Bugungi kunda mamlakatimiz boks ustasi Isroil Madrimovning faoliyati muxlislar va mutaxassislarning diqqat markazida bo‘lib turibdi.
Binobarin, u o‘zining olamshumul g‘alabalari bilan yurtimiz dovrug‘ini, o‘zbek boks maktabining nufuzini olamga yoymoqda. Yangi yilni oilasi davrasida nishonlagan charm qo‘lqop ustamiz ayni paytda Xorazmda bo‘lib turibdi. Kuni kecha u Urganch shahrida yoshlar bilan uchrashdi. Tadbirda qatnashgan yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
- Isroil, avvalo boksdagi ilk qadamlaringiz haqida ma’lumot bersangiz...
- O‘sha paytlar beshinchi sinfda o‘qirdim. Boks bilan shug‘ullanishimga do‘stlarim sababchi bo‘lishgan. Ularga qo‘shilib, sport maktab-internati (hozirgi Xiva shahar olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati, muallif)ga borganman. U yerda boksning dastlabki saboqlarini murabbiy Bahrom Quryozovdan olganman. 2006 yilda ilk bor -32 kg vazn toifasida Xorazm viloyati chempioni bo‘lganman. Oradan uch yil o‘tib, Olmaliq shahrida o‘smirlar o‘rtasida tashkil etilgan O‘zbekiston birinchiligida uchinchi o‘rin sohibi bo‘ldim. Xalqaro musobaqalardagi dastlabki medalimga o‘n olti yoshimda ega chiqqanman. Bu 2011 yili Qozog‘istonda yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan jahon chempionatida ro‘y bergan. O‘shanda shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarilganman.
- Sportning yana qaysi turlariga qiziqasiz?
- Umuman olganda, sportning hamma turi meni o‘ziga jalb etadi. Ayniqsa, futbol jonu dilim. Aslida, yoshligimda futbol bilan ham biroz shug‘ullanganman. Biroq, o‘shanda murabbiyim meni boksga qaytarganlar. Shu bo‘ldi-yu, boks hayotimning ajralmas qismiga aylanib qoldi. Ertalablari esa badantarbiya mashqlarini kanda qilmayman.
- G‘alabangizni salto bilan nishonlashingiz xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
- Bunday sakrashni “Uzbek Tigers” tarkibida amalga oshira boshlaganman. Bundan ko‘zlagan maqsad muxlislarimizga xush kayfiyat ulashish. Bu ularga manzur bo‘layotganidan xursandman.
- Sizda qachonlardir raqibingizga nisbatan qo‘rquv bo‘lganmi?
- Inson u sportchi bo‘ladimi, boshqa soha xodimimi, o‘zini har qanday vaziyatga toblashi va moslashtirishi, munosib tayyorgarlik ko‘rishi shart. Ana shundagina u kishida qo‘rquvni yengishga layoqat bo‘ladi. Aniq maqsad bilan har qanday qiyinchilikni bartaraf etish mumkin. Men shu qoidaga rioya qilgan holda ringga ko‘tarilaman.
- Jangdan oldin nimadan motivatsiya olasiz?
- Jangga tayyorgarlik jarayonida vazn tashlashga to‘g‘ri keladi. Buning uchun bir necha kun tinimsiz va mashaqqatli mehnat qilasan. Ko‘zlagan niyatingning ushalishi yo‘lida boringni berasan. Motivatsiyam - bu mehnatimning qadriga yetishdir.
- Professional boksdagi navbatdagi jangingiz qachonga mo‘ljallangan?
- Jang fevral oyida bo‘lib o‘tishi kerak. Hozircha rasman jang sanasi va raqibim nomiga oydinlik kiritilmagan.
- Barcha nomdor sportchilarning o‘ziga xos laqabi bo‘ladi. Bu tabiiy hol. Sizniki qanday?
- Bir paytlar meni “Professor” deb chaqirishardi. Professional boksga o‘tganimdan keyin amerikaliklar meni “Orzu”ga aylantirishgan.
- Xorazmda boks maktabi ochish niyatingiz bormi?
- Ha. Ustozlarim meni shu darajaga yetishimga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishdi, hozir ham qo‘shayotirlar. Ularga munosib izdosh bo‘lish istagim bor. Shunday ekan, kelgusida ularga o‘xshab yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘taradigan shogirdlarni voyaga yetkazishni niyat qilganman. Hozircha, o‘zim ringdaman. Qolganini vaqt ko‘ratadi.
- Sir bo‘lmasa aytingchi, qachon uylanmoqchisiz?
- Ochig‘i, har bir ota-ona farzandining kamolini ko‘rishni istaydi. O‘g‘lini uylantirib, qizini turmushga berishni, ularning baxtli bo‘lishini jon-dilidan xohlaydi. Ota-onamning ham istagi shu. Nasib qilsa, to‘y 2020 yilda bo‘lsa ajabmas.
Tadbir yakunida sportchimiz uchrashuv ishtirokchilariga dastxati tushirilgan badiiy adabiyotlarni ham tuhfa etdi.
Ma’lumot uchun: Isroil Madrimov - 1995 yili Xorazm viloyatining Xiva tumanidagi Sayot qishlog‘ida tug‘ilgan. Xalqaro toifadagi sport ustasi. Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, nufuzli xalqaro turnirlar g‘olibi va sovrindori. Hozirda professional boksda faoliyatini davom ettirmoqda. WBA Intercontinental chempionlik kamari sohibi. Prof ringda 4 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongan.
Ikrom XUDOYBYERGANOV tayyorladi
Manba: olamsport.com “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?