23:00 / 01.09.2019
2 358

Erkin Boydullayev: "AGMK klubiga o‘tganimda, xuddi "Nasaf"ga qaytgandek bo‘ldim"

Erkin Boydullayev: "AGMK klubiga o‘tganimda, xuddi "Nasaf"ga qaytgandek bo‘ldim"
Tajribali yarim himoyachi Erkin Boydullayev jonli muloqot davomida bir qator qiziqarli masalalarda o‘z fikrlarini bildirdi.

AGMK jamoasi ikkinchi davrada tarkibiga yana yangi kuchlarni qo‘shib olganidan xabaringiz bor. Taklif etilgan futbolchilar orasida Erkin Boydullayevning ham borligini bilsangiz kerak. Tajribali tayanch yarim himoyachisi doim o‘z o‘yinlari bilan muxlis va mutaxassislarning olqishiga sazovor bo‘lib kelgan. Qolaversa, o‘zining odobi, hulq-atvori tufayli ham boshqalardan ajralib turadi. Futbolchining AGMKga o‘tgani munosabati bilan u bilan bafurja muloqot qilishni niyat qilib qo‘ygandik. Kuni kecha Boydullayev taklifimizga rozilik bildirdi.

Futbolchi bilan muloqotimiz avvalida uning AGMK klubiga ko‘chib o‘tishi haqida so‘radik. Ma’lumki, u birinchi davrani «Qizilqum»da boshlab, ikkinchi davrada AGMK jamoasiga o‘tib ketgandi. Bunday yo‘l tutishida asosiy sababchi bo‘lgan inson kim bo‘lishi mumkin? Bu haqida Boydullayev javob berdi.

- AGMK klubiga o‘tganim...Sizga rostini aytadigan bo‘lsam, birinchi davra tugamasidan oldinoq «Qizilqum»dan ketishni maqsad qilib qo‘ygandim. Natijada mening u yerdan ketishimni eshitishgan AGMK murabbiylari qo‘ng‘iroq qilishdi. Shundan so‘ng men AGMKga o‘tishim haqida murabbiylarga va’da bergandim.

Yaxshi bilsangiz kerak, Boydullayevning faoliyatida «Nasaf» klubi katta ahamiyat kasb etadi. Boisi, u qarshiliklar safida olti yil davomida samarali to‘p surganini barcha biladi. Ko‘pchilik esa «Nasaf» Boydullayevning faoliyatida tub burilish yasagan jamoa deb ham hisoblashadi.

- «Nasaf» jamoasida deyarli 6 yil mobaynida o‘ynaganman, - deya mavzuni davom ettirdi, futbolchi. – Esimda, «Nasaf»ga 2010 yilning oxirida qo‘shilgandim. Yaxshi eslayman, o‘sha paytlar yaxshi damlar bo‘lgandi. Ochig‘i, «Nasaf»dagi faoliyatim haqida sizga aytib berishim uchun ko‘p vaqt kerak bo‘ladi. Muhimi, «Nasaf»ning tarixiga kirganimdan xursandman. OFK Kubogini yutdik, O‘zbekiston Kubogi va Superkubogi sohibiga aylandik. Fakat chempion bo‘lishimizga biroz nimadir yetmay qolgan. Jamoa bilan esa asosan 2-3-o‘rinlarni egallaganmiz.

Erkin 35 yoshga qarab ketyapti, o‘zi esa samarqandlik. Odatda futbolchilar faoliyati yakunlanayotgan paytda o‘zi tug‘ilib o‘sgan jamoada o‘ynab tugatishni istashadi. Shuni inobatga olgan holda undan ham mana shunday xohishi bor yoki yo‘qligi to‘g‘risida so‘radik.

- Ha, men asli Samarqand viloyatining Jomboy tumanidanman. Lekin men 2010 yildan beri Toshkentda yashayman, oilam bilan birga. Hozirgi paytda esa mening barcha e’tiborim AGMK jamoasiga qaratilgan. Faoliyatimni esa qayerda tugatishimni albatta vaqt ko‘rsatadi. Hozir 34 yoshdaman, Xudo xohlasa, kuchim yetganicha o‘ynayveraman Balki 2 yil…

Haligacha uning «Nasaf»dagi o‘yinlarini eslab turishadi. Ammo negadir Qarshidan ketgach, «Nasaf»dagi kabi yorqin o‘yinlarini ko‘rmadik, degan fikrlarni ham eshitmoqdamiz. Bu masala bo‘yicha esa futbolchining fikrlarini eshitamiz.

