00:08 / 20.01.2020
3 469

Shahram G‘iyosov milliy jamoadan nega o‘rin olmadi?

Shahram G‘iyosov milliy jamoadan nega o‘rin olmadi?
Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi Olimpiada yo‘llanmasi o‘ynaladigan Osiyo va Okeaniya saralash bosqichida qatnashish uchun Xitoyga jo‘nab ketdi.
Undan oldin esa, tarkibdagi raqobatni hisobga olgan holda, murabbiylar aksariyat vazn toifasi vakillari o‘rtasida sparring janglar o‘tkazishdi.

Shahram G‘iyosov VS Bobo Usmon Baturov
Xususan, 69 kg. vazn toifasidagi da’vogarni aniqlab olish uchun nomzodlar – Rio-2016 kumush medali sohibi Shahram G‘iyosov va JCH-2019 bronza medali sohibi Bobo Usmon Baturov o‘rtasida uch raundlik jang o‘tkazildi.

Yopiq eshiklar ostida, faqat bokschi va murabbiylar ishtirokida o‘tgan jang yakunida qaysidir bokschining qo‘li baland ko‘tarilmagan bo‘lsa-da, murabbiylar shtabi Bobo Usmonning Shahramni mag‘lub etgani va g‘olib sifatida Xitoyga u borishini o‘zlari uchun belgilab olishgan.

Shahram G‘iyosov: «Uch raundda ham men g‘alaba qozondim»

G‘iyosovning professional boksdagi g‘alabali seriyasi o‘nta jangga yaqinlashdi (10-0, 7 KO)
Foto: Twitter / @MatchroomBoxing

Ammo ko‘p o‘tmay, Shahram G‘iyosov sports.uz saytida bergan intervyusida aslida u g‘alaba qozonganini, ammo litsenzion turnirga Bobo Usmon Baturov yo‘l olayotganini ta’kidlagan.

«Jangda har uch raundda ham g‘alabaga erishdim. Buni (bosh murabbiy) Marat aka ham aytdi. Lekin rahbar chaqirib, yoshlarga yo‘l berishimiz kerakligini, professional boksga ancha moslashib ketganligimni aytdi. «Yaxshisi ushbu yo‘nalishda o‘zingni ko‘rsatib, bayrog‘imizni yuksaklarga ko‘targin, kelganing uchun rahmat, yoshlarga imkon beraylik, xafa bo‘lmaysan», – dedi.

O‘zbekiston sharafini himoya qilishga doim tayyorman. Nasib qilsa, professional boksda ulkan zafarlar quchib, barchani xursand qilaman, degan umiddaman
» – degan Shahram G‘iyosov.

Bobo Usmon Baturov: «Hammaning o‘z fikri bor. Ammo jangda men yutdim»
Shahram G‘iyosovning fikridan keyin Kun.uz ikkinchi tomonning ham fikrini bilish maqsadida Bobo Usmon Baturov bilan bog‘lanib, uning fikrlariga quloq tutdi.

Baturov Yekaterinburgdagi JCHda bronza medalini qo‘lga kiritgandi
«Hammaning o‘z fikri bor. Uning fikrlariga qiziqqanim yo‘q. Oldimda muhim musobaqa turibdi, bor xayolim turnirda. O‘sha jangimizda men yutdim. Istasangiz, buni o‘sha ring atrofida jangni tomosha qilgan milliy jamoa sportchilaridan, murabbiylaridan so‘rab bilishingiz mumkin» – deya javob berdi Bobo Usmon Baturov.

Murabbiy nima deydi?
Har ikki bokschilarimizning qarama-qarshi fikrlaridan keyin biz boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi murabbiyi To‘lqin Qilichev bilan suhbatlashib, shu va boshqa savollar bilan murojaat etdik.

– Eng nufuzli musobaqa Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi turnirga tayyorgarlik ishlarini xuddi Rio-2016 Olimpiadasiga qanday tayyorgarlik olib borgan bo‘lsak, deyarli shu reja asosida olib bordik. Murabbiylar shtabi va rahbariyatimiz bilan maslahatlashib, musobaqaga jiddiy tayyorgarlik bilan ikki hafta oldin Xitoyga yo‘l olyapmiz.

