18:15 / 12.01.2020
2 617

"Nasaf" sardorining "Paxtakor"dagi hayoti boshlandi

"Nasaf" sardorining "Paxtakor"dagi hayoti boshlandi
Ikki yarim yil davomida «Nasaf» sharafini himoya qilib kelgan Umar Eshmurodov uchun faoliyatida yana yangi sahifa ochildi. Endilikda u «Paxtakor»ning yangi a’zosiga aylangan holda O‘zbekistonning amaldagi chempioni bilan rasman shartnoma imzoladi.

«Paxtakor»ning taklifi menga qiziq ko‘rindi»
Aytish joizki, «Nasaf» jamoasining sardori sifatida o‘ynagan Umarning «Paxtakor»ga o‘tishini e’tiborga molik o‘zgarishlar qatoriga qo‘shish mumkin. Chunki uning Qarshidan ketishini ko‘pchilik kutmagandi ham. Eshmurodov esa bu taklif qachon va qanday yuz bergani haqida gapirdi.

- Menga dekabr oylarida «Paxtakor» klubidan taklif bilan chiqishdi. «Paxtakor» kuchli klub va ular Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etishadi. Mana shunday jamoadan chaqiruv bo‘lgani ham o‘zimga juda qiziq ko‘rindi. Shu sababli klubning taklifiga rozilik bildirdim.

«Bu taklif ustida uzoq o‘yladim»
«Paxtakor»dek klubda to‘p surish chempionatimizda o‘ynayotgan barcha futbolchilarning istagi bo‘lsa kerak. Chunki bu yerda futbolchi uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Shunday ekan, Eshmurodovning «Paxtakor» taklifini qabul qilgani ham bejiz emasdi. Ularning chorloviga dabdurustdan rozi bo‘ldimi yoki bu taklif ustida uzoq o‘ylandimi?

- Men bu taklif ustida uzoq vaqt o‘yladim. Mening «Nasaf» bilan tuzgan shartnomam 2019 yilning 31 dekabrigacha amal qilardi. «Paxtakor»ning taklifi ustida o‘sha muddat tugaguncha o‘yladim. «Paxtakor»dagilar mening jamoa a’zosiga aylanishimni xohlashdi. O‘zimda ham Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etishga va muhitni o‘zgartirishga xohishim bor edi. Natijada «Paxtakor» taklifini qabul qildim. Eng asosiysi, jamoadagilar meni xohlashgani uchun bu chorlovni qabul qildim.

«Nasaf» baribir O‘zbekistondagi yaxshi jamoalardan biri»
Umuman olganda, Umar Eshmurodovning «Paxtakor»ga o‘tib ketishiga «Nasaf» klubi qanday munosabat bo‘lgani ham qiziq. Buning ustiga qarshiliklar ustozi Ro‘ziqul Berdiyevga ham Umar Eshmurodov kabi himoyachilar kerak edi. Futbolchi esa «Nasaf» bosh murabbiyi bilan ketish oldidan gaplashganini aytdi.

- Ro‘ziqul akaning menga «Paxtakor»dan taklif borligidan xabari bor edi. O‘zim ham bu masala bo‘yicha Berdiyev bilan gaplashdim. Aytganingizdek, «Paxtakor» O‘zbekistonning chempioni va ular Osiyo Chempionlar ligasida yurtimiz sharafini himoya qilishadi. Ro‘ziqul aka ham barchasini o‘zimga qo‘yib berdi. Hammasini o‘zing hal qilasan dedi. Aslida bunday jamoadan ketish o‘zimga ham oson bo‘lgani yo‘q. Ammo o‘tgan mavsumda biz uchinchi o‘ringa ham chiqa olmadik. Agar shunday bo‘lganida vaziyat bunchalik o‘zgarib ketmagan bo‘lishi mumkin edi.

Agar bronzani egallaganimizda Osiyo Chempionlar ligada ishtirok etishimiz inobatga olinib, tarkib yanada kuchaytirilgan bo‘lardi. Ammo hozirga kelib vaziyat boshqa. Biz ikki yil davomida jamoaning yanada kuchayishini va yuqori o‘rinlar uchun kurasha olishini kutdik. O‘tgan vaqt davomida qancha qiyinchiliklar bo‘lmasin qo‘limizdan kelganicha «Nasaf»ni yuqori o‘rinlarga olib chiqishga harakat qildik. Bu jamoadan nolimayman, aksincha ulardan minnatdormiz. Baribir «Nasaf» yaxshi jamoa. O‘zbekistonda hamma bu klubni yaxshi ko‘radi va hurmat qilishadi.

O‘zimiz ham «Nasaf»ni yaxshi ko‘rganimizdan o‘tgan vaqt davomida o‘sha yerda o‘ynab yordam berishga qaror qildik. O‘tgan yili jamoamiz yomon emasdi. Ammo oxiriga kelganda kuchimiz yetmay qoldi. Ko‘pchilik terma jamoalarga borib kelishdi. Uchinchi o‘ringa kuchimiz yetmay qolishini hamma tushunib yetdi. Mana shunday vaziyatda klubni yanada kuchaytirish kerak bo‘lgan holatda bunday harakat ko‘zga tashlanmadi. Shuningdek, «Nasaf» bilan shartnomam ham tugagandi. Natijada faoliyatimda yuqoriga ko‘tarilishni xohladim.


