12:05 / 10.02.2020
3 195

16,75 million yevrolik jamoa. Osiyo sari yurishini boshlayotgan «Paxtakor» qay daraja o‘zgardi?

16,75 million yevrolik jamoa. Osiyo sari yurishini boshlayotgan «Paxtakor» qay daraja o‘zgardi?
Yangi haftaning dastlabki kunidan boshlab O‘zbekistonning amaldagi chempioni Toshkentning «Paxtakor» klubi uchun yangi mavsumga start beriladi. 2020 yilda xalqaro maydonda O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan Shota Arveladze boshqaruvidagi jamoa Osiyo chempionlar ligasi dastlabki turi doirasida maydonga tushadi. OCHLda ham jiddiy natijalarni ko‘zlayotgan «sherlar» yangi mavsum oldidan maqsadga yarasha kuchaya olishdimi?

O‘tgan mavsumda ichki turnirlarning uchalasida ham uchta kubokni boshi uzra ko‘targan Arveladze shogirdlari O‘zbekistonning tengsiz klubiga aylanishdi. Dragan Cheran mavsum davomida chempionatda 23ta golga mualliflik qilib, yakunda Superliganing eng yaxshi futbolchisiga aylandi, Jaloliddin Masharipov esa eng yaxshi assistent bo‘ldi. Jamoa tarkibining juda kuchli ekanligiga qaramay, amaldagi chempion o‘z safini yanada kuchaytirishga erishdi.

Jamoani kimlar tark etdi va bu kuchsizlanishmi?
2019 yilgi mavsum oldidan Shota Arveladze aksariyat futbolchilar bilan xayrlashdi. Ammo, bu bilan jamoa tarkibi kuchsizlandi, deya nolishga asos yo‘q.
Aytaylik, gruziyalik murabbiy 2019 yilgi mavsum oldidan «Paxtakor»ning asosiy to‘purari Tiago Bazerrani o‘z safida saqlab qololmay, Qatar klubiga qo‘yib yuborishga majbur bo‘lgandi, bu yil esa o‘ziga kerak bo‘lmagan futbolchilar bilangina xayrlashdi.

Jumladan, jamoaning asosiy tarkibiga o‘rnasha olmagan hujumchi Marat Bikmayev bilan shartnoma uzaytirilmadi va 34 yoshli forvard «Lokomotiv» safiga qaytdi.

Shuningdek, jamoa safida ikki mavsumdan buyon to‘p surib kelayotgan, ammo aksariyat bahslarda zaxirada qolgan yana bir «faxriy» 34 yoshli chernogoriyalik himoyachi Marko Simich bilan ham o‘zaro hamkorlik davom ettirilmadi. Jamoadagi katta maosh oladigan legioner himoyachining klubni tark etishi Toshkent klubiga yaxshigina mablag‘ni tejash imkoniyatini ham beradi.

Yarimhimoyachilar orasidan Husniddin G‘ofurov ham jamoa bilan xayrlashdi. Biroq, zaxiradagi futbolchi bilan xayrlashuvni ham kuchsizlanish deb bo‘lmaydi. Demakki, Arveladze bu safar o‘zi istagan futbolchilar bilan xayrlashgan, deya xulosa qilsak bo‘ladi.

Qanday transferlar amalga oshirildi?
Yodingizda bo‘lsa, «Paxtakor» 2019 yil boshida o‘z safiga 8 nafar futbolchi – Sanjar Quvvatov, Akrom Komilov, Sardor Sobirxo‘jayev, Dostonbek Hamdamov, Odil Hamrobekov, Sadriddin Abdullayev, Marat Bikmayev, Javohir Siddiqovlarni o‘z safiga qo‘shib olgandi. Ulardan faqatgina yarimhimoyachilar - Hamdamov, Hamrobekov va Sobirxo‘jayev asosiy tarkibga o‘rnasha oldi, deyish mumkin.

2020 yilda esa Arveladze uchun tarkibni qayta tuzish hojati yo‘q edi va u buni yaxshi anglagan holda faqatgina chiziqlardagi raqobatni kuchaytirishga e’tibor qaratdi, xolos. Xususan, himoya chizig‘idagi Hojiakbar Alijonov, Sherzod A’zamov, Farrux Sayfiyev, Yegor Krimes, Akram Komilov, Vladimir Kozak, Alisher Salimov singari futbolchilar qatoriga «Nasaf» sardori Umar Eshmurodov va «Lokomotiv» yetakchisi Anzur Ismoilov ham qo‘shib olindi. Bu markaziy himoyachilar Simichning o‘rnini bilintirmay, jamoaning himoya qo‘rg‘onida jiddiy raqobat yuzaga kelishini ta’minlashi aniq.

Shuningdek, yarimhimoyaga o‘tgan mavsumda «Surxon» va O‘zbekiston milliy jamoasi safida maydonga tushgan 21 yoshli Abror Ismoilov taklif etildi. Qolaversa, ijarada bo‘lgan Asad Sobirjonov («Buxoro»), Jasur Yaxshiboyev (OKMK), Doston Ibrohimov («Qizilqum») kabi yarimhimoyachilar ham hozircha «Paxtakor» safiga qaytarildi.

Shov-shuvli transfer
Hech shubhasizki, «Paxtakor»ning yangi mavsum oldidan amalga oshirgan eng shov-shuvli transferi Erin Derdiyo‘qning O‘zbekistonga taklif etilishi bo‘ldi. Shveysariya milliy jamoasi hamda Germaniyaning «Bayer» klubi safida to‘p surib nom qozongan turk millatiga mansub hujumkor yarimhimoyachi «Paxtakor»ga ko‘proq xalqaro maydonda yordam berish uchun chaqirilgani aniq. Bungacha Turkiyaning «Galatasaroy» va «Go‘ztepe» klublarida to‘p surgan Derdiyo‘qning yillik maoshi qariyb 2 million yevroni tashkil etgan. Bunday katta maoshli legionerlar katta o‘yinlarda o‘z so‘zlarini aytishlari talab etiladi.
Tarkib borasida umumiy xulosa qiladigan bo‘lsak, Shota Arveladze har bir chiziqda kamida ikkita tengkuchli raqobatchiga ega bo‘ldi.

Tayyorgarlik qanday o‘tdi?
«Paxtakor» yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun dastlab Toshkentda to‘plangan bo‘lsa, ikkinchi bosqich yig‘ini BAAning Abu-Dabi shahrida o‘tkazildi. 15-30 yanvar kunlari o‘tgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida Toshkent klubi uchta bellashuvda maydonga tushdi. 20 yanvar kuni Rossiyaning «Rostov» klubi bilan durang (1:1) o‘ynalgan bo‘lsa, 24 yanvarda Slovakiyaning «Jilina» jamoasiga qarshi o‘yin ham murosa (0:0) bilan tugadi. Yig‘indagi so‘nggi bahsda esa 29 yanvar kuni Janubiy Koreyaning «Suvon Samsung» jamoasi mag‘lub etildi (1:0).

16,75 million yevrolik jamoa
«Transfermarkt»ga ko‘ra, «Paxtakor»ning bu yilgi tarkibi transfer bahosi 16,75 million yevroni tashkil etadi. Toshkent klubi bu borada OCHL-2020 turniridagi eng qimmatbaho jamoalar reytingida guruh bosqichidagi 32 jamoa orasida 19-o‘rinni egallab turibdi.

Erin Derdiyo‘q singari mashhur futbolchi kelganiga qaramay, Jaloliddin Masharipov «Paxtakor»ning eng qimmatbaho futbolchisiga aylangan. Milliy jamoamizning 26 yoshli a’zosining transfer bahosi 1,8 million yevroni tashkil etadi. Shuningdek, Igor Sergeyev (1,6 mln yevro), Dragan Cheran (1,2 mln yevro), Farrux Sayfiyev (900 ming yevro), Dostonbek Hamdamovlar (900 ming yevro) keyingi o‘rinlardan joy olishgan.

«Paxtakor»ning bugungi raqibi - Aziz G‘aniyev faoliyat boshlagan BAAning «Shabob Al-Ahli» klubi esa OCHLning eng qimmatbaho jamoalari orasida 14-o‘rinda turibdi. Dubayliklarning umumiy transfer bahosi 18,3 million yevroni tashkil etadi.

Tarkib qanday ko‘rinish oladi?
2020 yilgi mavsum oldidan Arveladze har bir chiziqda kamida ikki nafardan deyarli tengkuchli raqobat paydo qila oldi. Shunday ekan, mavsumdagi ilk rasmiy o‘yinda Shota Arveladzening qanday tarkibni tanlashi barcha uchun qiziq. Gruziyalik mutaxassis oldida ham yoqimli «boshog‘riq» paydo bo‘lgan bo‘lsa, ajabmas.

«Paxtakor»ning taxminiy tarkibi va chiziqlardagi raqobat:

OCHL. 1-tur. «V» guruhi
10 fevral (dushanba)
«Paxtakor» - «Shabob Al-Ahli» (BAA)
Bosh hakam: Adham Muhammad (Iordaniya)
Ctadion: Toshkent, «Paxtakor»
O‘yin boshlanish vaqti: 16:00
TV-translyatsiya: «Cport»

Usmon Ibodov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » 16,75 million yevrolik jamoa. Osiyo sari yurishini boshlayotgan «Paxtakor» qay daraja o‘zgardi?