21:23 / 18.02.2020
2 800

O‘yindan tashqari holatda qolganlar yoxud jamoasiz yurgan futbolchilar haqida

O‘yindan tashqari holatda qolganlar yoxud jamoasiz yurgan futbolchilar haqida
So‘nggi yillarda aksariyat futbolchilar haddan ziyod jamoasini o‘zgartirib, faoliyatida burilish yasashga qaror qilib kelayotgani sir emas.
Mamlakatimizda murabbiylar oxirgi mavsumlarda nisbatan yosh futbolchilarga ishona boshlagach, bir vaqtlar umidli o‘yinchi sifatida qaralgan futbolchilar bugungi kunda qo‘pol bo‘lsada, hech kimga kerak bo‘lmay qolmoqda. 2019 yilni Superligada o‘tkazgan bir qator futbolchilar qishki o‘quv-yig‘in chog‘ida o‘zlariga yangi jamoa topa olmay, xunob bo‘lishayotgani ayni xaqiqatdir. Quyidagi maqolamiz orqali hozirda jamoasiz yurgan futbolchilar haqida so‘z yuritamiz.

Ibrohim Otaxonov – “Andijon”
Futbolchilik faoliyatining asosiy qismini “Andijon” jamoasiga bag‘ishlagan Ibrohim Otaxonov aftidan butsalarini mixga ilgan ko‘rinadi. Sababi bu yil 35 yoshini qarshi oladigan andijonlik yarim himoyachi hozirda hech bir jamoada ko‘rinish berayotgani yo‘q. Otaxonov o‘tgan yili Superligada atiga 1ta uchrashuvda 32 daqiqa xarakat qilgan xolos. “Burgutlar”ning Farg‘onada “Paxtakor”ga qarshi kechgan bahsida Ibrohim Otaxonov 59-daqiqada zaxiradan maydonga tushgani bilan esda qoldi xolos. Boshqa uchrashuvlarda aytarli imkon berilmadi. Balki futbolchi shuning uchun ham yoshlarga joy bo‘shatishni ma’qul deb bilgandir. Agarda shunday qarorga kelingan bo‘lsa, “Andijon” jamoasi o‘zining sadoqatli futbolchisi uchun xayrlashuv marosimini tashkil etib bersa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Sababi Otaxonov har qanday sharoitda “Andijon” uchun astoydil mexnat qilganini unutmaslik kerak.

Jalil Kimsanov – “Andijon”
Qo‘qonlik futbolchi ham hozircha o‘zbek klublarida ko‘rinish berayotgani yo‘q. Jismonan baquvvat bo‘lgan Kimsanov o‘tgan yili Tojikistonning “Istiqlol” klubidan yozda “Andijon”ga ko‘chib o‘tgandi. O‘ng qanot himoya chizig‘ida shijoat bilan xarakat qiladigan 34 yoshli futbolchi “burgutlar” safida avvaliga boshlang‘ich tarkibdan o‘rin egallab kelayotgandi. Ammo AGMK bilan o‘yindan so‘ng bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov Jalilni zaxiraga “mixlab” qo‘ydi. Shundan keyin mahalliy futbolchi Xushnud Avilov ochila boshladi va chempionat so‘nggi turiga qadar o‘ng qanotni hech kimga bermasdan keldi. Andijonliklar bilan mavsum so‘nggiga qadar shartnoma imzolagan Kimsanov chempionat yakuniga yetgach, jamoaga qaytmadi. Tajribali himoyachi balki keyingi faoliyatini PRO-Liganing boshqa bir klubida davom ettirar. Buni albatta vaqt ko‘rsatadi.

Ro‘zimboy Ahmedov – “Andijon”
Futbolchilik faoliyatining katta qismini asosan vodiyda o‘tkazgan xorazmlik hujumchi uchun ham 2019 yilgi mavsum so‘nggisi bo‘lib qoladigan ko‘rinadi. O‘tgan mavsum “Andijon” sharafini himoya qilgan, Ro‘zimboy Ahmedovning statistikasi chakki ko‘rinish olmagandi. 23ta o‘yin (1651 daqiqa), 4ta gol va 2ta gol+pas. Ushbu futbolchining ham “burgutlar” bilan tuzgan shartnomasi yakuniga yetgach, boshqa jamoa tarkibida uchratmadik. Xademay mamlakatimizda Superliga o‘yinlari boshlanishini inobatga olib aytadigan bo‘lsak, bizningcha Superliganing hech bir klubi Ro‘zimboy Ahmedovning xizmatiga extiyoj sezayotgani yo‘q. Tan olish kerak, 33 yoshli futbolchi o‘tgan yili ham “Andijon” tarkibida birinchi raqamli hujumchiga aylana olmadi. Murabbiylar asosan iqtidorli hujumchi Shahzod Ubaydullayevga ishonch bildirdi.

