21:14 / 01.12.2019
3 006

Jamshid Iskanderov: "Bu mavsum esda qolarli bo‘lmadi"

Jamshid Iskanderov: "Bu mavsum esda qolarli bo‘lmadi"
Iste’dodli yarim himoyachi Jamshid Iskanderov “Paxtakor”dagi uzoq yillik faoliyatdan so‘ng boshqa klubga o‘tishga qaror qildi va yil boshida “Lokomotiv” tarkibiga kelib qo‘shildi.
Xo‘sh, Iskanderov uchun yangi jamoadagi ilk mavsum qanday kechdi? Yakuniga yetayotgan chempionat borasida uning fikrlari qanday? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida futbolchidan intervyu oldik.

P.S. Intervyu "Andijon" - "Lokomotiv" bahsidan so‘ng olingan.

- AGMK darvozasiga kiritgan golingiz PFL tomonidan oktyabr oyining “Eng chiroyli goli” deb topildi. Shunday bo‘lishini kutganmidingiz?
- Gol urganimdan keyin jamoadoshlarim eng chiroyli gol bo‘ladi deb o‘zimga aytishdi. Lekin to‘g‘risini aytsam, o‘zim kutmagandim. Chunki chiroyli gollar orasida o‘sha o‘yinda bizga to‘p kiritgan Elguja Grigalashvilining goli ham bor edi. Men har bir golni o‘zim uchun chiroyli deb hisoblayman. Men urgan gol eng chiroyli deb topilibdi, bundan juda xursandman.

- O‘sha golni qanday ta’riflagan bo‘lardingiz?
- To‘p menga tushgan zahoti faqat tepish fikri bo‘ldi va zarba berdim. To‘p darvoza tomon borayotganda gol bo‘lishini sezgandim. Har bir futbolchida ichki sezgi bo‘ladi va to‘pga zarba bergandan so‘ng gol bo‘lish-bo‘lmasligini his qiladi.

- Nafaqat AGMK bilan, balki “Surxon”, “Bunyodkor”, “Qo‘qon-1912”, “Metallurg” va “Qizilqum”ga qarshi bahslarda ham 1:1 hisobi qayd etildi. Agar shu o‘yinlarni bitta qilib oladigan bo‘lsak, “Lokomotiv”ga g‘alaba uchun nima yetishmadi?
- O‘zimiz yo‘l qo‘ygan xatolar xalaqit berdi deb o‘ylayman. Ko‘plab qulay vaziyatlardan foydalana olmadik. E’tibor bersangiz, mana shu sanab o‘tilgan o‘yinlarning hammasida to‘p nazorati bizda bo‘ldi, biroq bittadan ko‘p gol ura olmadik. Bu ham yetmagandek yo‘q joydan gol o‘tkazib yuboryapmiz. Hammasiga o‘zimiz aybdormiz deb o‘ylayman. Oddiy hollarda gol o‘tkazganimiz juda alam qiladi.

- “Lokomotiv” gol urishga qiynalyapti degan fikrga qanday qaraysiz?
- Deyarli barcha o‘yinlarda ustunlik jamoamiz tomonida bo‘lyapti. Lekin rostdan ham gol urishga kelganda qiyinchilik bo‘lyapti. Har bir o‘yinda ikkita-uchtalab gol urishni xohlaymiz. “Andijon” bilan kechgan uchrashuvda buning uddasidan chiqdik. Yakuniy hisob ham o‘yin “Loko” ustunligida kechganini aytib turibdi. Shu bahsda “Lokomotiv”ning asl kuchi ko‘zga tashlandi deb o‘ylayman.

- Temurxo‘ja Abduxoliqovning yo‘qligi bilinyaptimi?
- Temurxo‘ja BAA chempionatiga ketmasidan oldin jamoamiz to‘purari edi. Albatta, shunday saviyali hujumchining yo‘qligi har doim bilinadi. Chunki baribir Temurxo‘ja sof hujumchi va qulay imkoniyatlarni yo‘qqa chiqarmaydi. Unga yangi klubida omad tilab qolaman.