- Yo‘q, men bu fikrga qo‘shilmayman. To‘g‘ri, har xil odamlar bor. Kimgadir yoqasan kimgadir yoqmaysan va yoqmagansan. Shuning uchun tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilaman, - dedi Boydullayev.

Shuningdek, uning «Nasaf»da oxirgi paytlarda bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev bilan tortishib qolgani haqidagi gaplar ham qulog‘imizga chalinardi. Bu masalaga ham aniqlik kiritish maqsadida Erkin Boydullayevga murojaat qildik.

- Ro‘ziqul Berdiyev bilan o‘rtamizdagi munosabatimiz zo‘r. Biz qo‘ng‘iroqlashib va ko‘rishib turamiz. Umuman olganda, «Nasaf»da 6 yil o‘ynagan bo‘lsam, u kishi bilan munosabatimiz doimo yaxshi bo‘lgan va hozir ham shunday. To‘g‘ri, mashg‘ulotlardan meni haydab yuborgan paytlari ham bo‘lgan. Natijada o‘sha paytlarda biroz asabiylashardim. Har yil 3-4 marta mashg‘ulotlardan chetlashtirib yuborardi. Bu degani, hayotda kelishmay qolganimizni anglatmaydi. Masalan, Turkiyadagi yig‘in chog‘ida ham meni mashg‘ulotdan haydagandi. Shunda menga hammasini o‘zi tushuntirgandi. «Men o‘zim ham futbolchilik paytimda shunday bo‘lganman» degandi. Nima uchun «Nasaf»dan ketganman?! Hech kim bilan urishmaganman. Shunchaki, Ro‘ziqul aka bilan gaplashib, yaxshi ma’noda xayrlashib ketganman. To‘g‘ri, «Nasaf»dan ketganimga xafa bo‘lgan deb o‘ylayman.

Shundan so‘ng Boydullayev Navoiyning «Qizilqum» jamoasiga borib qo‘shilgandi. Futbolchi u yerda ham bir necha mavsum davomida to‘p surdi. Ammo joriy mavsumning birinchi davrasidan keyin u yerdan ketishga qaror qildi. Buning sababini esa quyidagicha izohladi:

- Men «Qizilqum» klubida 3 yil o‘ynadim. To‘g‘risini aytsam, AGMK men uchun yaxshi variant bo‘ldi. Chunki bu klubda to‘p surishim o‘zim uchun har tomonlama juda qulay. Uyimga ham yaqin. Jamoaning bazasi Toshkentda. Mashg‘ulotdan keyin uyga... Ochig‘i, uyimdan tashqarida 9 yil o‘ynadim.

Shuningdek, Erkin Boydullayev ta’til paytlarida xorijda sayohat qilishni ham yoqtiradi. Shu bois undan ko‘proq qayerda hordiq chiqarish o‘ziga yoqishi haqida ham so‘radik.

- Ha, men ko‘p davlatda bo‘lganman. Eng zo‘ri Gruziya yoqqan. Mehmondo‘st xalq ekan, odamlari ham juda xushmuomala.

Futbolchi bir qator murabbiylar bilan birga ishladi. Shuni inobatga olgan holda shu paytgacha birga ishlagan murabbiylari orasida o‘zi uchun eng yaxshisi kimligini aniqlashga harakat qildik.

- 2009-2010 yillari Samarqandda Azamat Abduraimov bilan birga ishlaganman. 2010-2016 yillar davomida esa «Nasaf»da Anatoliy Demyanenko va Ro‘ziqul Berdiyev bilan. Hozir esa Mirjalol Qosimov bilan birgaman. Garchi ularning taktikalari har xil bo‘lib, qattiqqo‘l va talabchan bo‘lishsa-da, hammasi yaxshi va o‘z ishiga professional munosabatda bo‘lishadi. Shuning uchun ular hammaga bir xil darajada qarashadi. Darvoqe, Mirjalol Qosimov bilan 2008 yili «Bunyodkor»da ham birga bo‘lganman, keyinchalik meni bir-ikki marta terma jamoaga ham chaqirgan. Umuman olganda, barchasi bilan munosabatim yaxshi. Ularga nisbatan hurmatim katta.

