21:25 / 21.09.2019
2 678

Server Jeparov: "Terma jamoamiz Kuper bilan oldinga siljiy olmasa kerak"

Server Jeparov: "Terma jamoamiz Kuper bilan oldinga siljiy olmasa kerak"
Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan hamyurtimiz Server Jeparov joriy mavsumni Bekobodning «Metallurg» klubida boshlashga rozilik berganidan xabardorsiz. Katta tajribaga ega bo‘lgan futbolchi imkon darajasida «Metallurg»ga yordam berishga harakat qildi. Lekin uning ushbu klubdagi faoliyati mavsum oxiriga qadar yetib bormadi. Boisi, yaqinda Jeparov «Metallurg» klubini tark etishga qaror qildi. Bunga esa uning olgan jarohatlari sabab sifatida ko‘rsatib o‘tildi.

3 oktyabr kuni 37 yoshni qarshilaydigan Server katta ehtimol bilan faoliyatiga nuqta qo‘ygan ko‘rinadi. Agar Jeparovning futbolchilik hayotiga nazar soladigan bo‘lsak, bu endi alohida mavzuga aylanadi. Chunki u ko‘plab qiziqarli sarguzashtlarni boshidan kechirdi va muvaffaqiyatli o‘yinlari ham talaygina bo‘lgandi. Endi esa Jeparovning faoliyatida o‘zgarishlar bo‘lishi turgan gap.

«Metallurg»ni tark etganidan keyin Server bilan klubdan ketishi, keyingi faoliyati va terma jamoamiz mavzusida gaplashishni niyat qilib qo‘ygandik. Lekin u bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi. Keyin bilsak, Server Moskvaga ketgan ekan. Shunga qaramay, bir amallab u bilan aloqa o‘rnata oldik. Jeparovga o‘z taklifimizni bildirganimizda, biz bilan suhbatlashishga rozi bo‘ldi, faqat savollarimizni jo‘natishimizni va bir kundan keyin javoblarini yozib yuborishini ma’lum qildi. Kelishganimizdek, shunday yo‘l tutdik va ertasi kuni Server Jeparovdan javoblarini qabul qilib oldik. Aytish mumkinki, u o‘zining aksar javoblarini qisqa va lo‘nda qilib yuborgan.

- Server, sizni «Metallurg» klubidan ketishingizni kutmagandik. Ayting-chi, bekobodliklar safini tark etishingizga nima sabab bo‘ldi?
- Ketish haqidagi fikr birdan xayolimga keldi va bu qarorni qabul qildim. Bori shu.

- Ushbu jamoa ustozi Andrey Shipilov sizning «Metallurg»ga o‘tishingizni yuqori baholab, katta foydangiz tegishini aytgandi. U yerda qisqa muddat o‘ynab, nima bera oldim deb o‘ylaysiz?
- Men haqimda iliq gaplarni aytgani uchun undan minnatdorman. Birgalikda ishlash orqali unutilmas tajribaga ega bo‘lganman.

- Jarohatingiz jiddiymi? Faoliyatingizni yana davom ettirishingizga to‘sqinlik qilmaydimi?
- Yo‘q, jarohatdan allaqachon forig‘ bo‘ldim va albatta yana o‘ynashda davom etishim mumkin edi.

- Aslida bu jarohatni qachon va qayerda orttirib oldingiz?
- «Dinamo»ga qarshi kechgan bellashuvda. Keyin esa mashg‘ulot chog‘ida jarohatimni yangilab oldim. Ammo hozir hammasi ortda qolgan.

- Futboldan keyin qanday ish bilan shug‘ullanishingizni aniqlashtirib oldingizmi?
- Bundan keyin ham futbolda qolmoqchiman.

- «Metallurg»ning bu mavsumdagi ishtirokiga nima deya olasiz?
- Jamoa mavsumda barqaror o‘yin ko‘rsata olmayapti. Vaholanki, tarkibdagi futbolchilarda juda katta potensial bor.

- Bugungi kunda milliy terma jamoamiz atrofida turli gap-so‘zlar yuribdi. Terma jamoamizning sobiq yetakchisi sifatida bundan xavotirga tushyapsizmi?
- Albatta, terma jamoa uchun qayg‘uraman. Axir O‘zbekiston mustaqil davlat. Jahondagi aksar mamlakatlar singari bizda ham futbol birinchi o‘rinda turadi. Futbolni bejiz xalqaro musobaqalarda davlatning «yuzi» deya e’tirof qilishmaydi.

- Sizningcha, Ektor Kuper boshchiligidagi terma jamoamiz to‘g‘ri yo‘ldami?
- O‘ylaymanki, terma jamoa u bilan oldinga siljiy olmasa kerak.

- Nima deb o‘ylaysiz, Kuperni ishdan bo‘shatish muammoning yechimi bo‘lib xizmat qiladimi?
- Bu savolingizga javob bera olmayman. Chunki shu masala bilan shug‘ullanish vakolatiga ega bo‘lgan kishilar bor. Men esa bunday vakolatga ega emasman.

- Terma jamoamizni boshqariiga kimni munosib nomzod deb hisoblaysiz?
- Vadim Abramov bilan Timur Kapadzeni.

- O‘yinchilik faoliyatingizni yakunladingiz. Ayting-chi, xayrlashuv uchrashuvini tashkil etish rejalaringizda bormi?
- Yangi mavsum boshlangunga qadar bu xususida o‘ylab ko‘rmoqchiman. Ammo shunisi aniqki, xayrlashuv uchrashuvi albatta o‘tkaziladi.

- Aytishlaricha, O‘zbekiston o‘smirlar yoki yoshlar terma jamoasini sizga topshirishlari mumkin emish. Bu gaplarda jon bormi?
- Bularning bari hozircha jurnalistlar tomonidan muhokama qilinayotgan gap-so‘zlar xolos. Aniq taklif yuzasidan esa menga murojaat bilan chiqishgani yo‘q.

- Agar sir bo‘lmasa, Moskvaga nima sababdan yo‘l oldingiz?
- Moskvani tomosha qilmoqchiman. Bundan tashqari, o‘rtoqlarim bilan ko‘rishishni istayman.
Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Server Jeparov: "Terma jamoamiz Kuper bilan oldinga siljiy olmasa kerak"