- “Lokomotiv” chempionatni ikkinchi o‘rinda tugatadigan bo‘ldi. Buni qoniqarli natija deb hisoblaysizmi?
- Bir tomondan qoniqarli desa ham, demasa ham bo‘ladi. Hamma yaxshi biladi, “Lokomotiv” o‘z oldiga faqat yuqori maqsadlarni qo‘yadi va har yili chempionlik uchun kurashadi. “Lokomotiv” 2016 yildan boshlab ketma-ket uch yil chempionlikni hech kimga bermadi, ammo bu yil uloqni “Paxtakor” ilib ketdi. Endi bu - futbol, doim ham chempion bo‘lishning iloji yo‘q. Tan olish kerak, bu mavsum “Paxtakor” boshqalarga nisbatan kuchli o‘yin namoyish etdi. Biz uchun esa sinov yili bo‘ldi. Qolaversa, chempionlikka xos o‘yin namoyish eta olmadik.

- Shaxsan siz uchun bu yilgi Superliga qanday o‘tdi?
- O‘z fikrimni aytadigan bo‘lsam, chempionat zo‘r o‘tdi deya olmayman. Kuchli o‘yinlar deyarli kuzatilmadi. Oldingi yillari bir eslab ko‘ring-a klublar o‘rtasida qanday qarama-qarshiliklar bo‘lardi, negadir bu yil shunday shijoat ko‘rinmadi. Jamoalarda yaqqol ajralib turgan ikki-uch yaxshi futbolchi ham ko‘zga tashlanmadi. Chiroyli o‘yin va gollari bilan porlaydigan yoshlar chiqmadi. Derbiga xos o‘yinlar ham bo‘lmadi.

- O‘z o‘yingizdan qanchalik qoniqdingiz?
- To‘g‘risi aytsam, unchalik qoniqmadim. Kuchli o‘yin ko‘rsatishim mumkin edi, lekin nimadir bo‘ldi. Nasib qilsa keyingi yil yanada kuchli bo‘lishga harakat qilaman. Balki “Lokomotiv”ga kelganimga hali ko‘p bo‘lmagani uchunmi, o‘z imkoniyatlarimni to‘liq namoyon eta olmadim. Lekin to‘rt bahoga loyiq o‘ynadim deb o‘ylayman.

- Bu yil esda qoldi deb nimani ayta olasiz?
- Nimadir zo‘r voqea bo‘ldi deb aytish qiyin. Chempionat kuchli o‘tmadi, shunga yarasha eslashga arzigulik voqea ham bo‘lmadi. Agar shunday voqea bo‘lganida esimda qolardi. Chempionat nomi o‘zgargani bilan o‘yinlar Superliga darajasida o‘tdi deb o‘ylamayman. Faqat shuni aytishim mumkin, bu yilgi mavsum to‘liq “Paxtakor” hukmronligi ostida kechdi. Jaloliddin Masharipov ko‘p o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatdi, chiroyli to‘p uzatishlarni amalga oshirdi. Dragan Cheran ko‘plab gollar urdi, shuningdek Igor Sergeyev ham o‘zini ko‘rsatdi. Lekin boshqa klublarda yarq etgan futbolchilar ko‘zga tashlanmadi.

- “Paxtakor” boshqalarga qaraganda shunchalik kuchlimi?
- “Paxtakor” yaxshi shakllandi, o‘ziga yarasha kuchaydi ham. Lekin boshqalar bir joyda qotib qoldi deb o‘ylayman. To‘g‘risi, boshqa jamoalarda shart-sharoit hozirgi “Paxtakor” darajasida emas. Shu bois qolgan klublarni ham qo‘llab-quvvatlash kerak. Chunki qancha ko‘p kuchli jamoa o‘ynasa, chempionat shuncha zo‘r bo‘ladi. Hatto “Lokomotiv” ham “Paxtakor”ga raqobat qila olmaganidan keyin boshqalarni qo‘yavering.