AGMKda hamma ishlar joyida, mablag‘ va tarkib masalasida ham barqarorlik bor. Ammo o‘yin bo‘yicha barqarorlik yetishmayapti. Buning sababini esa Boydullayevdan bilishga qiziqib ko‘rdik.

- Bilasizmi, AGMK jamoasiga kelganimda, yana «Nasaf»ga qaytib kelgandek bo‘ldim (men ishga professional yondashuvni nazarda tutyapman) Bu klubda hammasi joyda hamda o‘z vaqtida. O‘yin bo‘yicha qaraydigan bo‘lsak, birinchi davrada jamoaga biroz omad yetishmadi deb o‘ylayman. Garchi tarkibda yaxshi futbolchilar yig‘ilgan bo‘lsa-da, o‘z o‘yinini ko‘rsatishi qiyinroq kechdi. Ikkinchi davradan esa umidimiz katta. Omadimiz kelib yaxshi natijalar ko‘rsatamiz, nasib kilsa. Hammasi joyiga tushib ketadi. Oxirgi o‘yinlarda «Paxtakor»ni inobatga olmaganda, O‘zbekiston Kubogi va Liga Kubogi bilan birga, hammasini yutib kelyapmiz. O‘ylaymanki, jamoamiz deyarli o‘ziga keldi. Professional sportchi o‘zining ishini sevishi kerak. Boshqa ishni o‘ylamaslik kerak. Aks holda bu holat o‘ziga halaqit beradi.

Shu o‘rinda undan futboldan keyin nima ish bilan shug‘ullanmoqchiligi haqida ham qiziqib so‘ragandik, lekin u «futboldan keyin nima qilishim borasida hali aniq o‘ylab ko‘rmadim», deya qisqacha javob qaytardi. Shundan so‘ng Boydullayevdan futbolda siz uchun eng yaqin inson va do‘sti kimligi haqida bilishga harakat qildik.

- Futbolda juda ko‘plab do‘stlar, aka-ukalar orttirganman. Deyarli hamma viloyatdan yaqin tanishlarim bor. Biz ular bilan ko‘p ko‘rishib turamiz, telefon orqali gaplashamiz. Shuningdek, telegramm ijtimoiy tarmog‘ida bizning alohida gruppamiz ham bor. Masalan, yaqinda sobiq «nasaf»chilar bilan ko‘rishdik. Ro‘ziqul aka Berdiyev boshchiligida birga ovqatlandik. Axir bu jamoa bilan Kubok finalida besh marta o‘ynaganmiz. AGMKga kelsak, bu yerda ham barcha yigitlar bilan juda yaqin bo‘lib oldim. Ko‘z tegmasin, jamoamiz juda ahil, - deya munosabat bildirdi.

Shuningdek, Erkin Boydullayevning o‘zi yuqorida aytib o‘tganidek, u «Nasaf»da doim sovrinli o‘rinlar uchun kurashib kelgan. Ammo u yerdan ketgach, asosan o‘rtamiyonalar orasida qolib ketayotgani ham haqiqat bo‘lib turibdi. Bu borada o‘zining fikrlari bilan qiziqib ko‘rdik.

- To‘g‘risi, «Nasaf»dan ketganimda «Qizilqum»ga so‘z bergandim. Chunki ularga agar «Nasaf»dan ketadigan bo‘lsam, sizlarga o‘taman deb qo‘ygandim. Navoiydagi birinchi yilda biz 6-o‘rinni oldik. Bilasizmi, 3 yil davomida «Qizilqum»da o‘ynagan bo‘lsam, har yili «Lokomotiv» chaqirardi, yana 2-3 ta yaxshi jamoalardan takliflar bo‘lib turardi. Albatta, o‘sha takliflarni deb «Qizilqum»dan ketsam bo‘lardi, lekin o‘sha paytda «Qizilqum» jamoasiga nisbatan hurmatim katta edi... O‘rtamiyona klubga ketishni o‘ylamaganman, hatto. O‘sha paytda ularga labz qilganman, ketmayman deb. AGMKga kelsak, bu o‘rtamiyona jamoa emas. Nasib qilsa, mavsumni yaxshi o‘rinda tugatishga harakat qilamiz. Kubokni qo‘lga kiritishga urinib ko‘ramiz.
Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Erkin Boydullayev: "AGMK klubiga o‘tganimda, xuddi "Nasaf"ga qaytgandek bo‘ldim"