Foto: AFP/Getty Images
Transfer oynasi yopilishiga oz vaqt qolmoqda va ko‘pchilikni bir savol - Neymarning kuzni qaysi jamoa safida boshlashi qiziqtirmoqda. Nafaqat Ispaniya yoki Fransiya, balki butun Yevropa futboliga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan bu kelishuv haqida so‘nggi paytlarda juda ko‘p xabarlar chiqdi. Bu xabarlar turlicha, bir birini inkor qiladi va eng qizig‘i, ayni manbalar ham bir biriga zid bo‘lgan xabarlarni berishmoqda. Demak, rostan ham bu transfer ustidagi muzokaralar jonli tarzda davom etyapti va soat sayin o‘zgarmoqda.
E’tiboringizga Neymar transferini o‘ziga qamragan so‘nggi bir haftani havola qilamiz.
26 avgust. Dushanba.
«Barselona»ning asosiy tarkibi «Betis» ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng dam oldi. Dembele bu o‘yinda jarohat tufayli o‘ynamagandi, Rakitich esa murabbiy qarori bilan maydonga tushmadi. Har ikki futbolchi Neymarning transferiga qo‘shilishi rejalashtirilgandi. Quloqsiz Dembele allaqachon klub rahbarlarining joniga tekkan, uning jarohatlari va mashg‘ulotlarga bo‘lgan munosabati qoniqtirmayapti. Rakitich esa, Valverdega ma’qul bo‘lsa-da, «Barselona» prezidenti Bartomeuning rejalaridan tashqarida. «Barselona» Neymarning ijarasi uchun Dembeleni ijaraga berish va ustiga 40 million yevro to‘lashga rozi. «PSJ» bu taklifni rad etdi.
27 avgust. Seshanba.
Ishga yana «Real» aralashdi va Florentino Peres Neymar uchun Beyl, Navas va Xamesdan voz kechishga tayyorligini bildirdi. «PSJ» bu nomlar o‘rniga Vinisius va Kurtuani so‘radi va shu bilan muzokaralar to‘xtadi. Bu orada kataloniyaliklar klubi tizimida ishlayotgan Viktor Valdes o‘z intervyusida Neymarning transferi bilan bog‘liq nimanidir desa, ishdan bo‘shatib yuborishlarini aytdi. Dembele esa, olovga benzin sepdi - u instagramda o‘zining kataloniyaliklar futbolchisi haqidagi ma’lumotni o‘chirib tashladi.
Kechga yaqin «Barselona» va «PSJ» klublari rahbarlari Parijda uchrashishdi. Kelishuv amalga oshgandek edi: Ikki transh bilan to‘lash sharti bilan 170 million yevro. Ammo «Barselona»da buncha pul yo‘q, «Yuventus» Rakitich uchun katta pul bermoqchi emas. Tomonlar ertasiga uchrashish sharti bilan tarqalishdi. «Barselona» direktori Xaver Bordas Kataloniya radiosiga transfer hal bo‘layotganini aytdi, Parij kutmoqda.
28 avgust. Chorshanba.
Deyarli hal bo‘lgan kelishuv, avvalgi holatga qaytib qoldi. «Barselona» yana pul to‘lamoqchi emas, buning o‘rniga Rakitich va Dembeleni taklif qildi. Parijliklar murabbiyi Tuxel Dembelening kelishiga qarshi emas, ammo Dembele ham, Rakitich ham, Barselonani tark etishga rozi bo‘lishmayapti.
Pike o‘z navbatida Neymarni kutayotganini, ammo vaziyatga ta’sir o‘tkaza olmasligini yozmoqda. «Barselona» bosslari ham shunaqa holatda, chunki ularning pul o‘rniga futbolchi berish taklifini «PSJ» sovuq qarshi oldi.
29 avgust. Payshanba.