- Yil boshida “Lokomotiv”ga ko‘chib o‘tdingiz. Yangi jamoaga kirishib ketish qanchalik qiyin bo‘ldi?
- Ko‘p qiyin bo‘lmadi, chunki hamma futbolchilarni yaxshi bilaman. Lekin shunday o‘yinlar bo‘ldiki, maydonda baribir qiynaldim. Bir-birimizni tushunib ketish oson bo‘lmadi.

- “Lokomotiv” safida urgan gollaringiz orasida siz uchun eng chiroylisi qaysi?
- Men gol ajratmayman. Faqat jamoamizga g‘alaba keltirsa bo‘ldi, shuni eng chiroyli gol deb hisoblayman. Yutgandan keyin har bir gol chiroyli ko‘rinadi.

- Milliy terma jamoamizda bosh murabbiy o‘zgargach siz ham chaqiruv oldingiz. Taklif bo‘lishini kutganmidingiz?
- Har bir futbolchi terma jamoa uchun intiladi va bosh jamoamiz libosini kiysam deydi. To‘g‘risi, taklif kutgandim va yil boshidan beri shunga harakat qilayotgandim. Terma jamoaga qaytganimdan juda xursandman. Milliy jamoa libosini kiyish men uchun sharaf hisoblanadi. Bu formada o‘zimni umuman boshqacha his qilaman.

- Ikki yillik tanaffusdan keyin terma jamoaga qaytib, Yaman va Qirg‘iziston bilan bahslarda gol urdingiz. Lekin negadir Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinda murabbiy maydonga tushirmadi. Bu holat alam qildimi?
- Endi terma jamoaga chaqirilgan har bir futbolchi maydonga tushib o‘ynasam deydi, lekin yakuniy qarorni baribir bosh murabbiy qabul qiladi. Murabbiylar shtabi har bir o‘yin uchun tarkibni belgilaydi va shunga qarab taktika qo‘llaydi. O‘sha kuni men ham maydonga tushishga umid qilgandim, lekin murabbiy boshqa futbolchilarni afzal ko‘rdi. Menga ko‘proq o‘ynamaganimdan ko‘ra yutqazib qo‘yganimiz alam qildi.

- Muxlislar haligacha o‘sha o‘yinda nima bo‘lganiga hayron.
- O‘zimiz ham tushunmay qoldik. Yutib turgandik, lekin oxirgi daqiqalarda omad yuz o‘girdi. Saudiyaliklar baxtiga ularning futbolchisi tepgan to‘p rikoshet tufayli golga aylandi. Agar rikoshet gol bo‘lmaganida ular boshqa gol ura olmasdi.

- Ma’lum bir muddat “Paxtakor”da Shota Arveladze bilan ishlab ko‘rdingiz. Bu murabbiyga qanday ta’rif berasiz?
- Shota Arveladze yevropalik bo‘lgani uchun “Paxtakor”ga yevropacha futbol havosini olib kirdi. O‘ziga xos o‘yin uslubi bor va shu asosda jamoani tayyorlab boradi. Juda talabchan murabbiy va yutqazishni yomon ko‘radi.

- Nima deb o‘ylaysiz, Arveladze sizga ishonmadimi?
- Shota Arveladze birinchi kelgan payti menga ko‘p ishonardi. Shunday bo‘ldiki, meni himoyachilar oldiga qo‘ya boshladi. Men ham qo‘limdan kelgancha yaxshi o‘ynashga harakat qildim. Yaxshi o‘yin ko‘rsatdim deb o‘ylayman. 2017 yil shartnomam tugagandi, lekin 2018 yil uchun yangi shartnoma taklif qilishdi. Murabbiy ishonchi futbolchi uchun muhim rol o‘ynaydi. O‘tgan yilgi mavsumdan umidim katta edi. Lekin nimadir bo‘ldi-yu zaxiraga o‘tirib qoldim. Bu menga qattiq ta’sir qildi va klubdan ketishga qaror qildim.