Ildar Mamatkazin – “Andijon”
So‘nggi ikki yilni “Andijon”da o‘tkazgan Ildar Mamatkazin ko‘p o‘yinlarda jamoasini maydonga sardor sifatida boshlab tushdi. Shunga qaramay, Aleksandr Xomyakov bu yil uning xizmatiga muxtojlik ko‘rmadi. Aksincha uning o‘rnida boshqa legionerlardan foydalanishni lozim topmoqda. 32 yoshli markaziy himoyachiga hozircha Superliganing hech bir klubi jiddiy qiziqayotgani yo‘q. Yaqinda Farg‘onada o‘tkazilgan “Hokim Kubogi” turnirida Ildar “O‘zTongXongKo” (Andijon shahridagi zavod jamoasi) sharafini himoya qildi. Aytishlaricha Ildar Mamatkazin yaqin orada xorijga jo‘nab ketishi mumkin.

Xurshid Xodjayev – “Buxoro”
Ushbu darvozabonni so‘nggi yillarda jaroxat qiynab kelayotgani xaqiqatdir. Bugungi kunda Superliga klublari uchun darvozabon muammosi ko‘ndalang turgan bir paytda Xodjayev aynan jaroxat sabab maydon tashqarisida qolib ketmoqda. O‘tgan yili “Buxoro” tarkibida 8ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z darvozasidan 14ta gol o‘tkazib yuborgan Xurshid Xodjayev ko‘p vaqtini asosan zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi deyish mumkin. Qishki o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘zi tug‘ilib o‘sgan Qo‘qon shahri jamoasida o‘tkazgan 32 yoshli darvozabon oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan, “shunqorlar” lagerini tark etishga majbur bo‘ldi. Shundan keyin Xodjayevni boshqa klublar taklif etgani yo‘q.

Zafar To‘rayev – “Qo‘qon-1912”
O‘z vaqtida “Mash’al”da sermahsullik ko‘rsatib, ko‘pchilikni e’tiborini tortgan Zafar To‘rayev o‘tgan yili dastlab “Navbahor”da keyinchalik “Qo‘qon-1912” jamoasida o‘ynadi. “Lochinlar” tarkibida atiga 3ta o‘yinda (65 daqiqa) maydonga tushgan To‘rayev bosh murabbiy Andrey Kanchelskis bilan chiqisha olmadi. Zafarni Namanganda murabbiylar shtabining qaroriga ko‘ra, yoshlar jamoasiga o‘tkazib yuborgach, davralar oralig‘ida “Qo‘qon-1912” klubiga o‘tishga qaror qildi. Ammo u yerda ham Gattuzo 3ta o‘yinda (35 daqiqa) ishtirok etdi xolos. Shuning uchun ham qo‘qonliklarning yangi bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov ushbu hujumchini bu yil jamoada olib qolishni istamadi. Shundan so‘ng To‘rayevni boshqa jamoa tarkibida shug‘ullanib yurganini ko‘rmadik. Balki 30 yoshli futbolchi ham PRO-Liga klubiga borib qo‘shilar.

Alisher Samatov – “Qo‘qon-1912”
Alisher Samatovning ham o‘tgan yilgi taqdiri To‘rayevnikiga o‘xshashib ketadi. Farqi Samatov ikkinchi davrada “Qo‘qon-1912” safiga PRO-Liga klubi “Oq-Tepa” jamoasidan kelgandi. E’tiborlisi Alisher qo‘qonliklar tarkibida Superliga bahslarida umuman maydonga tushmagan. Nahotki murabbiylar shtabi o‘sha vaqtda noto‘g‘ri tanlov qilgan bo‘lsa?! 2014-2015 yillarda “Navbahor”da aynan Baxtiyor Ashurmatov qo‘li ostida to‘p surgan Alisher Samatov yaqinda aynan ushbu murabbiyning qaroriga ko‘ra, qo‘qonliklar safini tark etishga majbur bo‘ldi. Aytishlaricha Samatovda mikro jaroxat mavjud bo‘lgan. Shundan so‘ng angrenlik himoyachi hech bir klub tarkibida ko‘rinish bergani yo‘q. Extimol u yana PRO-Liga klubida faoliyatini davom ettirar.