Hammasi shu kuni hal bo‘lishi kerakdek. Messi Monakoda mavsumning eng yaxshi hujumchisi, deb topildi, jamoalar Chempionlar Ligasidagi o‘z raqiblarini bilib oldilar. VVS jurnalisti Gilem Balage «Barselona» Neymar uchun 200 million yevro, shuningdek, yoki Todibo, Rakitich va Dembeleni taklif qilayotganini aytdi. Bu xuddi fantastikaga o‘xshaydi, chunki «Barselona»da uncha pul yo‘q, ismlari tilga olingan futbolchilar esa, jamoani almashtirishni umuman istamayotgandilar.
30 avgust. Juma.
Vaziyat og‘irlashmoqda. «Barselona» rahbariyati futbolchilarni ko‘ndirish bilan ovora. Rakitichga klubning keyingi rejalarida uning yo‘qligi, De Yongning kelishidan keyin, asosiy tarkibda joy tegmasligini-yu, «PSJ»ning taklifi zo‘r imkoniyatligini aytishdi. Dembeleni ko‘ndirish uchun esa, jamoada yuqori saviyali hujumchilar shundog‘am ko‘pligini, Parijda esa, uni Tuxel kutayotganini aytishdi. Aynan ushbu murabbiy qo‘l ostida Usmon o‘zining eng yaxshi mavsumini Dortmundda o‘tkazgandi. Manbalar Neymar dushanba kuni rasman tanishtirilishini yoza boshladi. «Kamp Nou» xodimlari va ishchilari katta masshtabdagi marosimga tayyor bo‘lib turish kerakligi haqida ogohlantirildi. Keyin esa, Neymar bilan birga ishlaydigan kompaniya uning «Barselona» libosidagi suratini chiqarib yubordi, ammo biroz o‘tib, surat o‘chirildi.
Kataloniyaliklar yangi taklif bilan chiqishdi, ammo hamon Rakitich va Dembeleni ko‘ndirishga erishilmagandi. «PSJ» direktori Leonardo klub transferga qarshi emasligini, ammo taklif qoniqarli bo‘lishi kerakligini aytdi.
31 avgust. Shanba.
Rakitich «Osasuna»ga qarshi tarkibga kiritildi va jamoa bilan birga Pamplonaga bordi. Dembele jarohat tufayli yana tarkibdan chetda qoldi, ammo uning agenti klubga Dembele umuman bu transferning bir qismi bo‘lishga qarshi ekanini ma’lum qildi. Kataloniya matbuotining yozishicha, jamoa yetakchilari va Valverdega Neymar kelmasligi ma’lum qilingan. Murabbiyning o‘zi ham, braziliyalik hujumchi bilan bog‘liq gap-so‘zlardan zerikkanini tan oldi va bor e’tiborini o‘yinga qaratmoqchi ekanini aytdi. Ammo «Barselona» yana bir, eng oxirgi taklifni kiritishga hozirlanmoqda.
«Barselona» «Osasuna» bilan durang o‘ynadi, Rakitich maydonga tushirilmadi. Shu pallalarda esa, yangi xabar ham paydo bo‘ldi - Neymar «Barselona»dagi do‘stlariga transfer barbod bo‘lganini aytgan.
1 sentyabr. Yakshanba.
Sky Sports nashrining yozishicha, Neymar klubiga ushbu transferning ma’lum qismini o‘z pullari bilan qoplashi mumkinligini aytgan, u o‘z yonidan 20 million yevro qo‘shishga tayyor bo‘lgan, ammo «PSJ» bunga ko‘nmagan. Shuningdek, Neymarning oilasiga Parijda qolayotganini aytgani haqida ham ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Ya’ni klublar qaysidir ma’noda, muzokarani to‘xtatdi.
Ammo bu bilan ushbu transfer yuz foiz amalga oshmaydi, deb bo‘lmaydi. Chunki Ispaniyada transfer oynasi ertaga yakuniga yetadi. «Osasuna» bilan o‘yinda ham ochko yo‘qotgan «Barselona»da parijliklarni qoniqtiradigan yangi taklif tayyorlash uchun bir kundan ko‘proq vaqt bor. So‘nggi kunning qanchalik samarali va voqealarga boy bo‘lishini esa yaxshi bilamiz. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi