“Qaldirg‘ochlar” uchun 2019 yil nihoyatda og‘ir, shuning barobarida muvaffaqiyatli o‘tdi. Vadim Abramov yosh futbolchilardan ajoyib jamoa tuza oldi. O‘tgan mavsum o‘rinbosarlar jamoasida o‘zini ko‘rsatgan bir qator o‘yinchilarga qo‘rqmasdan ishonch bildirdi. Ulardan biri, kashfiyot bo‘lishga nomzod futbolchi Mirjahon Mirahmadovdir. “Sug‘diyona”ga qarshi kechgan uchrashuvdan iqtidorli forvard bilan suhbatlashdik.
- Birinchi galda bronza medali va OChL yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgani bilan tabriklaymiz. “Bunyodkor” uchun hal qiluvchi o‘yin bo‘lgan, barcha narsani hal qilib bergan “Sug‘diyona”ga qarshi kechgan o‘yin hususida to‘xtalib o‘tsangiz...
- Tabrik uchun tashakkur. Avvalgi ikkita o‘yinda g‘alaba nashidasini surgan bo‘lsakda, oxirgi tur hal qiluvchi ekanligini bilar edik. Kutilganidek qiyin o‘yin bo‘ldi. Raqib har jabhada munosib qarshilik ko‘rsatdi. Ularga qarshi birinchi davrada va kubok o‘yinida to‘p tepganimiz uchun, kuchli va ojiz tomonlarini nazariy mashg‘ulotlarda ko‘rib chiqdik. Shunga qaramay oldimizda turgan vazifani bajardik. OChL chiptasi va bronza medalini qo‘lga kiritganimizdan xursandman.
- O‘tgan yili ham sizga Mirjalol Qosimov oz bo‘lsada imkoniyat bergan edi. Vadim Abramov esa sizni dastlabki turlardanoq asosiy tarkibda maydonga tushirdi. Shu bois hayajon yoki bosimni his qilmadingizmi?
- Ilk turlarda ozgina bosim bo‘ldi. Menimcha, barchada kuzatiladigan holat bo‘lsa kerak. Lekin, vaqt o‘tgan sari o‘zimga bo‘lgan ishonch ortib bordi. O‘zimni yaxshi his qila boshladim. Yaqinlarim, do‘stlarim, murabbiylar menga dalda bo‘lib turdi. Vaziyatni tushunib turardim, hamma mendan gol kutardi. “Paxtakor” darvozasini ishg‘ol qildim, keyingi o‘yinlarda esa qulay imkoniyatlardan foydalana olmadim.
- Vadim Abramov bilan ishlash jarayoni qanday bo‘ldi. Ushbu mutaxassis qo‘l ostida ilk bor shug‘ullandingiz. O‘zaro tushunishda, uning uslubini o‘zlashtirishda muammolar bo‘lmadimi?
- Murabbiylar shtabi bilan ish olib borish juda qiziqarli bo‘ldi. Ularning berayotgan ko‘rsatmalarini, maslahatlarini bir oila bo‘lib bajardik. Barcha yagona maqsad ostida birlashdi. Boshida ikkinchi o‘rinni ko‘zlayotgan edik. Ammo, kutilmaganda o‘yinimizda pasayish yuz berdi. Ko‘rdingiz, yakunda uchinchi o‘rin nasib qildi. Keyingi yil chempionlik uchun harakat qilamiz. Yakunlangan mavsum shaxsan men uchun katta dars bo‘ldi. Qaysidir ma’noda katta tajriba orttirdim deya olaman.
- Umumiy hisobda 7ta gol urdingiz. Bu ko‘rsatkich hujumchi uchun kam emasmi? Qayd etgan natijangizdan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- To‘g‘ri aytdingiz. Yanada ko‘proq gol urishim mumkin edi. Ko‘p joyda xatoga yo‘l qo‘ydim. Endi kerakli xulosani chiqarib, keyingi mavsumda natijani yaxshilashga harakat qilaman.
- Mavsum oxirida jamoa o‘yinidagi pasayish nima bilan bog‘liq? Tig‘iz taqvim yoki charchoq alomatlari...
- Pasayish kuzatilgani rost. Bunday holat faqat bizda emas, qolgan jamoalarda ham ro‘y berdi. Biroq, so‘nggi uchta turga finalga chiqqandek tayyorgarlik ko‘rdik. Yilni boshidan qilib kelayotgan mehnatimizni qadrlashimiz uchun “Sug‘diyona” bilan o‘yinda ijobiy natija qayd etishimiz talab etilardi.
- Eshitishimizga qaraganda xorijdan takliflar bo‘layotgan ekan. Legionerga aylanishga tayyormisiz...
- Hamma qatori menda ham xorijda kuchli jamoalarda to‘p tepish niyatim bor. Qiziqishlar bo‘lsa bordir, mening xabarim yo‘q. Men hozir “Bunyodkor” futbolchisiman, shunday ekan faqat shu klub haqida qayg‘urishim lozim.
- Qaysi futbolchilarga havas qilasiz? Ularning harakatini kuzatib, o‘zingiz uchun kerakli narsa olasizmi?
- Ko‘pgina futbolchilarni misol qilib keltirishim mumkin. Zlatan Ibragimovich, Edinson Kavani, Luis Suares.
- Futbolchilikdagi orzuingiz...
- Terma jamoa bilan olimpiya o‘yinlarida va jahon chempionatida ishtirok etish. O‘z jamoam bilan ko‘plab yutuqlarga erishish.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi
Manba: championat.asia “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...