Temur Hakimov – “Qo‘qon-1912”
O‘tgan yili No‘’mon Hasanovning ishonchi tufayli yana katta futbolga qaytib olgan Temur Hakimov joriy mavsum Superliga klublarida ko‘rinish berayotgani yo‘q. O‘z vaqtida ushbu futbolchi muxlislar va mutaxassislar tomonidan kelajagi porloq sifatida e’tirof etilgandi. Ammo katta futbolga o‘tish davrida keskin pasayishga duch keldi. Haqimov qo‘qonliklar bilan xayrlashgach, hozircha hech qaysi jamoa tarkibiga borib qo‘shilgani yo‘q. Temurning o‘tgan yilgi chempionatdagi statistikasi quyidagicha bo‘lgnadi: 11ta o‘yin (342 daqiqa), 3ta gol+pas, 1ta sariq kartochka.

Shahboz Erkinov - “Qo‘qon-1912”
O‘tgan yili “Qo‘qon-1912” sharafini himoya qilib, bu yil hech bir jamoada ko‘nim topmayotgan futbolchilar ro‘yxatini Shahboz Erkinov bilan davom ettiramiz. 2019 yilgi Superligada 24ta o‘yinda ishtirok etib, o‘z aktiviga 6ta gol yozdirib qo‘yishga erishgan Erkinovni bu yil hech bir jamoa o‘z safida ko‘rishni istmayapti. Aks xolda hozir Shahboz o‘ziga jamoa topgan bo‘lardi. Qo‘qonliklar bilan xayrlashgach, tajribali hujumchi ma’lum muddat “Navbahor” mashg‘ulotlarida ham ishtirok etgandi. Biroq keyinchalik “Lochinlar” bilan ham xayrlashgan ko‘rinadi.

Eldor Boymatov – “Surxon”
Surxondaryolik futbolchining faoliyatida ham so‘nggi yillarda sezilarli pasayish yuzaga kelmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 2019 yilgi mavsumni avvaliga “Qizilqum”da boshlagan Boymatov davralar oralig‘ida “Surxon”ga ko‘chib o‘tdi. Ammo u yerda ham ko‘p vaqtini zaxirada o‘tkazdi. Bu yil murabbiylar shtabi Eldor bilan xayrlashishga qaror qildi. Shundan so‘ng 30 yoshli futbolchi Tojikistonning “Istiqlol” klubida ko‘rikda bo‘lib qaytdi. Hozirda esa markaziy yarim himoyachini hech qaysi klubda ko‘rmayapmiz.

Sherzod Hakimov – “Navbahor”
Farg‘onalik to‘purar hujumchi ham bu yil hech bir klubga kerak bo‘lmay qoldi. 33 yoshli futbolchi o‘tgan mavsumni ikkita jamoada o‘tkazdi. Mavsumni “Surxon”da boshlagan Hakimov davralar oralig‘ida bosh murabbiy o‘zgargach, “Navbahor”ga o‘tgandi. Ammo namanganliklar tarkibida ham Sherzod ko‘p uchrashuv o‘tkazmadi. Tajribali hujumchi “Surxon”da 12ta o‘yinda maydonga tushib, 3ta golga mualliflik qilgan bo‘lsa, ikkinchi davrada “Lochinlar” tarkibida 6ta bahsda ishtirok etdi xolos.

Azamat Allaniyozov – “Surxon”
Qoraqalpog‘istonlik hujumchi Azamat Allaniyazov “Nasaf”dan ketgach, hech bir jamoa safida barqaror o‘ynab keta olmayapti. Xususan 30 yoshli hujumchi o‘tgan yili “Surxon”da atiga 9ta uchrashuvda (114 daqiqa) o‘ynadi xolos. Shuning uchun ham murabbiylar shtabi bu yil Allaniyazovni xizmatidan foydalanishni istamadi. Hozirda Azamat jamoasiz yuribdi.

Suhrob Ne’matov - “Surxon”
O‘tgan mavsumni “Surxon”da o‘tkazib hozirda jamoasiz yurganlar qatoriga Suhrob Ne’matovni ham qo‘shish mumkin. Markaziy yarim himoyachi 2017 yili “Buxoro” bilan xayrlashgach, faoliyatida pasayish yuzaga keldi. “Surxon”da ham yorqin o‘yinlarini namoyish eta olmadi. Standart vaziyatlarni ko‘pincha samarali yakunlaydigan Ne’matov bu yil qadrdon jamoasi “Buxoro”ga qaytish istagida yurgandi. Ammo Muhsin Muhammadiyev ma’lum vaqt o‘tgach, Suhrobga javob berib yubordi. Hozirda 34 yoshli futbolchi uyida taklif bo‘lishini kutib o‘tiribdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘yindan tashqari holatda qolganlar yoxud jamoasiz yurgan futbolchilar haqida