16:40 / 08.01.2020
3 982

Osiyo chempionati start arafasida: Taqvim, guruhlar, VAR va Tailanddagi turnir haqida

Osiyo chempionati start arafasida: Taqvim, guruhlar, VAR va Tailanddagi turnir haqida
Foto: The AFC
Bugun, 8 yanvar kunidan boshlab osiyolik futbol muxlislarining diqqat-e’tibori Tailandga qaratiladi. Ushbu mamlakatda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi hisob bo‘yicha 4-Osiyo chempionati boshlanadi. Quyida Tribuna.uz turnirga oid eng muhim ma’lumotlarni taqdim etadi.

O‘zbekiston «o‘lim guruhi»da

Qit’amizning eng kuchli 16ta jamoasi ishtirok etadigan turnirda Tokioda o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmalar ham o‘ynaladi. Chempionat yakuniga ko‘ra, sovrinli o‘rinlar sohiblari Tokio-2020ga yo‘l oladi.

Tailanddagi Osiyo chempionatiga O‘zbekiston olimpiya jamoasi amaldagi chempion sifatida tashrif buyuradi. Yodingizda bo‘lsa, Ravshan Haydarov boshqaruvidagi vakillarimiz 2018 yil Xitoyda o‘tgan U-23 Osiyo chempionatida qorli finalda Vetnam ustidan qiyin g‘alabaga (2:1) erishib, Osiyo chempionligini qo‘lga kiritishgandi. Turnirga qur’a tashlangach, ko‘pchilik mutaxassislar “o‘lim guruhi”, deya aynan «S» guruhini ko‘rsatishgan.

«A» guruhi: Tailand, Iroq, Avstraliya, Bahrayn
«B» guruhi: Qatar, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Suriya
«C» guruhi: O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Eron, Xitoy
«D» guruhi: Vetnam, KXDR, Iordaniya, BAA

TV-translyatsiya
Milliy jamoalarimiz ishtirokidagi yirik musobaqalarni translyatsiya qilib boruvchi «Sport» telekanali Osiyo chempionati bahslarini ham O‘zbekistonda namoyish etish huquqini qo‘lga kiritgan. Telekanal texnik va ijodiy guruhi turnirga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, nafaqat O‘zbekiston olimpiya jamoasi o‘yinlari, balki turnirdagi barcha uchrashuvlarni “jonli efir”da namoyish etishni rejalashtirgan.

O‘yinlarimiz taqvimi

Qit’a chempionati 8 yanvardan 26 yanvarga qadar davom etadi. Lyubinko Drulovich boshchiligidagi O‘zbekiston U-23 olimpiya jamoasi «C» guruhida Janubiy Koreya, Eron va Xitoy olimpiya jamoasi bilan bellashadi.

Hamyurtlarimiz 9 yanvar, payshanba kuni musobaqani Eron olimpiyachilariga qarshi bahs bilan boshlashadi. 2-turda Xitoy raqiblik qilsa, 3-turda Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushamiz.

U-23 Osiyo Chempionati-2020.
1-tur. 9 yanvar (payshanba)
O‘zbekiston – Eron
O‘yin boshlanish vaqti: 15:15
TV-translyatsiya: «Sport» TV

2-tur. 12 yanvar (yakshanba)
O‘zbekiston – Xitoy
O‘yin boshlanish vaqti: 18:15
TV-translyatsiya: «Sport» TV

3-tur. 15 yanvar (chorshanba)
O‘zbekiston - Janubiy Koreya
O‘yin boshlanish vaqti: 15:15
TV-translyatsiya: «Sport» TV

Chorak final. 18-19 yanvar
Yarim final. 22 yanvar
3-o‘rin uchun. 25 yanvar
Final. 26 yanvar

OFK turnirida ilk marta to‘liq tartibda VAR tizimidan foydalaniladi
Qit’a chempionati final bosqichi Tailandning Bangkok, Buriram, va Songxla shaharlarida o‘tkaziladi.

Olimpiada yo‘llanmalari tikilgan ushbu musobaqa Osiyo futboli tarixidan joy oladi. Bu musobaqa VAR (Video Assistant Referee) tizimi to‘liq tartibda foydalaniladigan ilk OFK turniriga aylanadi.

VAR tizimi dastlab, 2019 yili BAAda o‘tgan Osiyo kubogining chorak finalidan boshlab qo‘llanilgandi. Sinov muvaffaqiyatli o‘tgach, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi 2020 yilgi Osiyo chempionati U-23ning barcha o‘yinlarida VAR tizimidan foydalanilishini e’lon qildi.

O‘zbekistondan 4 nafar hakam ishlaydi
OFK ushbu musobaqada ishlaydigan hakamlar ro‘yxatini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, qit’a chempionatida 4 nafar o‘zbekistonlik hakam faoliyat olib boradi.

Valentin Kovalenko va Ilgiz Tantashev bosh hakam sifatida, Timur Gaynullin va Andrey Sapenko esa qanot hakami sifatida ro‘yxatdan o‘tishgan. Umuman olganda, chempionatga 34 nafar bosh hakam hamda 26 nafar qanot hakami ishlashadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Osiyo chempionati start arafasida: Taqvim, guruhlar, VAR va Tailanddagi turnir haqida