Bugun O‘zbekiston terma jamoasi Qirg‘iziston bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi.
Qirg‘iziston terma jamoasi yaqin yillarga qadar Osiyo qit’asida autsayderlardan biri bo‘lib kelgan. O‘z tarixida hech qachon Jahon chempionatiga chiqa olmagan, Osiyo Kubogidagi debyut esa 2019 yil amalga oshirildi. Sobiq Ittifoq parchalanganidan keyin Qirg‘iziston mustaqillikka erishgach, futbol bo‘yicha terma jamoa tuzilgan.
Birinchi rasmiy uchrashuvni 1992 yil 23 avgust kuni Markaziy Osiyo Kubogi doirasida Toshkentda O‘zbekistonga qarshi o‘tkazgan. O‘sha bahsda Qirg‘iziston 0:3 hisobida yutqazib qo‘ygan edi. 2014 yil oktyabr oyida terma jamoa ruliga rossiyalik mutaxassis Aleksandr Krestinin kelgach Qirg‘iziston terma jamoasida ko‘tarilish yuz berdi. Qo‘shnilarimiz BAAda o‘tgan Osiyo kubogi saralashida muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘z tarixida ilk bor qit’a chempionatiga chiqdi.
OSIYo KUBOGI-2019
Shu yil yanvar oyida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida Qirg‘iziston Janubiy Koreya, Xitoy va Filippin bilan birga “S” guruhidan joy oldi. Marchello Lippi boshchiligidagi Xitoy hamda Osiyoning grandlaridan biri hisoblangan Janubiy Koreyaga qarshi bahslarda munosib harakat qilgan qirg‘izlar imkoniyatni boy berib qo‘yishdi. So‘nggi turda Filippinni mag‘lub etgan Krestinin shogirdlari g‘alaba qozonib, uchinchi o‘rinni egallab keyingi bosqichga chiqishga muvaffaq bo‘lishgan. 1/8 finalda musobaqa mezboni BAA bilan o‘tgan bahsning asosiy vaqtida 2:2 hisobi qayd etilgan va arablar faqat qo‘shimcha taymlardagi gol evaziga Qirg‘izistonni mag‘lub etishgandi.
JCh-2022 SARALAShI
Qirg‘iziston JCh-2022 saralashida Yaponiya, Tojikiston, Myanma va Mo‘g‘uliston "F" guruhidan joy olgan. Qur’a tashlash marosimidan keyin Aleksandr Krestinin guruh haqida quyidagi fikrlarni bildirgan edi: “Normal guruh. Kurashamiz va o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga urinamiz. Kurasha olishimizni va eng qiyin vaziyatlarda ham taslim bo‘lmaslikni isbotlab bo‘ldik. Jamoamda xarakter bor. Bizning minimum vazifamiz - Osiyo Kubogi-2023ga chiqish. Kuchimiz yetadi, barchasiga real ko‘z bilan qaraymiz. Futbolda qilib bo‘lmaydigan ishning o‘zi yo‘q”.
Saralashni Dushanbeda Tojikistonga qarshi o‘yin bilan boshlagan Qirg‘iziston 0:1 hisobida yutqazib qo‘ydi. Oktyabr oyida o‘z maydonida Myanma 7:0 hisobida tor-mor etildi. Ushbu g‘alaba terma jamoa tarixidagi eng yirik g‘alabaga aylandi. Mo‘g‘uliston safarda taslim etildi (2:1) hamda 4-turdan so‘ng guruhda ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Noyabr oyida Qirg‘iziston o‘z maydonida ikkita o‘yin o‘tkazadi. Dastlab Yaponiya, so‘ngra Tojikiston bilan bahslar Krestinin boshchiligidagi jamoa uchun juda ham muhim hisoblanadi.
Qirg‘iziston futbol Federatsiyasi
Laqabi – “Oq shumqorlar”
Konfederatsiya - OFK
Bosh murabbiy – Aleksandr Krestinin (Qirg‘iziston)
Sardor – Valeriy Kichin
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan – Vadim Karchenko (51)
Eng ko‘p gol urgan – Anton Zemlyanyuxin (12)
Uy stadioni - "Dolen Omurzakov" nomidagi stadion
FIFA kodi - KGZ
FIFA reytingidagi o‘rni - 94 (2019 yil 24 oktyabr)
Birinchi rasmiy o‘yin
O‘zbekiston – Qirg‘iziston 3:0
1992 yil 23 avgust, Toshkent, O‘zbekiston.
Eng yirik g‘alabasi
Qirg‘iziston – Myanma 7:0
2019 yil 10 oktyabr, Bishkek, Qirg‘iziston.
Eng yirik mag‘lubiyati
Eron – Qirg‘iziston 7:0
1997 yil, 4 iyun, Damashq, Suriya.
Osiyo Kubogidagi ishtiroki – bir marta (2019)
Eng yaxshi natijasi - 1/8 final (2019)
BOSh MURABBIY
Aleksandr Krestinin rossiyalik sobiq futbolchi. O‘z vaqtida himoyachi rolida futbol o‘ynagan. Bugungi kunda esa Qirg‘iziston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib bormoqda. Futbolchilik davrida ko‘plab jamoalarda o‘ynagan. Ulardan biri "Kuban".
Murabbiylik faoliyatini 2010 yilda "Neftchi" (Qo‘chqor ota)da boshlagan va ilk mavsumidayoq jamoani o‘z tarixidagi ilk chempionligini qo‘lga kiritishida muhim rolni o‘ynagan. Keyin esa ikki yil davomida Krasnodar o‘lkasidagi Rossiya davlat akademiyasida metodik ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan.