«27 ga kirdim va yuqoriga qarab intilmasam bo‘lmasdi»
Umar Eshmurodov katta futbolga «Sho‘rtan» klubi orqali kirib kelgan. O‘sha paytlardayoq u o‘z o‘yinlari bilan ko‘zga tashlanib qolgandi. «Nasaf»ga o‘tganidan keyin esa u yanada kuchayishga erishdi. Har holda «Sho‘rtan»dagi Eshmurodov bilan «Nasaf»dagi Eshmurodov o‘rtasida katta farq bor.

- «Sho‘rtan»da o‘ynagan paytlarimizda biz o‘rtamiyona jamoa bo‘lib harakat qilgandik. «Nasaf»ni esa yanada ko‘pchilik kuzatadi. Shu bois ushbu jamoaga ko‘chib o‘tganimda bunga o‘zim ham guvoh bo‘lganman. Qarshida o‘ynashni boshlaganimda hamma sizni kuzatib borayotganini his qilar ekansiz. Sizning yanada tanilishingizga jamoalardagi saviyalarning ham aloqasi bor. Afsuski, oxirgi ikki yildan beri «Nasaf» medallardan chetda qoldi. Men esa 27 yoshdaman, baribir futbolchi tepaga qarab intilishi kerak. Biz ham oldingi «Nasaf»dagi kabi jamoa bo‘lishini xohlardik. Lekin Qarshidan ketish qarorini qabul qilish o‘zimga ham juda qiyin bo‘lganini aytishim kerak. Aslida men ko‘p jamoa almashtirmayman. Bungacha asosan «Sho‘rtan» bilan «Nasaf»da o‘ynaganman va «Paxtakor» faoliyatimdagi uchinchi jamoaga aylandi. «Paxtakor» bilan ikki yilga shartnoma imzoladim.

«Hammasi murabbiyning qaroriga bog‘liq»
«Paxtakor»ning kuchli jamoaga aylanganining yana bir sababi shundaki, klubning tarkibi ham kuchli. Shunga yarasha u yerdagi raqobat ham kuchli ko‘rinishga ega. Bunday kuchli raqobatga Umar Eshmurodov qanchalik dosh bera olarkin? Bu ham o‘ziga yarasha jiddiy masala. Futbolchi esa ushbu vaziyatga quyidagicha munosabat bildirdi:

- Biz mashg‘ulotlarda qatnashamiz, o‘zimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz. Kimni maydonga tushirishni esa faqat murabbiy hal qiladi. Bizning ishimiz futbol o‘ynash va shug‘ullanish. Hammasi murabbiyning qaroriga bog‘liq.

«Arveladzening menga ishonayotganini his qildim»
Shuningdek, Eshmurodov «Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze bilan gaplashganini va uning ishonch bildirayotganini his qilayotgani borasida ham to‘xtalib o‘tdi.

- O‘ylashimcha, bosh murabbiy bilan gaplashmasdan turib o‘sha jamoa bilan shartnoma tuzish noto‘g‘ri. Shuning uchun albatta Shota Arveladze bilan gaplashdim. Uning o‘zi ham meni «Paxtakor»da ko‘rishni xohlayotgani uchun taklifni qabul qildim. O‘zaro suhbat jarayonida murabbiyning ishonchini his qildim. Agar bunday bo‘lmasa hammasi befoyda bo‘ladi. Birinchi navbatda avvalo murabbiy xohlashi kerak.

«Yangi jamoaga moslashish menga qiyin bo‘lmaydi»
Yana bir gap: «Paxtakor» klubi oxirgi paytlarda «Nasaf»da o‘zini ko‘rsatgan bir qator futbolchilarni o‘z safiga chorladi. Natijada ular bugungi kunga kelib «Paxtakor»ning yetakchilariga aylanishdi. Umar Eshmurodov ham o‘tgan vaqt davomida «Nasaf»da o‘yinchi sifatida ancha shakllandi va jamoa sardoriga aylandi. Natijada «Paxtakor» unga ham «og‘iz» soldi. «Nasaf»dan «Paxtakor»ga futbolchilarning ko‘chib o‘tayotgani nima bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin? Bu haqida Eshmurodov shunday dedi:

- «Nasaf»ning o‘yin uslubi, jamoa va murabbiy yaxshi bo‘lgani uchun futbolchilar u yerda o‘sishga erishishadi. Qarshida futbol o‘ynash uchun yaxshi sharoit bor. Hamma boshqa klubga borsa o‘ynab ketavermaydi. Ammo «Nasaf»ga o‘tgan futbolchi albatta o‘sishga erisha oladi. «Paxtakor»dagi barcha futbolchilarni esa yaxshi taniyman. Milliy terma jamoada shug‘ullangan paytimda ham o‘yinchilar bilan yaqindan tanishganman. Buning ustiga aksariyat o‘yinchilar bilan «Nasaf»da ham birga to‘p surganmiz. Yangi jamoamga moslashish men uchun qiyin bo‘lmaydi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf" sardorining "Paxtakor"dagi hayoti boshlandi