10:10 / 28.11.2019
3 131

«Meni o‘zbek deb chaqirishadi» — siz sog‘ingan Nikolay Shirshov bilan suhbat

«Meni o‘zbek deb chaqirishadi» — siz sog‘ingan Nikolay Shirshov bilan suhbat
Kun.uz Rostovga safar qilganidan xabaringiz bor. Safar davomida ko‘plab qiziqarli suhbatdoshlarni uchratdik. Ulardan birini hech bir futbol muxlisi unutmagan bo‘lsa kerak. Shaxsan men Nikolay Shirshov nomini eshitgan barcha muxlislarning yuzida tabassum yugurishiga shubha qilmayman. Butun jamoani ruhlantirib turishi bilan yodda qolgan Shirshov ayni damda Rostovda istiqomat qiladi.

Nikolay Shirshov bilan «Rostov» mashg‘ulotlarini suratga olib bo‘lgandan so‘ng Olimp-2 stadioni oldida uchrashdik. Bir kun avval Eldor Shomurodovdan Shirshovning raqamini olib u bilan qayerda ko‘risha olishimiz mumkinligini so‘raganimizda, Kolya aka «Vatanimdan kelib, meni qidirib yurasizlarmi, o‘zim sizlarni topib boraman», deb javob bergandi.

Stadion oldida ko‘rishgach, Shirshov juda yaxshi jismoniy holatda ekanini ko‘rib, uning hamon futbol o‘ynayotganini sezdik. Kamera qarshisida gaplashganga qadar muxlislar yaxshi eslaydigan sobiq futbolchi bilan ancha narsalarni eslashga ulgurdik. Shu bois videoda aytilmagan gaplarni sizlarga so‘zda yetkazamiz.

«Almatov yig‘lagandi...»
Shirshov o‘zi o‘ynagan vaqtdagi milliy jamoadagi futbolchilarni eslar ekan o‘sha vaqtdagi futbol rahbari bo‘lgan Zokir Almatov haqida ham gapirib qoldi. Sobiq ichki ishlar vaziri uzoq vaqt O‘FF rahbari bo‘lganini eslasangiz kerak. Shirshov Almatov haqidagi ikkita xotirasi bilan o‘rtoqlashdi: «Almatov futbolni yaxshi ko‘radigan odam edi. U qaysidir o‘yindan so‘ng biz bilan birga yig‘lagandi. Zokir aka menga bitta antikvar sovg‘a qilgan. Uni uyimda ehtiyotlab qo‘yganman. Darvoqe, endi mening ham Rostovda uyim bor. Buni doim orzu qilardim. Xullas Almatov sovg‘a qilgan qilichni juda ehtiyotlayman, hatto xotinimga qo‘lini tekkizgani qo‘ymayman».

«Onam bu qishloqda qanday yashaysan deydi»
Shirshovning aytishicha, har yil dekabrda Toshkentga borib, bayramni o‘tkazishga harakat qiladi: «Ta’tilni dekabrda olishga harakat qilaman, chunki dekabrda Toshkentga borishga odatlanganman. Onam Chilonzorda yashaydi. Uni Rostovga olib kelganman, ammo negadir men yashayotgan yerlar unga ma’qul kelmagan. Bu qishloqda qanday yashayapsan, deydi onam menga. U Chilonzorda metroga yaqin joyda yashaydi, bozor yaqin, shu uchun unga Toshkentdan yaxshi shahar yo‘q.

Men ham Toshkentga borganimda bozorlarga borib turaman. Bir kuni bozorchilardan biri meni tanib qoldi va barcha sotib olgan narsalarim uchun pul olmasligini aytdi. Xijolat bo‘ldim ochig‘i, ammo meni hamon eslashlaridan xursand ham bo‘ldim. Odamlarimiz juda ajoyib men sizga aytsam».

«Uchquduq», muzlatilgan palov, charvili kabob
Shirshov ayni damda Rostovdan 50 kilometr uzoqlikdagi Novoshaxtinsk shahri sharafini himoya qiladigan klubda murabbiy bo‘lib ishlaydi. Uning aytishicha, jamoasini juda yaxshi ko‘radi: «Biz o‘tgan mavsum mahalliy ligada ikkinchi bo‘ldik va bu klub uchun juda yaxshi natija. Bilasizmi, mening jamoam o‘yinlarga «Uchquduq» qo‘shig‘i bilan chiqib keladi. Buni albatta, men joriy qilganman. Mahalliy muxlislar hatto bu qo‘shiqni telefonlaridagi musiqa o‘rniga o‘rnatib olishgan. Bundan tashqari klubda tushlikka tez-tez palov tayyorlaymiz. Haqiqiy o‘zbekcha palov.

Osh tayyorlashni boshida bilmasdim, keyin ajoyib kunlarning birida buni o‘rganmasam bo‘lmasligini anglab yetdim. Bir kuni osh yegani o‘zbekcha kafega bordim. U yerda menga eski palovni isitib berishdi, chunki uning orasidan muz chiqdi. Muzlatilgan palovni isitib berishganidan jahlim chiqib, oshpazni chaqirtirdim. U esa meni bu haqiqiy o‘zbekcha palov ekaniga ishontirishga tushdi. Menga o‘zbekcha palov qanday bo‘lishini o‘rgatishning kerakgi yo‘q, deb chiqib ketdim va o‘zim osh tayyorlashni o‘rganishga kirishdim. Axir haqiqiy o‘zbekcha palovni men bilmasam, kim bilishi mumkin? Meni bu yerda o‘zbek deb chaqirishadi-ku. Boshida ko‘p mahsulotni uvol qilganim rost, ammo o‘zimizning palovni tayyorlashni o‘rganib oldim.

Uydagilarga kabobni ham o‘zbekcha tayyorlab beraman. Bu yerda kabob juda katta va bizniki kabi mazali bo‘lmaydi. Men go‘shtning orasiga charvi qo‘shib, kichkina, ixcham qilib kabob tayyorlashni yaxshi ko‘raman. Xuddi o‘zimizdagi kabi».

«Eldor Qosimovdan keyingi O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi»
Shirshov «Rostov» safida yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan Eldor Shomurodov bila qanday tanishganini aytib berar ekan uni juda yaxshi futbolchi ekanini aytib, maqtadi: «Eldor maydonda nimalar qilayotganini ko‘ryapsizmi? Unda hujumchi uchun kerak hamma narsa bor: bo‘y, tezlik, bosh bilan o‘ynash. Eldor Qosimovdan keyin O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi deb o‘ylayman. Hozircha bizda Qosimov darajasidagi futbolchi chiqmadi».

O‘tkir Jalolxonov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Meni o‘zbek deb chaqirishadi» — siz sog‘ingan Nikolay Shirshov bilan suhbat