23:26 / 31.12.2019
2 201

AGMKning to‘purari yangi mavsumni qayerda boshlaydi?

AGMKning to‘purari yangi mavsumni qayerda boshlaydi?
Mirjalol Qosimov ustozlik qilgan AGMK klubi mavsum yakunlariga ko‘ra 8-o‘rinni band etdi. Bilasiz, bu jamoa chempionat davomida turli qiyinchiliklarni bosib o‘tdi. Tarkibdagi futbolchilar yaxshi saviyada bo‘lishsa-da, ancha vaqtgacha AGMK o‘z o‘yinini topib olishga juda qiynaldi. Ammo jamoa hujumchisi Zafar Polvonov o‘zining to‘purarlik salohiyatini ko‘rsata oldi. U mavsum davomida raqiblari darvozasiga 15 ta gol urdi. Bundan tashqari, Kubok bahslarida o‘z hisobiga 5 ta gol ham yozib qo‘ydi. Shuni inobatga olganda, uni bemalol yakuniga yetgan mavsumda olmaliqliklarning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri bo‘ldi deyish mumkin.

- Avvalambor shuni aytishim joizki, yakuniga yetgan mavsumda to‘purarlar ro‘yxatiga kirganimdan xursandman, - deya gap boshladi, Polvonov. - Chunki bunda nafaqat mening, balki butun jamoamizning mehnati bor. Bilasizmi, aslida bundan ham ko‘proq gollar urishim ham mumkin edi. Ammo mavsum o‘rtalarida jarohatga uchrab, gol urish borasidagi sermahsulligim bo‘yicha uzilish bo‘ldi. Balki hammasi bir tekisda davom etganida Dragan Cheranga ham yetib olishim hech gap emasdi.

Afsuski, jarohat rejalarimning to‘liq amalga oshishiga to‘sqinlik qildi. Shu bois jarohatlarni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsam, yakuniga yetgan mavsumdan 50 foizga qoniqdim. Boya aytganimdek, men bundan ham ko‘proq gollar urishim kerak edi. Lekin shunisiga ham shukr qilaman.

To‘g‘ri, bir qarasak Polvonov ketma-ket gollar urdi, yana bir qarasak bu borada unda o‘zi aytganidek uzilish bo‘lib qoldi. Mana shunday paytlarda Zafarni kayfiyat o‘yinchisi degan fikrlar ham bo‘ldi. Ya’ni, agar kayfiyati zo‘r bo‘lsa, uchtadan, hattoki beshtadan gol ura olishi mumkin, aks holda umuman gol urmay qo‘yadi, qabilidagi munosabatlar ham bo‘ldi.

- Yo‘q, men kayfiyat hujumchisi emasman. Hammasi o‘yinga qanday tayyorgarlik ko‘rganingizga bog‘liq. Masalan, kuchli jamoaga qarshi qanday tayyorgarlik ko‘rish borasida rejalar tuziladi. Yoki himoyadan hujumni boshlash taktikasi qo‘llanilishi mumkin. Aytaylik, «Paxtakor», «Lokomotiv» kabi yetakchilarga qarshi bitta hujumchi bilan o‘ynaymiz. O‘z maydonimizdagi uchrashuvlarda hattoki, uchta hujumchigacha ham o‘ynashimiz mumkin. Aytmoqchimanki, mening o‘yinlarim va gollarim kayfiyatga umuman bog‘liq emas. Bu yerda murabbiyning taktikasi ham bor va biz shunga qarab o‘ynashimiz kerak.

Umuman, AGMK yomon o‘yin ko‘rsatmadi. Chempionatda 8-o‘rinni band etdi. Shuningdek, O‘zbekiston Kubogi va Liga Kubogida finalgacha yetib keldi. Polvonov esa jamoasining ushbu natijalariga to‘xtalar ekan, shunday dedi:

- Kubok bahslarida bizga umuman oson bo‘lmadi. Masalan, pro-ligada o‘ynagan «Mash’al»ga qarshi uchrashuvimiz ham og‘ir kechgandi. To‘g‘ri, Kuboklarning finallarigacha yetib kelish yaxshi natija. Lekin musobaqaning oxiriga kelganda biz baribir yutishimiz kerak edi. Yangi mavsumda ham jamoamiz oldiga yana katta maqsadlar qo‘yiladi deb o‘ylayman. Qolganini vaqt ko‘rsatadi. Mavsum davomida har bir jamoada o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bo‘ladi. Lekin mana shunday paytlarda futbolchilar bir oila bo‘lib hamjihatlikni o‘rnata olsa har qanday raqibni yengish mumkin bo‘ladi. Biz aynan mana shunday hamjihatlik evaziga finallargacha yetib kela oldik.