Bundan eng asosiy maqsad – bokschilarimizning turnir o‘tadigan shahar muhitiga o‘rganib olishlari nazarda tutilgan. Qolaversa, mezbon shaharda yuqori tayyorgarlik ko‘rish uchun har bir vazndagi bokschilarimizga ikkitadan sparring raqib olib boryapmiz. Bu bokschilarimiz ham turnirda Olimpiada yo‘llanmasi uchun kurash olib boruvchi 7 nafar charmqo‘lqop ustalarimizga yordam berishadi.

Tarkib tayyor, faqat 75 kg.lik vaznda Bektemir Meliqo‘ziyev Xitoyda emas, Parijdagi jahon saralash bosqichida ishtirok etishi rejalashtirgan.

– Xitoydagi turnirda o‘zbekistonlik bokschilar uchun asosiy raqib sifatida qaysi mamlakat bokschilarini ko‘ryapsiz?
– Biz raqiblarni ham imkon qadar o‘rgandik. Fikrimcha, Qozog‘iston va Hindiston bokschilari bizga eng asosiy raqiblar bo‘lishadi. Yengil vaznlarda esa Xitoy va Mug‘uliston milliy jamoasi a’zolari ham ancha kuchli sanaladi. Ulardan ham har qanday xavf kutsa bo‘ladi.

– Tarkibda yo‘qotish yo‘qmi?
– Yo‘q, jangovar tarkib bilan boryapmiz. Mashg‘ulotlarda, janglarda o‘zini eng kuchli jihatlarini namoyon qilgan yigitlar borishmoqda.

– 69 kg. vazn toifasida Shahram G‘iyosov va Bobo Usmon Baturov o‘rtasida o‘tkazilgan sparring jangi yakunda munozaralarga sabab bo‘ldi. Bu masala borasida qanday qarorga kelindi?
– Ha, o‘sha jangda Bobo Usmon g‘alaba qozondi. U endi Xitoyda Olimpiada yo‘llanmasi uchun ringda kurashadi.

– Shahram G‘iyosov kengaytirilgan tarkibda qoladimi?
– Yo‘q, Shahram Xitoyga bormayapti. Olimpiada yo‘llanmasi uchun 69 kg vaznda Bobo Usmon kurashadi. Shahram ko‘proq professional boksda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib, bayrog‘imizni ko‘tarib, ko‘proq foydasi tegadi. Sababi G‘iyosov ham Isroil Madrimovga o‘xshab, profi boksda o‘z o‘rniga ega bo‘lib ulgurdi.

Xitoydagi saralash turnirida 8ta vazn toifasidan 7tasida O‘zbekiston vakillari qatnashadi.
Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Xulosa
Bokschilar va murabbiyning fikrini bilgach, Kun.uz jangni tomosha qilgan manbalari orqali aniqladiki, chindan ham Bobo Usmon Baturov o‘zaro jangda Shahramdan ustunlik qilgan va murabbiylar shtabi qaroriga ko‘ra, haqli tarzda Xitoydagi turnirga olib borilgan.

Albatta, yoshlar va kattalar o‘rtasida jahon chempioni, Olimpiada kumush medali sohibi Shahram G‘iyosovning o‘zbek boksidagi yutuqlari e’tirofga loyiq. U prof-ringdagi 9ta jangidan barchasida g‘alaba qozongani, 7tasida raqiblarini muddatidan oldin taslim etganidan kelib chiqib, professional boksda ham O‘zbekistonni dunyoga tanitishda davom etadi, deb ishonib qolamiz.

Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi va JCH bronza medali egasi Bobo Usmon Baturovga esa oldindagi mas’uliyatli musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashib, Olimpiadaga yo‘llanma olishi va Tokiodan medal bilan qaytishini tilab qolamiz. Xulosa o‘rnida esa, o‘zbek boksida shunday raqobatning borligi ijobiy holat ekanini ta’kidlamoqchimiz.

Usmon Ibodov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shahram G‘iyosov milliy jamoadan nega o‘rin olmadi?