- Nima sababdan zaxirada qolib ketayotganingiz haqida bosh murabbiy bilan gaplashib ko‘rmadingizmi?
- Endi mening xarakterim unaqa emas. Maydonga tushmasam murabbiy oldiga borib nima uchun o‘ynatmayapsiz deb sababini so‘ramayman, balki o‘z ustimda ishlashda davom etaman. Murabbiy qo‘ymayaptimi, demak bu uning qarori deyman. Men faqat har bir uchrashuvda maydonga tushishni kutaman.

- “Lokomotiv” varianti qanday yuzaga keldi?
- “Paxtakor” jamoasida bo‘lishimni kimlardir xohlamadi deb o‘ylayman. Ayrimlar meni boshqacha ko‘rsatib Shota Arveladzega yomonlagan bo‘lishiyam mumkin. Shunday bo‘ldiki, klubdan ketishim kerakligini seza boshladim. Bu orada “Lokomotiv”dan bosh direktor o‘rinbosari To‘labek Akramov qo‘ng‘iroq qilib “temiryo‘lchilar” safiga taklif etdi. “Lokomotiv” - kuchli jamoa, har yili Osiyo chempionlar ligasida o‘ynab kelyapti. Bu klubga o‘tishdan oldin yaqin do‘stim Jaloliddin Masharipovdan maslahat so‘radim, chunki Jalol ham “Loko”da o‘ynab ketgan. U menga “Loko” yaxshi jamoa, borib bemalol o‘ynasang bo‘ladi deganidan keyin shu klubni tanladim.

- Keling, endi biroz o‘tmishga boqib bolalik paytlarni yodga olsak. Bolaligingiz qanday o‘tgan, qiyinchiliklar bo‘lganmi?
- Ko‘pchilik qatori men ham ko‘chada to‘p tepib katta bo‘lganman. Oddiy oilada o‘sdim. Futbolchi bo‘lishimga asosiy sababchi tog‘am deb o‘ylayman. Urganchda Jaloliddin Masharipov bilan birga futbol o‘ynardik. Boshida bir-birimizga qarshi o‘ynaganmiz. Keyin ikkalamizni bitta jamoaga olishgan.

O‘ylashimcha, hech qaysi futbolchi birdaniga zo‘r bo‘lib qolmaydi. Bunga katta qiyinchilik bilan erishiladi. Yoshligimizda Olimboy Davletov bizga ustozlik qilardi, u kishi ko‘plab musobaqalarga olib borgan. Bir yili Jizzaxdagi bolalar o‘rtasidagi turnirga borganimizda o‘yinimizni ko‘rgani “Paxtakor”dan murabbiylar kelishgandi. O‘shanda Masharipov ikkalamizning o‘yinimiz Kim Dmitriy Makarovichga ma’qul kelib bizni “Paxtakor”ga taklif etgandi. Shundan so‘ng Toshkentga kelganmiz.

- Dmitriy Kim sizga ko‘p yordam bergani haqida eshitgandim.
- Ha, shunday. 2005 yil “Paxtakor”ga men, Masharipov va Abdulaziz Yusupov kelganimizda bir muddat Dmitriy Makarovich uyida ham yashaganmiz. Chunki boradigan joyimiz yo‘q edi. Shunday bo‘lganki, bizni bular kichkina, futbol o‘ynab keta olmaydi deb haydab yubormoqchi bo‘lishgan. Ammo Samvel Babayan va Dmitriy Kim yordami tufayli “Paxtakor”da qolganmiz.

- Adashmasam, “Lokomotiv” bilan mavsum oxirigacha shartnoma tuzgansiz. Keyingi rejalar qanaqa?
- Hozircha klub rahbariyati yangi shartnoma taklif qilgani yo‘q. Mavsum yakunlansin, keyin bir gap bo‘lar. Hozircha faqat bir gapni aytishim mumkin, chetdan ham taklif bor. Ko‘ramiz, balki xorijga ketarman.

X.Xoliqov suhbatlashdi.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jamshid Iskanderov: "Bu mavsum esda qolarli bo‘lmadi"