AGMK jamoasining O‘zbekiston Kubogi hamda Liga Kubogida finalgacha yetib borgani albatta yaxshi natija. Biroq har ikkalasida ham ular «Paxtakor»ga 0:3 hamda 2:6 hisoblarida yirik mag‘lubiyatga uchrashdi. Bundan tashqari, Superliga doirasida ham «Paxtakor»ga har ikkala bahsda yirik hisobda imkoniyatni boy berdi.

- «Paxtakor» hozirgi holatda eng kuchli jamoa, buni hamma tan oladi. Uning tarkibidagi futbolchilari ham eng saralari hisoblanadi. Ayniqsa, «Paxtakor» o‘tgan yilgiga nisbatan bu yil yanada kuchli jamoaga aylangandi. Buni ham tan olish kerak. Albatta, biz ham raqibning kuchidan kelib chiqqan holda shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rgandik. Afsuski, baribir ularga kuchimiz yetmadi.

E’tiborga molik jihati shundaki, Zafar Polvonov 2018 yilgi mavsumda O‘zbekiston Kubogi finalida AGMK jamoasi bilan birga «Paxtakor»ni mag‘lubiyatga uchratgan holda bosh sovrinni qo‘lga kiritgandi. Bu yilgi finalda esa buning aksi kuzatildi. Aytish mumkinki, olmaliqliklarning o‘tgan yilgi va bu yilgi tarkibida katta o‘zgarishlar kuzatildi. Polvonov esa jamoada qolgan kam sonli o‘yinchilardan biri edi. Shu bois undan o‘tgan yilgi va bu yilgi AGMKni o‘zaro solishtirishini ham so‘radik.

- To‘g‘ri, biz o‘tgan yili ham O‘zbekiston Kubogi finaligacha yetib kelgandik va o‘shanda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Chunki bizning bor e’tiborimiz O‘zbekiston Kubogiga qaratilgandi. Superligada esa og‘ir o‘yinlarni o‘tkazgandik. Lekin o‘tgan yilgi va bu yilgi jamoaning farqini ayta olmayman. Balki Kubokda yutganimiz omadimiz tufayli yuz bergandir. Hamma murabbiyning o‘z taktikasi bor. Masalan, Baxtiyor Ashurmatovning ham futbolga bo‘lgan qarashlari mavjud. Bu yil esa «Paxtakor» yanada kuchli jamoaga aylangandi, buni hamma ko‘rib turibdi. Ular qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlariga haqli ravishda erishdi.

Zafar Polvonov AGMK safida ikki mavsumni o‘tkazdi. Xo‘sh, 2020 yilda ham hujumchi yana olmaliqliklar uchun to‘p surishda davom etarmikin? Yoki rejalari o‘zgaradimi? Buni uning o‘zidan eshitamiz.

- Klub bilan tuzgan shartnomam 2019 yilning 31 dekabrigacha amal qiladi va bu muddat tugadi. Ammo hozircha keyingi taqdirim haqida hech kim bilan gaplashganim yo‘q. Yangi yildan so‘ng hammasiga oydinlik kiritamiz. Futbolchi esa o‘zi uchun bo‘ladigan har bir taklifga tayyor bo‘lishi kerak. Men AGMK safida chempionatda 15 ta va Kubok bahslarida 5 ta va umumiy hisobda 20 ta gol urdim. O‘yinlarga tayyor bo‘lganim uchun ham shuncha gol urdim. Aytmoqchimanki, har qanday taklifni ko‘rib chiqishga tayyorman. Lekin hammasini vaqt ko‘rsatadi. Albatta, menga Tailand, Malayziya kabi chempionatlardan qiziqishlar borligi haqida ham ma’lumotlar yo‘q emas. Hozircha takliflar bor va muzokaralar davom etyapti.

Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » AGMKning to‘purari yangi mavsumni qayerda boshlaydi?