keldi va ta’bir joiz bo‘lsa, «hayot guruhi» deb nomlasak ham mubolag‘a bo‘lmaydi.

Endilikda barcha terma jamoalarning raqiblari ma’lum. Shunday ekan, har bir jamoa kimlarga qarshi o‘ynashini bilgan holda tayyorgarlikni davom ettiradi. Bizni esa albatta, terma jamoamizning guruhi qiziqtiradi. Ko‘pchilik esa Ektor Kuper jamoasiga nisbatan yengil raqiblar to‘g‘ri kelganligini va asosan Saudiya Arabistoni bilan 1-o‘rin uchun kurash kechishi haqida ta’kidlashmoqda.

Vaziyatga real qarasak, aslida ham shunday. Hozirda esa ko‘plab mutaxassislarimiz terma jamoamizning guruhi haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tishmoqda. Osiyoning 2007 yildagi eng yaxshi murabbiyi, terma jamoamizning sobiq ustozi Rauf Inileyev ham qur’a haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Qur’a natijasiga ko‘ra O‘zbekiston terma jamoasi o‘tsa bo‘ladigan guruhdan joy oldi, - deya gap boshladi Inileyev. - Albatta, biz uchun guruhdagi eng asosiy raqobatchi – bu Saudiya Arabistoni bo‘ladi. Tabiiyki, saudiyaliklar jiddiy raqib sanaladi. Keyingi bosqichga yo‘l olish uchun biznikilar iloji boricha birinchi o‘rinni egallasalar maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki reglamentga binoan keyingi bosqichga o‘z guruhlarida ikkinchi o‘rinni band etganlar orasida eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etgan to‘rt terma jamoa yo‘l oladi xolos.

O‘ylaymanki, ayni paytda terma jamoamiz Saudiya Arabistoni bilan tengma-teng kurasha oladigan holatda. Bir tomondan olib qaraganda, Saudiya Arabistoni ancha tajribali jamoa. Qolaversa, ular o‘tgan yili jahon chempionatida ishtirok etgan va kuchli raqiblarga qarshi o‘ynagan holda yetarlicha tajriba to‘plaganlar. Ammo ularning ishtirokini omadli, deb bo‘lmaydi. Shunday ekan, O‘zbekiston terma jamoasi bunday raqibi bilan bemalol birinchi o‘rin uchun kurasha oladi.

Arab futbolining o‘ziga xos xususiyatlari bor. Ularda texnik jihatdan yaxshi saviyadagi ijrochilar topiladi. Lekin bu masalada biznikilar saudiyaliklardan katta farq bilan ortda qoladi, deya olmayman. Jamoaviy o‘yin borasida ustunlik biz tomonda deb hisoblayman. Agar o‘zaro to‘qnashuvlarga yaxshi tayyorlana olsak, bemalol guruhda birinchi o‘rindan umid qilish mumkin.

Shuning bilan birga vaziyat to‘liq ijobiy ko‘rinish hosil qilishi uchun guruhdagi boshqa raqiblarni ham unutib qo‘ymaslik darkor. O‘ylaymanki, o‘yinlarga har tomonlama puxta hozirlik ko‘rish muvaffaqiyat garovi bo‘la oladi. O‘zbekiston terma jamoasining ushub bosqichdan keyingisiga o‘tishi uchun imkon yetarli va hammasi faqat o‘zimizga bog‘liq.

Milliy terma jamoamizning tashkil etilgan oxirgi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotidan keyin bosh murabbiy Ektor Kuper hammasidan qoniqish hosil qilganini va jamoasi hal qiluvchi bahslarga tayyor ekanini aytgandi. Rauf Talgatavich esa terma jamoamizning hozirgi holati haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

- Terma jamoamizning oxirgi o‘yinlarini kuzatar ekanman, nihoyat hujum chizig‘ida yetakchi paydo bo‘lganini ko‘rdim. Men bu gap bilan «Rostov»da to‘p surayotgan Eldor Shomurodovni nazarda tutyapman. U klub miqyosida ham doimo yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib kelmoqda. Bundan tashqari, terma jamoamiz a’zolari orasida saviyasi ancha baland bo‘lgan chempionatlarda to‘p surayotgan ijrochilar ham yo‘q emas.