2014 yilda esa Qirg‘iziston terma jamoasida ish boshladi. Kresteninning kelishigacha, qo‘shnilarimiz FIFA reytingida 201-o‘rinni egallab turgandi. Murabbiy qo‘l ostida terma jamoa oktyabr oyida 99-o‘ringacha ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lgan. Bu terma jamoaning qay darajada o‘sishga erishganidan dalolat beradi.
Kresteninning jamoasini na himoyaviy, na hujumkor jamoa sifatida bilamiz. U qo‘l ostidagi futbolchilarning imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘yin uslubini tuzib chiqadi.
Uning yoshlar bilan ishlashi haqida yana gapiradigan bo‘lsak, Aleksandr yoshlar jamoalarining yig‘inlarini, ular ishtirokidagi musobaqalarni kuzatib boradi va o‘sha yerdan milliy terma jamoaga futbolchi chaqirishdan qo‘rqmaydi. Aynan uning qo‘l ostida Qirg‘iziston milliy terma jamoasida 19 yoshli futbolchilar to‘p tepa boshlashdi.
O‘ZARO O‘YINLAR TARIXI
Bu ikki jamoa shu kunga qadar o‘zaro oltita o‘yin o‘tkazishgan.
Dastlabki ikki bahs Markaziy Osiyo kubogi doirasda bo‘lib o‘tgan. 1992 yil 23 avgust sanasida Toshkentda bo‘lib o‘tgan ilk to‘qnashuvda Shuhrat Maqsudov, Azamat Abduraimov (2ta) tomonidan urilgan gollar terma jamoamizga yirik g‘alabani keltirgan edi - 3:0.
O‘sha yil oktyabr oyi boshida Bishkekda o‘tgan bahsda muxlislar jami 8ta gol guvohiga aylanishgan. O‘zbekistondan Rustam Zabirov, Rustam Abdullayev, Azamat Abduraimov (2ta), Shuhrat Maqsudov va Ulug‘bek Ro‘zimov mezbonlar darvozasiga gollar urishgan. Uchrashuv 6:2 hisobida vakillarimizning g‘alabasi bilan yakuniga yetgan.
1994 yil Mustaqillik kubogida bu jamoalar yana bir bor o‘zaro hisob-kitob qilishgan. Ikki yil oldin bo‘lgani kabi bu safar ham O‘zbekiston Toshkentda 3:0 hisobida zafar quchgan. Bu safar gollarga Shuhrat Maqsudov, Rustam Do‘rmonov va Abduqahhor Ma’rufaliyev mualliflik qilishgan.
2007 yil Qozog‘istonda tashkil etilgan "Alma TV" o‘rtoqlik musobaqasi doirasida o‘tgan bahsda O‘zbekiston 6:0 hisobida g‘alabaga erishgandi. Anvar Soliyev, Ulug‘bek Baqoyev (3ta), Yannis Mandzukas va Vladimir Shishelov Qirg‘iziston darvozasini ishg‘ol qilishgan edi.
So‘nggi ikki o‘zaro uchrashuvimiz JCh-2014 saralashi doirasida bo‘lib o‘tgan. 2011 yil Toshkentdagi bahsda Aleksandr Geynrix, Marat Bikmayev, Server Jeparov va Ulug‘bek Baqoyev Qirg‘iziston terma jamoasi darvozasiga to‘p kiritishgandi - 4:0.
Bishkekda ham O‘zbekiston yirik g‘alabani qo‘lga kiritgan. Bu safar Viktor Karpenko va Bahodir Nasimov (2ta) o‘zini ko‘rsatgandi - 3:0.
Statistikaga e’tibor qilsak, O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan barcha oltita o‘yinda ham g‘alabaga erishgan, e’tiborlisi har safar yirik g‘alaba qo‘lga kiritilgan. Vakillarimiz 25ta gol urishgan va 2ta gol o‘tkazib yuborishgan xolos.
Qirg‘iziston terma jamoasining O‘zbekiston bilan o‘yin uchun chaqirilgan futbolchilar ro‘yxati:
Darvozabonlar: Valeriy Kashuba, Pavel Matyash, Kutman Kadirbekov (hammasi – «Dordoy»)
Himoyachilar: Valeriy Kichin («Dinamo-Minsk», Belarus), Viktor Mayer («Videnbryuk», Germaniya), Ayzar Akmatov, Azamat Baymatov, Aleksandr Mishchenko, Mustafa Yusupov (hammasi – «Dordoy»), Tamirlan Kozubayev («PKNS», Malayziya), Akramjon Umarov («Alay»)
Yarim himoyachilar: Odiljon Abduraxmanov («Alay»), Alimardon Shukurov («Boluspor», Turkiya), Axlidin Israilov (klubsiz), Baxtiyar Duyshobekov («Bashundxara Kingz», Bangladesh), Edgar Bernxardt («Kedax», Malayziya), Murolimjon Axmedov, Farxat Musabekov, Bekjan Saginbayev, Jirgalbek uulu Kayrat (hammasi – «Dordoy»), Guljigit Alikulov («Neman», Belarus).
Hujumchilar: Vitaliy Lyuks («Ulm 1846», Germaniya), Mirlan Murzayev («Dordoy»).
Narzulla Saydullayev tayyorladi
Manba: championat.asia “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?