Masalan, Odil Ahmedov Xitoy Superligasida munosib o‘yin namoyish etib kelmoqda. Shuningdek, Janubiy Koreyada o‘ynayotgan Ikrom Aliboyevni alohida ajratib ko‘rsatgan bo‘lardim. Bizda shu bilan birga Yaponiyada o‘ynayotgan Fozil Musayev ham bor. Agar u uchrashuvlarda muntazam ishtirok etib, yaxshi sport formasiga kirar ekan, shak-shubhasiz terma jamoaga katta foyda keltirishi mumkin.

Yana shuni aytishim joizki, bizda istiqboli porloq yosh darvozabonlar ham yetishib chiqmoqda. Ularga faqat yirik turnirlarda ishtirok etish borasida biroz tajriba yetishmay turibdi xolos. Umuman aytganda, terma jamoamiz tarkibining 60 foizi kuchli ijrochilardan iborat.

Ma’lumki, argentinalik mutaxassis Ektor Kuperning terma jamoamizda ish boshlagan dastlabki kezlarida qo‘llagan himoyaviy taktikasi ko‘pchilikda e’tirozlar uyg‘otgandi va ko‘plab tanqidlarga duch kelgandi. Inileyev esa bu masalani ham e’tiboridan chetda qoldirmadi.

- Ektor Kuper terma jamoamizda ish boshlagan paytda ko‘pchilik himoyaviy o‘yinga ko‘proq urg‘u berilganidan norozi bo‘lishga tushgandi. Ammo bunday dastlabki jarayon bosib o‘tildi. Oxirgi o‘yinlardan xulosa chiqaradigan bo‘lsam, terma jamoamizning o‘yinida ancha o‘sish bor. Asosiysi, asta-sekinlik bilan jamoaning o‘zagi tashkil bo‘lmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, yaxshi tomonga bo‘lgan yaqqol o‘zgarishni ko‘ryapman.

Oxirgi paytlarda ko‘proq nazariy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanib, ekspert sifatida ishlayotganini ta’kidlagan Rauf Inileyev, gapining oxirida bizdan «Andijon» jamoasining bugungi holati haqida ham so‘radi. Tabiiyki, u andijonliklar uchun befarq emas. Boisi, ilgari ushbu jamoani boshqargandi. Shuning uchun sobiq klubi haqida ham munosabatini bildirdi.

- «Andijon»ni boshqarayotgan Aleksandr Xomyakovni ancha tajribali mutaxassis deb hisoblayman. U uzoq vaqt «Mash’al»da samarali faoliyat yuritgan. Klubning Superligada ikkinchi davradagi ilk o‘yini «Buxoro»ga qarshi kechadi. Bu turnir jadvalining quyi qismida borayotgan jamoalarning o‘zaro to‘qnashuvi bo‘ladi. Bunday bellashuvda kim yaxshi natijaga erishsa, keyinchalik o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni ko‘proq his qiladi.

«Buxoro»ni boshqarayotgan Muhsin Muhammadiyevni asosan futbolchilik davri orqali bilaman. Lekin uning murabbiy rolidagi ishini sinchkovlik bilan kuzatib kelganman, deya olmayman. O‘xshashlik tomoni shundaki, «Andijon»da ham, «Buxoro»da ham bosh murabbiylar yangi va ular ixtiyoridagi o‘yinchilarni o‘z falsafalari asosida to‘p surishga o‘rgatishga kirishganlar.

Tabiiyki, bunday jarayon o‘z-o‘zidan, osonlikcha yuz bermaydi. Buning uchun vaqt kerak bo‘ladi. Muhammadiyevning intervyusini o‘qidim, u jamoasiga ko‘plab yangi o‘yinchilar kerak bo‘lishi haqida gapirgan. Bu masala qanday hal qilinishi bevosita rahbariyatga bog‘liq. «Andijon»ga keladigan bo‘lsam, jamoaga ikkinchi davradagi o‘yinlarida faqat omad yor bo‘lishini tilayman.
Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rauf Inileyev: O‘zbekiston Saudiya bilan 1-o‘rin uchun kurashadi